» » Germaniyalik professor o‘zbekistonliklar qo‘llanilishi kerak bo‘lmagan dori-darmonlarni uy sharoitida qabul qilayotganligini aytdi

Germaniyalik professor o‘zbekistonliklar qo‘llanilishi kerak bo‘lmagan dori-darmonlarni uy sharoitida qabul qilayotganligini aytdi


Germaniyaning yetakchi tibbiyot mutaxassislaridan biri, professor, tibbiyot fanlari doktori Verner Ber O‘zbekistonda odamlarning o‘z uylarida davolanishga intilishlari va qo‘llanishi kerak bo‘lmagan dori-darmonlarni qabul qilishlarini achinarli hol deb aytdi.

“Natijada ular og‘ir ahvolda reanimatsiya bo‘limlariga yotqizilishini kuzatdim”, — degan u Sog‘liqni saqlash vazirligiga O‘zbekistondagi COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat haqida bergan intervyusida.

Ushbu infeksionist, mikrobiolog, Germaniyaning mikrobiologik laboratoriyalarini akkreditatsiya qiluvchi organi (DAkkS)ning eksperti bir oydan beri SSV qoshidagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabida bo‘lib turibdi va O‘zbekistonning turli hududlarida koronavirusga chalingan bemorlarni samarali davolash bo‘yicha zarur tavsiyalarini bermoqda.

Uning aytishicha, hozir O‘zbekistondagi COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat Germaniyada 1-2 oy avval bo‘lgan vaziyatga o‘xshaydi. Ushbu taqqoslash imkoniyatining o‘ziga xos afzalliklari va ijobiy tomonlari mavjud.

“Aslida bu mening O‘zbekistonga ikkinchi tashrifim. Birinchi marta may oyida kelgandim. O‘sha paytdagi va hozirgi vaziyatni taqqoslaydigan bo‘lsam, ayni vaqtda yangi kasallanish holatlarining qayd etilishi sezilarli darajada oshdi. Shuningdek, o‘z yurtim va O‘zbekistondagi holatni taqqoslash imkoniyatiga egaman. Germaniyada koronavirusning birinchi qayd etilishi sizning mamlakatingizga qaraganda olti hafta oldin boshlangan. Ya’ni hozir O‘zbekistonda kuzatayotganlarim Germaniyada 1-2 oy avval bo‘lgan vaziyatga o‘xshaydi. Ushbu taqqoslash imkoniyatining o‘ziga xos afzalliklari va ijobiy tomonlari mavjud. Chunki men Germaniyada to‘plagan tajribamni ma’lum vaqt siljishi bilan mos ravishda O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘lganimdan mamnunman.

Odamlarning xatti-harakatlarini tahlil qilsak, ular Germaniyadagiga juda o‘xshash. Ya’ni dastlab odamlar virus xavfini jiddiy qabul qilishdi, tartib-intizomga qat’iy rioya etishdi. Ammo vaqt o‘tishi bilan fuqarolar bo‘shashdilar: oralaridagi ijtimoiy masofani saqlamay, niqoblarni to‘g‘ri taqmay qo‘yishdi. Men hozir xuddi shunga o‘xshash vaziyatni bu yerda ham kuzatmoqdaman. Kuni kecha mehmonxona derazasidan shunday holatni kuzatdim: favvora yonida yoshlar niqobni to‘g‘ri taqmagan va ijtimoiy masofani saqlamagan holda dam olishyapti.

Afsuski, Germaniyada odamlar tartib-intizomga rioya qilishni unutgan o‘sha paytda virusning qayd etilishi ancha o‘sdi. Vaziyatdan foydalanib, yurtingiz aholisini ogohlikka chaqirmoqchiman. Agar orangizda shunday befarq odamlar ko‘payadigan bo‘lsa, 1-2 oy ichida kasallikni yangi yuqtirganlar soni keskin ortishi mumkin. Shuning uchun ham ehtiyot choralariga qat’iy amal qilishlari zarurligini aytmoqchiman. Vaziyatni nazorat qilish odamlarning o‘z qo‘llarida”, — deydi Verner Ber.

Shifokor, shuningdek, antibiotiklarni tartibsiz qabul qilish holatiga ham to‘xtalib o‘tgan.

“Dorixonalaringizda ularni bemalol sotib olish mumkin. Tabiiyki, ularni qabul qilish ketma-ketligi va kombinatsiyasi ham mutlaqo buzilgan. Masalan, Germaniyada, umuman, Yevropada pnevmoniyaning u yoki bu shaklini davolash uchun shunga mos ko‘rsatmalar mavjud. Afsus bilan aytish lozimki, Yevropa davlatlarida qabul qilinadigan antibiotiklarning eng kuchlisi O‘zbekistonda deyarli birinchi navbatda qo‘llaniladi. Ya’ni bu yerda davolanishni, ba’zida esa hatto profilaktikani ham deyarli rezerv antibiotiklardan boshlashadi”, — deydi professor.

Avvalroq sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov koronavirusga qarshi kurash masalasida O‘zbekistonga kelgan germaniyalik mutaxassislar bilan muloqot o‘tkazgani xabar berilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonga shu vaqtgacha koronavirusga qarshi kurashda yordam berish uchun 10 nafar germaniyalik, 15 nafar xitoylik shifokor va tibbiyot mutaxassisidan iborat guruh, tarkibida anesteziolog, reanimatolog, yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassis, epidemiolog, terapevt va kardiolog bor 40 nafar rossiyalik shifokor kelgan bo‘lsa, mart oyining oxiridan boshlab O‘zbekistonda koreyalik professor — epidemiolog Soy Chje Uk, yana bir koreyalik anesteziolog-reanimatolog, bir qancha turkiyalik mutaxassislar, Germaniyaning yetakchi tibbiyot mutaxassislaridan bo‘lmish professor Verner Ber faoliyat yuritgan.

Mavzuga doir: O‘zbekistonda kasallanganlar kamayishi, tuzalayotganlar ko‘payishi fonida xorijdan shifokorlar kelishi davom etayotganiga izoh berildi



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (23-08-2020, 08:10)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 114) ( 0) ( 111) ( 3)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют