» » Chinozdagi paxta klasteri farg‘onalik dehqon ayollarning ish haqini bermadi. Viloyat hokimligi pul “shu bugunoq” berilishini bildirdi

Chinozdagi paxta klasteri farg‘onalik dehqon ayollarning ish haqini bermadi. Viloyat hokimligi pul “shu bugunoq” berilishini bildirdi


Farg‘onaning Bog‘dod tumanidan kelib, Toshkent viloyatidagi paxta klasterlaridan birida uch oy mehnat qilgan ayollar ish haqini ololmay, o‘ta og‘ir sharoitda qolib ketgan. Ayollarning murojaatiga asosan “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov vaziyatni o‘rgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, bog‘dodlik bir guruh xotin-qiz Chinozda Textile Technologies Group kompaniyasi muassisligidagi APK Chinoz paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish klasteri dala maydonida og‘zaki shartnoma asosida uch oy ishlagan (ushbu klaster 2019-yili organik paxta yetishtirgani bilan tanilgan edi). Dalada ishlab, ish haqini ololmaganlar orasida yoshi katta ayollar ham, homilador ayollar ham, shuningdek, yangi kelin-kuyov ham bor — ular “karantinda bekor o‘tirmaylik” deb kelgan.

Alohida qayd etishlaricha, may boshida ishga olib kelingan vaqtlarida ularning pasportlaridan kseronusxa olinib, qandaydir qog‘ozlarga qo‘l qo‘ydirib olingan, lekin mehnat shartnoma haqiqatda tuzilganmi yoki yo‘q — ular aniq bilmaydi, “bunday ishlarda kelishuv odatda og‘zaki bo‘ladi”.

“Paxta dalasida 6-maydan buyon bir martadan yagana va chekanka, uch marta chopiq qildik. Og‘zaki kelishuvimiz bo‘yicha ishni uch oyda tugatishimiz, ular har gektar uchun bir million so‘mdan ish haqi berishi kerak edi”, — deydi ayollardan biri Manzura O‘sarova. Dalada ish 5-avgust kuni tugagan, uning 3,5 million so‘m ish haqini “ertaga beramiz, indinga beramiz” deyishganiga esa 10 kundan oshgan.

“Lekin puldan hali ham darak yo‘y. Bugun endi 20-avgustda beramiz deyishyapti. Suvchilar va brigadirlarga pul berib bo‘lingan, bizga kelganda bankda pul qolmabdi”, — deydi u. Manzura O‘sarovaning ta’kidlashicha, u har yili mavsumiy ish izlab, Toshkent viloyatiga keladi va paxta dalalarida mehnat qiladi, biroq bu kabi muammoga birinchi marta duch kelmoqda.

Uning kuyinib aytishicha, uyda uch yashar farzandi isitmalab, betob bo‘lib qolgan, lekin ish haqini ololmagani bois uyiga ketolmayapti. “Ishlatganlarga shuni aytsam ham e’tibor berishmayapti. Boz ustiga, kredit olgan joyimdan kelib, to‘lovni vaqtida qilmaganim uchun molimizni olib ketmoqchi bo‘lishibdi. Onam bechora yig‘lab-siqtab olib qolibdi”, — deydi u.

Ular pulsizlikdan ijara haqini to‘lamagani uchun yashab turgan uylaridan chiqarib yuborilgan, kunlik xarajat uchun ilojsizlikdan mahallalarda qo‘shimcha ish bilan shug‘ullanishga majbur. Yollanma ishchilardan yana biri, Manzura O‘sarovaning singlisi Sevara O‘sarova o‘zi bilan birga besh ayol va bir erkakni ishga olib kelgan, lekin na o‘zi, na u bilan kelganlar ish haqini ololgan.

“Klasterning Ne’mat aka degan xodimi ‘odam yig‘ib kelaylik’ degandi. Kechasi bilan uyma-uy yurib odam to‘plaganmiz. ‘Hozir karantinda bo‘lsa, bezovta qilmanglar’, deb achchiq qilganlar ham ko‘p bo‘ldi. ‘Uyda bekor o‘tiramizmi, pul ishlab kelamiz’, deb hamqishloqlarni ishontirib olib kelgandim... Mening haqimni bermasa ham, menga ishonib kelgan olti kishiga pullarini berishsin”, — dedi u ko‘zida yosh bilan.

Sevara O‘sarovaning ta’kidlashicha, o‘tgan uch oy davomida uning tushlik qilmay ishlagan vaqtlari ham bo‘lgan, “o‘t bosib ketgan, traktor ham yurmaydigan yerlarni tozalab, ishlagan”. “O‘sha vaqtda kechasi bilan birga odam yig‘ib yurgan klaster xodimiga hozir salom bersam, alik ham olmayapti... Erim: ‘Kechasi erkaklar bilan nima qilib yuribsan!’, deb men bilan janjallashib qolgandi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Ishchilarga oshpazlik qilgan 54 yoshli Gulxumor Ahmedovaning so‘zlariga ko‘ra, ular og‘ir sharoitda ishlagan — ovqatga masalliq uch kunda bir olib kelingan, bir safar piyoz bersa, keyingi safar kartoshka berilgan, shunda ham kam miqdorda. “Birortasi ‘osh-ovqatinglar bormi?’ deb xabar ham olmadi. Qachonki o‘zim telefon qilsam, shundan keyin masalliqni olib kelib berishdi”, — deydi u.

“Ko‘pchilikka yetsin deb faqat suyuq ovqat qildim, quyuq ovqat deyarli qilganim yo‘q. Ichimlik suviga yonimdan pul sarfladim, boshqa narsalarga ham qo‘shimcha pul sarfladim. Shuni aytganimda, ‘ishning oxirida hisob-kitob qilib beramiz’, deyishgandi. Hozir buxgalterdan so‘rasam, indamay turibdi. Chet elda emas, o‘z yurtimizda turib shu ahvolga tushganimizga achinib ketyapman”, — dedi Gulxumor Ahmedova.

Gulxumor opaning aytishicha, mojaro boshlangach, “shuni o‘ylayverib, qon bosimi ko‘tarilib, qand kasali qo‘zg‘agan”, ikki marta tez yordam chaqirishgan. Ish haqini ololmaganlarning yana biri — Fotima Madrahimova shunday deydi: “Menga 4 million so‘m berishlari kerak. II guruh nogironi bo‘lgan erimning mazasi qochgan, boray desam yo‘lkiraga pulim yo‘q. Uydan olib beray desam, uyda ham pul qolmagan”.

Vaziyat yuzasidan izoh olish uchun APK Chinoz’ga murojaat qilindi, biroq klaster mutasaddilari qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi. Shuningdek, xotin-qizlarning huquqlari himoyasi uchun mas’ul hisoblangan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi ham ushbu holat yuzasidan “Daryo” so‘rovlariga javob bermadi.

Ayni vaqtda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mehnat inspektorlari joyiga chiqib, murojaatni o‘rganishini bildirdi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi ham murojaat yuzasidan o‘rganish boshlaganini ma’lum qildi. Toshkent viloyati hokimligi esa mutasaddilar voqea joyiga chiqqanini ma’lum qildi.

“Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Botir Alimbekov 18-avgust kuni voqea joyiga chiqdi, masalani o‘rganmoqda va bugunning o‘zida mehnatkashlarga ish haqlari beriladi. Toshkent viloyati hokimligi fuqarolar va ish beruvchilardan mehnat qonunchiliga muvofiq ishlashlarini so‘rab qoladi”, — dedi viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Behzod Qobulov.

“Daryo” voqealar rivojini kuzatib boradi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (18-08-2020, 19:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 76) ( 0) ( 74) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют