» » Ikki burgut to‘qnashgan kun. Turklarga Onado‘li eshiklarini ochgan Malazgirt jangi haqida

Ikki burgut to‘qnashgan kun. Turklarga Onado‘li eshiklarini ochgan Malazgirt jangi haqida


Sarlavhani bejizga ikki burgut to‘qnashgan kun deya qo‘ymadik. Chunki 1071-yil 26-avgust juma kuni tug‘larida ikki boshli burgut rasmi tushirilgan ikki imperator – Vizantiya imperatori Roman IV Diogen va Saljuqiy sultoni Sulton Alp Arslon Malazgirt tekisliklarida to‘qnash keldi. Ushbu jangda Sulton Alp Arslonning qo‘li baland keldi va musulmon turklarga Onado‘li eshiklarini ochib berdi. “Daryo” ushbu muhim tarixiy voqea haqida hikoya qiladi.

X asrda musulmon sharqida arab xalifaligi zaiflashib, Markaziy Osiyoda yangi turk davlatlari vujudga kela boshladi. Shunday sharoitda 1037-yilda turkmanlarning qiniqli urug‘idan bo‘lgan, Saljuqning o‘g‘li To‘g‘rulbek g‘aznaviylardan mustaqil bo‘lib chiqdi va bugungi Eron hududida yangi bir davlatga asos soldi. Bu tarix kitoblarida Buyuk saljuqiylar imperiyasi deb nomlangan davlat edi. Vujudga kelishidan qisqa vaqt ichida chegaralari g‘arbda Bag‘dodgacha, shimoli-g‘arbda armanlar yerlari va Onado‘li chegaralarigacha borib yetdi. Bu ishda, ayniqsa, To‘g‘rulbekning jiyani, vafotidan keyin taxtga o‘tirgan ikkinchi Saljuqiy sulton Alp Arslonning xizmatlari katta edi.

Alp Arslon bir qator g‘alabalar qozonib, armanlar, gurjilar yashaydigan hududlarni qo‘lga kiritib, keyingi maqsadi Shom va Misrga yurib, shia Fotimiy davlatini egallab, butun musulmon diyorlarini bir davlat ostida birlashtirish edi. Ammo rejalar o‘zgarib ketdi.

1063-yilda To‘g‘rulbek vafotidan so‘ng taxtga Alp Arslon o‘tirdi. U mamlakatdagi ko‘chmanchi turklarga hozirgi Armaniston va Onado‘li taraflarga ko‘chishga izn berdi. Vizantiya imperatori Roman Diogen 1068-yilda ularga qarshi bir necha marta jang qilishga majbur bo‘ldi.

1070-yilda Alp Arslon boshliq turklar Malazgirt, Erjish qal’alarini egalladi. So‘ng Diyorbakr egallandi, Urfaga hujum qilindi. Ammo Urfani egallay olishmadi. Keyin esa Alp Arslon turk beylaridan bo‘lgan Afshin beyni o‘z qo‘shinlari safiga qo‘shib oldi va Halabni egalladi. Bu orada mintaqadagi turk otli qo‘shinlariga va Akinchi beylar deya nomlangan maxsus qismlarga Vizantiya shaharlariga hujumlar uyushtirishni buyurdi.

Bu orada Vizantiyada taxt atrofidagi vaziyat notinch edi. Dushmanga qarshi kurashadigan biror kuchli lider imperator yo‘q edi. 1067-yilda Imperator Konstantin X Dukas vafot etdi. Uning o‘rnida taxtga o‘tirishi kerak bo‘lgan o‘g‘li Mixail VII taxtni boshqarishga salohiyati yo‘qligidan taxtga onasi Yevdokiya o‘tirdi. Ammo yuqori qatlam vakillari, senat, armiya, patriarxlar mamlakat chegaralaridagi dushmanga qarshi kurashda kuchli bir shaxsiyat kerak degan qarorga bordi. Ular taxt uchun kuchli generallardan bo‘lgan Roman Diogenni tanladi. Yevdokiya reining vasiyatiga ko‘ra qayta turmushga chiqa olmas edi va buni tasdiqlaydigan yozma hujjat ham bor edi. Ammo u bu xatni yo‘q qiladi va Roman Diogen bilan turmush quradi.

Yangi imperator 1068–1070-yillar davomida yuqorida aytganimizdek, bir necha bor turklarga qarshi yurish qilishga majbur bo‘ladi. Armiyani qayta tashkil qiladi. Roman Diogen turklarga qarshi kuchli zarba berib, chegaralarni mustahkamlash, qo‘ldan ketgan qal’alarni qaytarib olish maqsadida, 1071-yil 13-mart kuni Konstantinopoldan katta qo‘shin bilan yo‘lga chiqdi. U bilan birga chiqqan qo‘shinning soni borasida turli taxminlar aytiladi.

Ba’zilar 200 ming, ba’zilar 600 ming, hatto XII asrda yashagan armani tarixchi edessalik Matta Vizantiya qo‘shinini bir million deb keltiradi. Zamonaviy tarixchilar esa 40 mingdan 75 minggacha bo‘lganini ta’kidlaydi (Haldon, John (2001). The Byzantine Wars: Battles and Campaigns of the Byzantine Era. Stroud: Tempus. P173 ; Jean-Claude Cheynet, Mantzikert: un d?sastre militaire?, Bruxelles, Revue internationale des ?tudes byzantines, 1980, p. 426).

Vizantiya qo‘shini asosan chet elliklardan tashkil topgan bo‘lib, ularning ko‘pi pul uchun jang qiladigan yollanma jangchilar edi. Qo‘shin tarkibida, slavyanlar, gotlar, franklar, gurjular, musulmon bo‘lmagan o‘g‘uz, qipchoq va pecheneg turklari kabilar bor edi. Qo‘shin Sivasda to‘xtadi va bir qator armani qishloqlarini vayron qilib, 1071-yil iyun oyida Erzurumga bordi. Alp Arslonning Halabda ekanidan foydalanib, Malazgirt va Ahlatni egallashni niyat qilib, Diogen tezlik bilan Van ko‘liga qarab to‘g‘ri yurdi.

Halabda istirohat etayotgan va Misr safariga hozirlik ko‘rayotgan Sulton Alp Arslon huzuriga Vizantiya elchilari kelib egallangan qal’alarni qaytarib berishni so‘radi. Ammo rad javobini olishdi. Alp Arslon Misr safarini bekor qilib, 20–30 ming kishilik qo‘shini bilan Malazgirtga qarab yurdi. (Haldon, John (2001). The Byzantine Wars: Battles and Campaigns of the Byzantine Era. Stroud: Tempus. P173). Josuslar vositasida Diogen qo‘shinlarining sonining ko‘pligini bilgan Alp Arslon Vizantiyaning maqsadi faqatgina Malazgirt emas, balki poytaxt Isfahonni egallash ekanini sezdi.

Malazgirtga yetib kelgan sulton qo‘mondonlari bilan jang taktikasi haqida gaplashib olish uchun kengash chaqirdi. Roman Diogen esa taktikasini tuzib bo‘lgan edi. Unga ko‘ra, birinchi hujum turklardan bo‘lishi va u qarshi hujumga o‘tib jangga kirishi kerak edi. Apl Arslon esa “hilol”, ya’ni yangi oy taktikasini qo‘llashni maqsad qildi.

1071-yilning 26-avgust juma kuni Apl Arslon o‘z qarorgohidan 7–8 km uzoqlikda turgan dushman qo‘shinini ko‘rdi. Jangning oldini olish maqsadida Alp Arslon dushman tarafga tinchlik sulhi taklif etib elchilar yubordi. Ammo Roman Diogen buni Alp Arslonning qo‘rqoqligiga yo‘ydi va taklifni rad etdi (Jorge, Nicolae (1908-1913). Osmanl? ?mparatorlu?u Tarihi, 84s).

Alp Arslon dushman qo‘shini soni ko‘pligini bilar va jangdan sog‘ chiqish ehtimolini kam deb hisoblardi, shu kuni jangga oq kiyimda sovutlarsiz chiqdi. Buning o‘ziga xos izohi bor edi. Islom-turk odati bo‘yicha oq kiyim kafan ma’nosini berar edi. Yonidagilarga esa shahid bo‘lgan taqdirda o‘ldirilgan yerida ko‘mishlarini vasiyat etdi. Shu kuni o‘zi imom bo‘lib qo‘shinga juma namozini o‘qidi va xutba qildi. Ushbu jangda g‘olib bo‘lishsa, g‘oziy, vafot etishsa, shahid bo‘lishlarini qo‘shinlarga uqtirdi. Barchasi musulmon turklardan tashkil topgan saljuqiylar qo‘shini jang uchun shay edi.

Vizantiya qo‘shinida ham xuddi shunday diniy marosimlar o‘tkazildi. Ruhoniylar askarlarni duo qildi. Diogenning jangni yutishga ishonchi komil edi va bunga erishsa o‘zining mavqeyi ortishidan amin edi. Chunki poytaxtda uning imperator bo‘lishini istamaganlar bor edi.

Jang turk otliqlarining kamondan o‘q yog‘dirishlari bilan boshlandi. Saljuqiylar qo‘shining aksar qismi otliqlardan iboratligi va bu otliqlar ot ustida kamondan mohirlik bilan o‘q uza olishi natijasida Vizantiya qo‘shini katta yo‘qotishlarga uchradi. Ammo bu qo‘shin safini buza olmadi. Shunda Alp Arslon olddagi otliq qo‘shinga yolg‘ondan chekinishni buyurdi va qo‘shin orqasida hilol misol saf tortgan guruhlar tarafga qarab chekina boshladi.

Turklarning shiddat bilan chekinayotganini ko‘rgan Roman Diogen ularning qochayotganini tushundi va ta’qib etishni boshladi. Zirhli kiyimlari bo‘lmagan turklar kuchli zirhli kiyingan Vizantiya qo‘shini qo‘liga tushmaydigan darajada tez chekindi. Yon tomonda pistirmada bo‘lgan turk o‘qchilari Vizantiya qo‘shiniga qarata o‘q yomg‘iri yog‘dirishga qaramasdan, ular ta’qibni davom ettirdi.

Ammo turklarni qo‘lga tushirishning imkoni bo‘lmadi, qo‘shin holdan toydi, shunga qaramay Roman Diogen ta’qibni davom ettirish haqida buyruq beraverdi. Shu onda u qopqonga tushirilganini angladi, chekinish yo‘lining ham turklar tomonidan egallanganini ko‘rgan Diogen nima qilishini bilmay qoldi. Sarosimaga tushib qolgan askarlar esa zirhlarini tashlab qochishga tushdi.

Bundan tashqari, Vizantiya qo‘shinidagi og‘uzlar, pecheneglar va qipchoqlar Alp Arslon qo‘shini tarafga o‘tib ketdi. Natijada qo‘shin butunlay kuchsizlanib qoldi. Qochib ketishga uringan imperator Roman Diogen qo‘lga tushirildi va asir olindi. Alp Arslon esa Roman Diogen bilan kelishuvga erishish evaziga uni qo‘yib yubordi. Asir olinganda ham unga yaxshi munosabatda bo‘lgan edi. Kelishuv shartlariga ko‘ra, Vizantiya imperator fidyasi uchun 1 500 000 denariy miqdorda pul, har yili 360 ming denariy o‘lpon to‘lashi, Atakya, Urfa, Ahlat va Malazgirtni saljuqiylarga berishi lozim edi. Orqaga qaytgan imperator Roman Diogen Tokatga yetgan, u yerdan 200 ming denariy to‘plab o‘zi bilan birga kelayotgan turk bo‘linmalari bilan birga sulton huzuriga yo‘lladi. O‘zi esa taxt uchun kurashlarda vafot etdi.

Shunday qilib, Malazgirtda oz sonli saljuqiylar qo‘shini Alp Arslon qo‘mondonligida ulkan zafarga erishdi.

Tarixchi Jan Klod Cheynet ma’lumotlariga ko‘ra, Vizantiya qo‘shinining yo‘qotishlari ilgari aytilgan raqamlardan ko‘ra ancha yengil bo‘lgan. Mixail Dukasning qo‘shini jangsiz qochib ketgan. Chap qanotdagilar ham uncha katta yo‘qotishga uchramagan. Buni aynan shu qo‘shinning keyinchalik slavyanlar va pecheneglar ustidan g‘alaba qozongani bilan izohlash mumkin. Markaz qismlari esa qurshovdan qochishga muvaffaq bo‘lgan. Umumiy yo‘qotishni qo‘shinlar umumiy sonining 5–10 foizi miqdorida keltirishadi. Turklar tarafidan qancha miqdorda askarlar yo‘qotilgani borasida aniq ma’lumotlar mavjud emas.

Mazkur jangdagi g‘alaba turklarga Onado‘li eshiklarini ochib berdi. Alp Arslon va Roman Diogen o‘rtasidagi kelishuv shartlari yangi imperator Mixail Dukas tomonidan bajarilmadi va Alp Arslon qo‘shiniga va mintaqadagi turk beylariga Onado‘lini fath etish amrini berdi. Bu esa o‘z navbatida, Onado‘lida bir Saljuqiy davlati tuzilishiga, Onado‘lining islomlashuviga, salib yurishlariga va keyinchalik 600 yil hukmronlik qilgan Usmonli imperiyasi va nihoyat bugungi Turkiya davlatining vujudga kelishiga yo‘l ochib berdi.

Odatda, ushbu jangdagi mag‘lubiyat Vizantiya uchun harbiy jihatdan katta yo‘qotish deb baholanar edi. Ammo XX asr tarixchilari bu fikrga qo‘shilmadi va ular bu mag‘lubiyat Vizantiyada harbiy emas, siyosiy inqirozni keltirib chiqardi deya hisoblaydi. Onado‘lining turklar tomonidan egallanishi ushbu jangga emas, balki Roman Diogendan oldingi va unda keyingi imperatorlarning siyosiy xatolari tufayli yuz berganini ta’kidlaydi. Yuqorida aytganimizdek, taxt uchun kurashlar Vizantiyani sharqiy mintaqalardagi vaziyatdan chalg‘itib qo‘ygan edi.

Nima bo‘lgan taqdirda ham Malazgirt jangi turklarga Onado‘li, ya’ni bugungi Turkiya eshiklarini ochgan ilk jang edi.

Jahongir Ostonov tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (27-08-2020, 09:10)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 54) ( 0) ( 52) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют