» » “Kiprigidan tortib tuxum po‘chog‘igacha daromad keltiradi” – chustlik tuyaqush boquvchi tadbirkor bilan suhbat

“Kiprigidan tortib tuxum po‘chog‘igacha daromad keltiradi” – chustlik tuyaqush boquvchi tadbirkor bilan suhbat


Oxirgi yillarda O‘zbekistonda tuyaqush biznesi bilan shug‘ullanuvchilar safi tobora kengayib, ushbu soha yanada rivojlanmoqda. Namangan viloyatining Chust tumanidagi “Tepaqo‘rg‘on” mahallasida yashovchi Shavkat G‘oyibnazarov ham bu borada o‘ziga xos muvaffaqiyatlarga erishgan ishbilarmonlardan. “Daryo” muxbiri viloyatga qilgan safari davomida tuyaqushlarni uy sharoitida boqish va ko‘paytirishni yo‘lga qo‘ygan Straus farm Chust MChJ faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

- Parrandalar ichidan nega aynan tuyaqushni tanlab, tadbirkorlik faoliyatingizni boshlashga qaror qildingiz?

- Internet orqali tuyaqushdan yaxshi daromad topish mumkinligi haqida ma’lumotga ega bo‘lgach, menda unga nisbatan ishtiyoq uyg‘ondi. Ushbu parranda turining tez ko‘payishi, tez katta bo‘lishi, sifatli teri, go‘sht va tuxum berishi meni yanada qiziqtirdi. Bundan tashqari, uning kiprigi, tirnog‘i, tuxumi, hatto tuxum po‘chog‘i ham daromad keltirarkan.

2017-yili Rishton tumanidagi Straus farm O‘zbekiston—Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasidan 36 bosh tuyaqush jo‘jalarini olib keldim. Bir necha oy mobaynida tuyaqush boqish qo‘limdan kelishiga va shu ishni davom ettirishim mumkinligiga ishonch hosil qildim. So‘ngra Chirchiq shahridagi fermadan 21 bosh tuyaqush sotib oldim. Hozirda yigirmadan ziyod ona tuyaqush va oltmishga yaqin jo‘jalarni parvarish qilyapmiz.

- Tuyaqushni juda ham nozik jonivor, deyishadi. Uni parvarishlash ancha mashaqqatli bo‘lsa kerak...

- Parrandalar ichida eng baquvvatini tuyaqush, deyish mumkin. Kasalliklarga o‘ta chidamli va immuniteti juda yuqori bo‘ladi. Uni parvarishlashda ziyrak bo‘lish lozim. Jo‘jalari to‘rt oylik bo‘lguniga qadar o‘stirish murakkab. Shu davr ichida nobud bo‘lish ehtimoli katta.

Tuyaqushlarga hech qanday vaksina, antibiotik ishlatmaymiz. Jo‘ja vaqtida yosh organizm deb, ozroq shamollashining oldi olinadi, vitaminlar beriladi. Lekin bu dori sifatida emas. Uning ko‘rinishi bahaybat bo‘lgani bilan kunlik ozuqasi ikki kiloga teng. Jo‘jalari 200 grammdan yemak yeydi. Beda, soya, bug‘doy kabi qishloqda mavjud mahsulotlar asosiy ozuqa hisoblanadi.

Tuyaqush tovuq, qora mol, qo‘y singari jonivorlardan farq qiladi va parvarishlashda ham o‘ziga xos jihatlari bilan ajralib turadi. Bu parrandaga mehr berish kerak. Ratsioniga qat’iy amal qilish talab etiladi. Tuyaqushni tushunib boqmagan odam eplolmaydi. Ozgina bo‘lsa-da, boqish sir-asrorlarini o‘rganishi zarur. Bularga sharoit yaxshi bo‘lsa, o‘lmaydi, aksincha, mo‘may daromad keltiradi.

- O‘zbekistonning iqlim sharoiti tuyaqushlarga to‘g‘ri keladimi?

- Bu qushlar issiq iqlimga moslashgan. Shu bois bizning tabiatimiz ham ularning yashashi va ko‘payishi uchun qulay hisoblanadi. Ko‘plab xorijlik mutaxassislar bilan gaplashganimizda tuyaqush boqish uchun O‘zbekistondek qulay mintaqa yo‘qligini ta’kidlashgan. -20 darajadan +70 darajagacha bo‘lgan sharoitda bemalol o‘sib-ulg‘ayadi. Sovuqqa ham, issiqqa ham juda chidamli. Faqat ustidan yomg‘ir va qor o‘tmasa bo‘ldi.

- Straus House MChJ ta’sischisining mijozlarni chuv tushirgani va uning ozodlikdan mahrum etilgani keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu sizning faoliyatingizga ta’sir ko‘rsatdimi?

- Mazkur kompaniya rahbari odamlarga tuyaqush jo‘jalarini olib kelib beraman, deya aldagani uchun jazolandi. Bu esa albatta, men kabi tadbirkorlar faoliyatiga ta’sir qildi va haligacha ta’sirini ko‘rsatyapti.

Boshida ko‘pchilik tuyaqush yaxshi daromad keltirishiga qiziqdi. Hozir ham uyimizga jo‘jalar so‘rab murojaat qiluvchilar juda ko‘p. Ammo Straus House  bilan bog‘liq shov-shuvlardan so‘ng ayrim fuqarolarda ishonchsizlik kayfiyati shakllandi. Tuyaqushchilik O‘zbekiston uchun qaysidir ma’noda yangilik bo‘lgani uchun aholida “Tuyaqush boqadiganlar mijozlarni aldasharkan”, degan fikr tug‘ildi, ikkilanish paydo bo‘ldi.

- Faoliyatingizda eksportga qay darajada ahamiyat qaratilgan?

- Bu jonivorlarni uy sharoitida ham parvarishlash mumkinligini o‘z misolimda ko‘rdim. Xonadonimizda zamonaviy inkubatorlar tashkil etilgan va tuyaqush jo‘jalarini ochirish yo‘lga qo‘yilgan. Tuxumlarni saqlash va jo‘jalar boqishga barcha sharoitlar yetarli.

Joriy yil boshida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi qo‘shni davlatlar va o‘zimizning viloyatda yashovchi tuyaqush boqishga qiziquvchilar jo‘jalarni uyimizdan xarid qilib, olib ketishdi. Hozirgi karantin davrida esa sotganimiz yo‘q. Faoliyatimiz kengayib, klasterga aylangach, jo‘jalar savdosini to‘xtatib, faqat so‘yib, go‘shtini eksport qilishni rejalashtiryapman.

- Tuyaqushchilik klasteri qachon o‘z ishini boshlaydi?

- O‘tgan yilning sentabrida hokimiyat tomonidan 5,5 gektar yer maydoni ajratildi. Tumanimizning yangi hokimi Bekzod aka bir necha marotaba uyimizga kelib, faoliyatim bilan yaqindan tanishdi va klaster tashkil qilish taklifini bildirdi. U har tomonlama qo‘llab-quvvatlayapti.

Loyiha qiymati 4 milliard so‘m bo‘lib, 2 milliard so‘mi o‘z hisobimdan. Qolgan 2 milliardni olish uchun tumandagi bir qancha tijorat banklariga murojaat qildim. Ular karantin choralari yumshaganidan keyin amaliy yordam berishlarini ta’kidlashdi. Agar men avgust oyi yakunigacha kredit olsam, qurilish ishlarini tezda boshlab yuborardim. Sovuq kunlar boshlanmasidan hammasiga ulgurishim kerak.

Klaster sifatida faoliyatimni boshlasam, daromadga kirishim uchun bir yil vaqt ketadi. Chunki inkubatordan chiqqan jo‘jalar 365 kunda go‘sht beradigan darajada tosh bosadi. 50 dan ortiq ishchi o‘rni yaratish ko‘zda tutilmoqda.

- Tuyaqush terisidan oyoq kiyim ishlab chiqarishga ham qiziqib ko‘rdingizmi hech?

- Albatta. O‘tgan vaqt ichida 3 bosh tuyaqush so‘ydik. Qiziqishim ustunlik qilib, ularning terisidan kosiblar yordamida o‘nlab oyoq kiyimlar ishlab chiqardik. Klaster ishga tushgach, bu borada ham bir qancha loyihalarni amalga oshirmoqchiman.

Mirolim ISAJONOV suhbatlashdi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (15-08-2020, 01:41)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 64) ( 0) ( 63) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют