» » Messi Levandovskiga qarshi. Barchasi “Barselona” — “Bavariya” o‘yini haqida

Messi Levandovskiga qarshi. Barchasi “Barselona” — “Bavariya” o‘yini haqida


“Barselona” 14-avgust, juma oqshomida Chempionlar Ligasi 1/4 final bosqichi doirasida “Bavariya” bilan o‘zaro kuch sinashadi. Uchrashuv Lissabondagi “Estadio da Lush” stadionida bo‘lib o‘tadi.

Chorak finalning markaziy o‘yinida futbol muxlislari Ispaniyaning amaldagi vitse-chempioni va Germaniya chempioni to‘qnashuviga guvoh bo‘ladi. Agar avvalgi mavsumlarda ikkala tomon ham dahshatlilar qatoriga kiritilgan bo‘lsa, bu yil ular ichida bu ta’rifga loyig‘i deb “Bavariya”ni ko‘rsatish mumkin. Qizig‘i, mavsum davomida ikkala jamoada ham murabbiy o‘zgardi. Ammo natijalar turlicha: Hans Flik Myunxeni (yana) yengilmas mashinaga aylantirdi va qo‘lga kiritish mumkin bo‘lgan barcha sovrinlarni yutdi. Jamoa hozirda jangovar holatda va g‘alabaga chanqoq bo‘lib turibdi. Kike Setyen esa hamon qayerga kelib qolganini oxirigacha tushungani yo‘q. Chempionlik “Real”ga boy berildi, ichki ziddiyatlar yuzaga kela boshladi, Messi arazladi va hokazo. To‘g‘ri, “Napoli” to‘sig‘idan o‘tilgach jamoaning o‘ziga bo‘lgan ishonchi biroz bo‘lsa-da qaytdi, lekin bu “Bavariya”dek “vahshiy” jamoani mag‘lub etish uchun yetarli bo‘larmikan? Shunday ekan kataloniyaliklarning bor umidi Messidan.

“Barselona”

1/8 final bosqichida jamoa “Napoli”ni mag‘lub etdi (1:1, 3:1). Shu tariqa “Barselona” ketma-ket 13-marta Chempionlar Ligasi chorak finaliga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi (boshqa hech bir jamoa ketma-ket 8-martadan ko‘proq bunday natijaga erishmagan). XXI asrda “Barselona” Germaniya vakillari bilan (Chempionlar Ligasida) 28 ta o‘yin o‘tkazib, atigi 4-marta yutqazgan (19 g‘alaba, 5 durang). Shu bilan birga, 4 ta mag‘lubiyatdan 3 tasi aynan “Bavariya”dan qabul qilingan.

Chempionlar Ligasida kataloniyaliklarning mag‘lubiyatsiz seriyasi sakkizta o‘yinga yetdi — besh g‘alaba va uch durang. Ushbu uchrashuvlarning hech birida “Barsa” bittadan ko‘p gol o‘tkazib yubormagan.

“Bavariya”

“Bavariya” o‘tgan bosqichda “Chelsi”ni 4:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Bu jamoaning ketma-ket 18-g‘alabasi bo‘ldi. Qayd etish joiz, “Bavariya” qatorasiga 27 uchrashuvdan beri yutqazmayapti (1 ta durang). 27 ta o‘yinning 18 tasida “Bavariya” raqiblar darvozasiga ikkitadan ko‘p to‘p kiritgan. Chempionlar Ligasidagi sakkiz o‘yinda umumiy hisob 31:6 teng. Myunxenliklar ushbu sakkiz uchrashuvning birortasida ikkitadan kam gol urmagan.

Ikkala jamoa o‘rtasidagi jami to‘qnashuvlar statistikasi

Jamoalar shu paytgacha 11 marta o‘zaro to‘qnash kelgan. Ikki bor “Barselona”ning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, 7-marta “Bavariya” g‘alaba qozongan. Yana ikkita o‘yinda esa tomonlar murosa yo‘lini tanlagan.

Jamoalarning oldingi uchta o‘yinida g‘alaba qozongan jamoa yakunda musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritgan.

11 o‘yindagi o‘rtacha samaradorlik ko‘rsatkichi 3,2 ga teng. “Barselona” har bir o‘yinda o‘rtacha 1,4 ta, “Bavariya” esa 1,8 ta gol urgan.

Taxminiy tarkiblar:

“Barselona”: Mark-Andre ter Stegen — Nelson Semedu, Jerar Pike, Kleman Langle, Xordi Alba — Frenki de Yong, Serxio Buskets, Arturo Vidal — Lionel Messi, Luis Suares, Antuan Grizmann.

“Bavariya”: Manuel Noyer — Alfonso Devis, David Alaba, Jerom Boateng, Yozua Kimmix — Tiago Alkantara, Leon Goretska — Serj Gnabri, Ivan Perishich, Tomas Myuller — Robert Levandovski.

O‘yin oldidan murabbiylar qanday fikrda?

Tashvishlantirishi mumkin bo‘lgan ko‘p jihatlar bor. “Bavariya” juda yaxshi jamoa. Ularda pressing va himoya to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan. Ko‘ramiz, “Bavariya”ga qanday muammo tug‘dira olarkanmiz. Ishonchim komilki, jamoalarning hech biri total ustunlikka ega bo‘lmaydi. Yarim finalga o‘z imkoniyatlaridan yaxshiroq foydalangan jamoa yo‘l oladi.

Kike Setyen “Barselona” bosh murabbiyi

Levandovski va Messini taqqoslash noto‘g‘ri. Levandovski — jahon darajasidagi markaziy hujumchi. U vaziyatlardan qoyilmaqom tarzda foydalanadi va o‘zi ham vaziyatlar yaratib gol uradi. Messi esa so‘nggi yillarda yaqqol ustunlikka ega bo‘lgan dunyoning eng yaxshi futbolchisi. U yuqori darajadagi o‘yinchi. Qachondir yana shunday futbolchi tug‘iladimi, yo‘qmi bilmayman. Biz Messini qanday to‘xtatish haqida o‘ylab qo‘yganmiz, ammo buni oshkor qilmayman. Asosiysi unga qarshi jamoa bo‘lib o‘ynash. Aql bilan o‘ynab, unga bosim o‘tkazishga harakat qilish kerak.

Hans Flik “Bavariya” ustozi

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (14-08-2020, 22:56)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 98) ( 0) ( 96) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют