» » Lotin Amerikasining vujudga kelishiga sabab bo‘lgan voqea. Atsteklar poytaxti Tenochtitlanning ispanlar tomonidan egallanishi haqida

Lotin Amerikasining vujudga kelishiga sabab bo‘lgan voqea. Atsteklar poytaxti Tenochtitlanning ispanlar tomonidan egallanishi haqida


1521-yilning 13-avgust kuni deyarli uch oy davom etgan qamaldan so‘ng Atsteklar imperiyasi poytaxti Tenochtitlan (hozirgi Mexiko) shahri Ernan Kortes boshliq konkistadorlar tomonidan egallandi va Atsteklar imperiyasi tarix sahnasidan ketdi. “Daryo” sana munosabati bilan okean ortida yangi dunyoni boshlab bergan voqea haqida hikoya qiladi.

Atsteklar bugungi Meksika hududi yashagan qadimgi Amerika qabilalaridan biridir. Dastlab ko‘chmanchi hayot kechirgan atsteklar XIV asr boshlarida Meksikaning markaziy platosida o‘troqlasha boshladi. XVI asr boshiga kelib atsteklar madaniyati o‘z rivojlanishining cho‘qqisiga chiqdi. Atsteklar imperiyasining poytaxti bugungi Mexiko o‘rnida bo‘lgan Tenochtitlan shahri edi.

Shaharda 250 mingga yaqin aholi istiqomat qilar edi. Shaharning o‘ziga xos jihatlaridan yana biri uning ko‘l ustida qurilgani edi. Atsteklar imperiyasi o‘sha davrning okean ortidagi eng yirik imperiyasi edi. Yevropaliklarning okean ortiga ilk bora borganidan 30 yil o‘tib, ushbu imperiya ham istilolar qurboni bo‘ldi va tarix sahnasidan yo‘q qilindi.

Ma’lumki, Amerika qit’asi 1492-yilda ilk bora kashf qilingan edi. O‘sha yili ko‘hna qit’ada yashayotgan yevropaliklar yangi dunyoni ko‘rgan edi. Resurslar va boyliklarga bo‘lgan ehtiyoj ularni yangi dunyo yerlarini o‘zlashtirish, yangi koloniyalar tuzishga majbur qildi. Shunday sharoitda atsteklar ham bundan qochib qutula olmasliklari ma’lum edi.

Shimoliy Amerika, asosan, inglizlar, niderlandlar va fransuzlar tomonidan o‘zlashtirilgan bo‘lsa, markaziy va janubiy Amerika ispanlar va portugallar tomonidan egallandi. Shu davrda Kubada hukmronlik qilayotgan Ispaniya qirolining vakili Ernan Kortes 1519-yil 22-aprelda Verakruz shahriga asos soldi va atsteklar poytaxti Tenochtitlanni egallash sari otlandi. Shu tariqa Meksika hududlari uchun 1519–1521-yillarda bo‘lib o‘tgan urushlarga qo‘mondonlik qildi.

O‘sha paytda Atsteklar imperiyasini Montezuma II boshqarib kelayotgan edi. Uning hukmronligi davrida imperiya o‘z qudratining cho‘qqisiga chiqqani tarixiy manbalarda qayd etilgan. Ammo shunga qaramay u mag‘lub xalq hukmdori bo‘lgani uchun ko‘pincha zaif va beqaror hukmdor sifatida gavdalantiriladi. Ammo uning hayoti va faoliyatiga, ispanlarga qarshi kurashiga doir aniq dalillar va ma’lumotlarni topish imkonsiz (Edwin Williamson, The Penguin history of Latin America, New York, Penguin Books, 1992, pocket p. 18).

1519-yilning 8-noyabr kuni bir qancha to‘siqlarga qaramay Kortes Tenochtitlan shahriga kirib bordi va Montezuma tomonidan iliq kutib olindi. Bir necha kundan so‘ng u imperatorni o‘z qo‘liga oldi va uning nomidan ish yurita boshladi. Ammo dekabr oyida Kubadan Kortesga qarshi yuborilgan Panfilo de Narvaez boshchiligidagi ekspeditsiyaning kelayotganidan xabar topib, Verakruzga qaytib ketishga majbur bo‘ldi.

Uning Tenochtitlanda qoldirib ketgan o‘rinbosari Pedro de Alvarado o‘ldirildi. Qaytib kelgach, u saroyda qurshovda qolib ketdi. Tartibsizliklar keltirib chiqarishda ayblangan Montesuma Kortes odamlari tomonidan dorga osildi. Yangi imperator Kuitlauak boshchiligida atsteklar bosqinchilarga qarshi kurashishga va ularni yo‘q qilishga qaror qildi. Kortes esa shahardan chiqib chekindi.

Kortes Tlaskala shahriga chekinishga majbur bo‘ldi. Kortesning odamlari orasida uni Tenochtitlanga qaytib borish fikridan qaytarishga uringanlar ham bor edi. Ammo u Tenochtitlanni egallash fikrida qat’iy turib oldi. Shunday qilib ikki tomon ham hal qiluvchi jangga tayyorgarlik ko‘ra boshladi.

Atsteklar o‘zlariga ittifoqchilar izlay boshladi va shu maqsadda ikki bora tarasklar (purepechalar)ga elchilar yubordi. Ammo ular bu taklifni qabul qilmadi va atsteklar elchilarini o‘ldirib yubordi. Imperator ispanlarni o‘ldirganlarni soliqlardan ozod qilishga va’da berdi. Ammo bu samara bermadi. Sababi atsteklar tomonidan yangidan bosib olingan qabilalar ispanlarda qutqaruvchi qiyofasini ko‘rayotgan edi.

Kortes esa aksincha, bir necha bor qo‘shimcha kuch va yordamlarni qabul qildi. Ispaniya, Kuba va Yamaykadan bir nechta kema Kortesga madad uchun yetib keldi. 1520-yilning oxirida Kortesning 550 odami, 40 ta ot va 9 ta to‘plari bor edi. Faqatgina poroxning kamligi unga muammo tug‘dirishi mumkin edi (Hugh Thomas, The Conquest of Mexico, Pimlico, 1993).

Kortes yana bir kutilmagan “ittifoqchi”ga ham ega bo‘ldi. Gap shundaki, 1520-yilning yozida Meksika hududi bo‘ylab chechak epidemiyasi tarqalib ketdi va bu kasallikka qarshi immunitetga ega bo‘lmagan mahalliy aholi katta aziyat chekdi. Oktabr oyida kasallik Tenochtitlan aholisining katta qismini yo‘q qildi.

1521-yilning 28-aprel kuni Kortes Tekskoko ko‘li qirg‘oqlariga yetib bordi. Qamal oldidan uning qo‘l ostida 90 ta otliq, 120 ta arbaletchi va kamonchi, 700 ta piyoda, uchta yirik va 15 ta kichik to‘plar bor edi. Shuningdek, taxminan 200 ming mahalliy aholidan iborat ittifoqchilar qo‘shini ham u bilan birgalikda qamalda ishtirok etish uchun shay edi.

Qamal 1521-yilning 30-may kuni boshlandi va 75 kun davom etdi. 1-iyun kuni kemalar o‘rtasida muhim to‘qnashuv yuz berdi. 500 ta atsteklar to‘plari dushman turgan qirg‘oqni to‘pga tutdi. Ammo ispanlar u to‘plarning katta qismini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘ldi. To‘qnashuvlarning ilk haftalari natijasiz yakunlandi. Shunga qaramay, ispanlar bir muncha ustunliklarga ega edi. Atsteklar esa ularga qarshilik qilish maqsadida ko‘chalarda barrikadalar tayyorladi.

Qamal 75 kun davom etdi va orada bir necha bor sulh tuzish haqida muzokaralar olib borilganiga qaramasdan ulardan natija chiqmadi. Harakatlar natija bermadi, qamaldagilar butkul tushkunlikka tushib qoldi. 13-avgust kuni qarshilik to‘xtadi. Imperator qochib ketayotgan paytda ispanlar tomonidan qo‘lga olindi. Shahar vayrona holga kelib qolgan edi va shahardagilarga u yerni tark etishlari uchun uch kecha-yu uch kunduz vaqt berildi (Bernal D?az del Castillo, Histoire v?ridique de la conqu?te de la Nouvelle-Espagne, II, La D?couverte, 1987).

Shahar egallanganidan keyin askarlar aldanganliklarini angladi. Ularga va’da qilingan cheksiz oltinlar yo‘q edi. Bori ham juda oz edi. Kortes noroziliklar qurshovida qolib ketdi.

Bir asr davomida mavjud bo‘lgan atsteklar sivilizatsiyasi va imperiyasini qulatgan sabablardan eng yirigi imperator Montezuma II ning avtoritar shaklda hokimiyatni boshqarishi va qo‘shni qabilalarga nisbatan amalga oshirilgan adolatsiz o‘lponlar bo‘ldi. Urush arafasida undan jabr ko‘rgan atrofdagi boshqa mahalliy hindular ispanlarni qo‘llab-quvvatladi va ularga yordam berdi.

Tarixchi Helen Rompre imperiya halokatida epidemiyalar rolini ham unutmaslik kerakligini aytdi. Atsteklar yuqorida aytganimizdek, chechak kasalligidan juda katta zarar ko‘rgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tenochtitlanning zabt etilishi haqidagi tarixchilarning nuqtayi nazari ispan tarixiy yozma manbalari va atstek manbalarining yo‘qligidan kelib chiqadi. Ushbu tarix oz-ozdan og‘zaki qadriyatlar va arxeologik qazishmalar yordamida to‘ldirib boriladi.

Tenochtitlan shahrining egallanishi va atsteklar madaniyatining qulatilishi Meksikaga ispanlar va ular bilan ispan tilining, katolik dinining kirib borishiga imkon berdi. Janubiy va markaziy Amerikaning Lotin Amerikasiga aylanishiga asos soldi.

Jahongir Ostonov tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (14-08-2020, 08:26)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 68) ( 0) ( 65) ( 3)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют