» » O‘zbekistondagi 13 yoshli abituriyent yoshini kichraytirganlikda gumon qilinmoqda. U futbol bilan shug‘ullanadi

O‘zbekistondagi 13 yoshli abituriyent yoshini kichraytirganlikda gumon qilinmoqda. U futbol bilan shug‘ullanadi


Davlat test markazi joriy yilda OTMga o‘qishga topshirgan eng yosh abituriyent 13 yosh va eng yoshi katta abituriyent 95 yosh ekanligi to‘g‘risida xabar bergandi. O‘zA 13 va 95 yoshli abituriyentlarning hayoti ham yoshlar uchun, ham keksalar uchun ibrat, motivatsiya bo‘lishini hisobga olib, ular bilan suhbat qurishni niyatida surishtiruv olib bordi.

Ta’kidlanishicha, surishtiruvlarni o‘tkazish jarayonida Xalq ta’limi vazirligiga jurnalistik so‘rovi yuborilgan hamda vazirlik tomonidan holatga aniqlik kiritilishida katta amaliy yordam ko‘rsatilgan.

Dastlab 13 yoshli (14 yoshga to‘lmagan) ekanligi aytilayotgan X.A. ismli abituriyent maktabdagi o‘qishi davrida sinfdan sinfga ko‘chirilgan, ya’ni xalq tilida aytganda “sakragan” bo‘lsa kerak, degan variant ko‘rib chiqilgan. Ammo aniqlanishicha, u 2009/2010-o‘quv yilida 1-sinfga qabul qilingan hamda 2019/2020-o‘quv yilida o‘sha maktabning 11-sinfini tamomlagan.

X.A. o‘qish jarayonida 1-sinfdan 11-sinfgacha to‘liq ta’lim olgan, ya’ni o‘qish davrida sinfdan sinfga ko‘chirilmagan.

Ushbu ma’lumotlardan so‘ng o‘z-o‘zidan savol tug‘ildi, qanday qilib 13 yoshli abituriyent 2009-yilda maktabga chiqishi mumkin, axir bu paytda u atigi 2,5 yosh bo‘ladi-ku?

Shundan so‘ng, Xalq ta’limi vazirligi ko‘magi bilan X.A. istiqomat qiladigan tumanning FHDYO bo‘limi orqali uning tug‘ilgan vaqtiga aniqlik kiritildi. Berilgan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, X.A. 2003-yil 3-dekabrda tavallud topgan. Bundan kelib chiqadiki, qahramon aslida 16 yosh (dekabr oyida 17 yoshga to‘ladi) hamda maktabning 1-sinfiga qabul qilingan paytda qariyb 6 yosh bo‘lgan.

Shundan so‘ng nima uchun Davlat test markazi ushbu abituriyentni 13 yosh deya e’lon qilganiga aniqlik kiritish uchun surishtiruv davom ettirilgan. Aniqlagan ma’lumotlarga ko‘ra, X.A.ga 2019-yil aprel oyida tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan 2006-yil 3-dekabrda tug‘ilganligi aks etgan fuqarolik pasporti berilgan. Fuqarolik pasporti rasmiylashtirilayotganda, hozircha ma’lum bo‘lmagan sabablarga ko‘ra, X.A.ning yoshi 3 yilga kichraytirilgan.

Shuningdek, surishtiruvlar davomida X.A. futbol bilan shug‘ullanishi haqidagi dastlabki ma’lumotlar qo‘lga kiritilgan. Shundan so‘ng O‘zbekiston professional futbol ligasi bilan bog‘lanib, bu ma’lumotlar qanchalik rost yoki yolg‘onligini tekshirilgan.

“Dastlab bunday futbolchi O‘zPFLda ro‘yxatdan o‘tmagani ma’lum bo‘lgan. Ammo yoshni kichraytirish masalasiga qarshi keskin kurash olib borilayotganligi, O‘zPFL ham bu kabi qonun buzilishi holatlarining fosh bo‘lishidan manfaatdor ekanligini inobatga olib, boshqa hamkor tashkilotlar orqali mazkur faktni tekshirib berishlarini ta’kidlashdi”, — deyiladi xabarda.

O‘zPFL aniqlagan ma’lumotlarga ko‘ra, voyaga yetmagan X.A. haqiqatan futbol bilan shug‘ullanadi va tumanidagi bolalar-o‘smirlar sport maktabida ro‘yxatda turgan, professional futbol ligasida hozircha o‘yinlar o‘tkazmagan.

Surishtiruv davomida aniqlangan yuqoridagi holatlarda hujjatlarni qalbakilashtirishga oid jinoyat alomatlari bo‘lishi mumkinligini hisobga olib, aybsizlik prezumpsiyasi nuqtayi nazaridan, xabarda abituriyentning ismi, yashash manzili va tahsil olgan maktabi oshkor qilinmagan. Surishtiruvlar davomida to‘plangan barcha materiallar qonun doirasida ko‘rib chiqilishi uchun Bosh prokuraturaga taqdim etilgan.

Mavzuga doir:

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilda O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalariga (OTM) bakalavriat bosqichiga 162 364 ta, magistraturaga 10 425 ta o‘rin ajratilgan. Kirish imtihonlari ikki smenada respublika bo‘yicha tanlab olingan 155 ta stadionlarning 40 tasida o‘tkaziladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (17-08-2020, 13:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 100) ( 0) ( 98) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют