» » Yangi davrni boshlab bergan jang. 24-avgust – vestgotlar Rimni ishg‘ol qilgan sana

Yangi davrni boshlab bergan jang. 24-avgust – vestgotlar Rimni ishg‘ol qilgan sana


410-yil 24-avgust kuni vestgotlar Rimni ishg‘ol qildi. Bu voqeaning ahamiyatli jihati u bir davrni yakunlab yangi davrni ochib berdi. “Daryo” an’anaviy tarix ruknida mazkur tarixiy voqea haqida hikoya qiladi.

IV asr o‘rtalarida butun dunyoni titratgan hunlar g‘arbga qarab yura boshladi. Shu davrda german qabilalari bo‘lmish gotlar Rim imperiyasi hududlarini egalladi. Bu davr tarixda xalqlarning buyuk ko‘chish davri deb nomlanadi. Aynan shu davrda g‘arbdagi eng yirik imperiya bo‘lgan Rim imperiyasi zaiflashib bordi va parchalanish arafasiga kelib qoldi.

Vestgotlar Rim imperiyasi hududlarini egallay boshladi. Dastlab bolqonlarni ishg‘ol qilgan vestgotlar Fritirgern boshchiligida 378-yilda Andrinopol jangida imperator Valen ustidan g‘alaba qildi va uni jangda o‘ldirdi. Uning vorisi imperator Teodosiy gotlar bilan 382-yilda tinchlik shartnomasi imzolashga erishdi. Shartnomaga ko‘ra, vestgotlar imperiyaning avtonom vassallariga aylandi va imperiya shimolida Dakiya va Trakiyada joylashdi (Herwig Wolfram, History of the Goths, Trans. Thomas J. Dunlap, (University of California Press, 1988), p. 133).

Fritigernning vorisi Alarix Rim armiyasi safida bir qator janglarda ishtirok etdi. Asosan old saflarda jang qilgan gotlar qirilib ketadi boshladi. 395-yilda imperator Teodosiy mamlakatni ikki qismga bo‘lib ikki o‘g‘liga berdi. Sharqiy Rim imperiyasi Arkadiyga, g‘arbiy Rim imperiyasi Onoriusga berildi.

Teodosiy o‘limidan keyin quvvat amalda armiya generallari qo‘lida to‘plandi. Sharqda vestgot Alarix, g‘arbda vandal Stilikon. 402-yilda vestgotlar xavfi tahdidi ostida g‘arbiy poytaxt Milandan Vrenga ko‘chirildi. Alarix bir necha bor Italiyani egallashga harakat qilib ko‘rdi. Biroq har safar Stilikon tomonidan qaytarildi. Oqibatda, Alarix Stilikonga janglarda yordam berishga majbur bo‘ldi.

408-yilda imperator Arkadius (Arkadiy) vafot etdi va Onorius taxtni da’vo qilib sharqqa yurishga qaror qildi. Stilikon esa uning o‘rniga borishni taklif qildi. Shu davrda Stilikon sharqiy Rim taxtiga o‘zi o‘tirmoqchi degan mish-mishlar tarqab ketdi. Natijada, Olimpius boshliq bir guruh harbiylar isyon ko‘tardi va isyon paytida Stilikonning ko‘plab odamlari o‘ldirildi. Stilikon xalq dushmani deb e’lon qilindi. Olimpius esa “magister officium” deb e’lon qilindi.

Stilikon tomonidan asirga olingan qullar Alarix tomonga qochib bordi. Natijada, katta armiyaga ega bo‘lgan Alarix rimliklar bilan kelishishga harakat qilib ko‘rdi. Imperator u so‘ragan yerlarni berishdan bosh tortdi. Oqibatda, Alarix Rimni egallash bilan tahdid qildi. 408-yilgi urinish besamar ketganidan so‘ng, 410-yilda ikkinchi bor urinib ko‘rishga qaror qildi (Umberto Roberto, Le 24 Ao?t : Alaric entre dans la Ville, revue L'Histoire, Paris Octobre 2015, p.60).

Rim imperator Avrelian davrida mustahkam devor bilan o‘ralgan edi. Ammo bu vaqtga kelib shahar himoyasiz edi. Sababi Italiyani himoya qilishga tayinlangan askarlar boshqa shaharlarga tarqatib tashlangan edi va Rimni himoya qilish uchun birorta ham garnizon yo‘q edi. Asosan elitadan tarkib topgan Pretoriya gvardiyasi esa 312-yilda imperator Konstantin tomonidan tarqatib yuborilgan edi. Ravenda bo‘lgan imperator Onorius Rimni qutqarishga harakat qilmadi (Umberto Roberto, Le 24 Ao?t : Alaric entre dans la Ville, revue L'Histoire, Paris Octobre 2015, p.60).

Shunday qilib, himoyasiz qoldirilgan Rimga 410-yilning 24-avgust kuni Alarix boshliq Vestgotlar Salaria darvozasi orqali kirib keldi. Ba’zi manbalarda qandaydir xiyonatkor darvozalarni ochib bergani aytilgan (Catherine Virlouvet (dir.) et Claire Sotinel, Rome, la fin d'un empire : De Caracalla ? Th?odoric 212 apr. J.-C - fin du Ve si?cle, Paris, ?ditions Belin, coll. “Mondes anciens”, 2019, 687 p.).

Shundan so‘ng shahar uch kun mobaynida talon-toroj qilindi. Ular senatorlarning uylaridan tortib, jamoat binolarigacha talon-taroj qildilar. Shunga qaramay, Alarix odamlarni o‘ldirmaslikni va ayollarning nomusiga tegmaslikni buyurdi. Jon saqlash uchun muhim joy bo‘lgan Avliyo Pavel va Avliyo Pyotr ibodatxonalariga o‘t qo‘ymaslik ham buyurildi. Jangchilar cherkovlarga yashirinib olganlarga tegmadi va u yerdan olingan narsalarni qaytarib berdi.

Biroq shaharning bir qismiga o‘t qo‘yildi. IV asrlik Avgust davridan Teodosiygacha bo‘lgan davr arxivlari yo‘q qilindi. Imperiyaning ijtimoiy hayotiga doir qimmatli ma’lumotlar yo‘q qilindi, shu tariqa tarix ulkan yo‘qotishga uchradi. Saqlanib qolgan ba’zi hujjatlar Vatikan va Konstantinopol arxivlaridan joy oldi. Ko‘plab san’at asarlari, jumladan, haykallar keraksiz deb baholanib buzib tashlandi. Kutubxonalar yoqib yuborildi, universitetlar vayron qilinib, o‘qituvchilar o‘ldirildi. Alarixning taqiqlashiga qaramasdan, ko‘plab qatliomlar qilindi. Ko‘plab rimliklar Shimoliy Afrika, Falastin, Misrga qarab qochdi.

Shundan so‘ng Alarix shaharni tark etib, janubga qarab yurdi. O‘zi bilan esa imperatorning opasini ham birga olib ketdi. Neapolni egallab, Sitsiliyaga o‘tish chog‘ida vafot etdi. Uning vorisi Ataulf esa shimolga qaytib ketdi.

Rimning ishg‘ol qilingani xabari imperiyada katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Avliyo Jerom ishg‘ol qilingan Rimni “rimliklarning qabri” deb atadi. Odamlar orasida turli vahimalar tarqadi. Butparastlar Rimning qulashi xristianlikning gullab-yashnashiga zamin yaratdi deb hisobladi.

Ba’zi tarixchilar Rimning qulashini 476-yil emas, balki 410-yildan hisoblaydi. Chunki 410-yildan keyin kelgan imperatorlar manfaatli guruhlar tomonidan boshqariladigan zaif, qo‘g‘irchoq imperatorlar bo‘lgan. Ular, odatda, yosh bolalar bo‘lgan.

Shu davrdan boshlab g‘arb ham, sharq ham zaiflasha borgan. Ushbu voqea tarixchilikda antik davrning tugab, o‘rta asrlar davrining boshlanishi sifatida talqin qilinadi. G‘arbiy Rim imperiyasi 476-yilda quladi, Sharqiy Rim imperiyasi esa XV asrgacha, Konstantinopol fath etilgunga qadar mavjud bo‘ldi.

Jahongir Ostonov tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (24-08-2020, 16:25)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 85) ( 0) ( 83) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют