» » O‘zbekiston yon-atrofida “farovonlik kamari”ni shakllantirmoqda

O‘zbekiston yon-atrofida “farovonlik kamari”ni shakllantirmoqda


O‘zbekiston olib boradigan tashqi siyosat, qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlar qariyb 70 millionlik aholisi bo‘lgan butun mintaqa taqdiriga daxldorligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Bu haqda “Xalq so‘zi” gazetasi muxbiri Qobil Xidirov fikr yuritgan. 

Davlat rahbari parlament palatalarining qo‘shma majlisidagi nutqida mamlakatimizning milliy manfaatlarini ta’minlashda Markaziy Osiyo mintaqasi O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishi hisoblanishini alohida ta’kidlagan edi. “Biz o‘zimizning yaqin qo‘shnilarimiz Turkmaniston, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan ochiq, do‘stona va pragmatik siyosat olib borishga sodiq qolamiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qo‘shnini tanlab bo‘lmaydi. Bu — hayotiy haqiqat. Lekin har qanday holatda ham qo‘shnilar bilan til topishish, ular bilan do‘stona munosabatni yo‘lga qo‘yish juda muhim va zarur. Bunday ezgu maqsad Harakatlar strategiyasida o‘z ifodasini topgan. Ushbu hujjatda O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini, ya’ni “farovonlik kamari”ni shakllantirish, mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Xalqaro press-klubning yaqinda poytaxtda bo‘lib o‘tgan ilk majlisida qayd etishicha, O‘zbekiston atrofida “farovonlik kamari”ni shakllantirishning ahamiyati nihoyatda katta. So‘nggi paytlarda atrofdagi mamlakatlar bilan do‘stona, yaqin qo‘shnichilik munosabatlari shakllangani ham ana shunday yondashuvning amaliy natijasi sanaladi. 

Eng muhimi, tashqi siyosat shunchaki balandparvoz va quruq gap emas, balki odamlar, xalq uchun munosib turmush sharoitlarini yaratishga xizmat qilishi lozim. Qolaversa, tashqi siyosatning asosiy vazifasi xalqning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, ayni paytda yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shishdir. Bularning barchasi qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

O‘zbekiston uchun qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlar ustuvor ekanligini Prezident Shavkat Mirziyoyevning ilk davlat tashrifi Turkmanistonga bo‘lganidan ham anglash mumkin. Ekspertlarning ta’kidlashicha, ushbu safar, avvalo, davlat tashrifi maqomiga ega edi. Bunday tashriflar muayyan davlatga nisbatan bir marta amalga oshiriladi. Ikkinchidan, kun tartibiga kiritilgan masalalar, erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar ahamiyati hamda ko‘lamidan kelib chiqib aytiladigan bo‘lsa, bu, haqiqatan ham, tarixiy tashrif bo‘ldi. 

Davlat rahbarining Qozog‘istonga amalga oshirgan davlat tashrifi ham O‘zbekiston atrofida “farovonlik kamari”ni shakllantirish yo‘lidagi muhim amaliy qadamlardan biri, deyish mumkin. Sababi, Qozog‘iston hududi jihatidan Markaziy Osiyoning eng yirik davlati bo‘lsa, O‘zbekiston aholi soni bo‘yicha yetakchi mamlakat hisoblanadi. Bu davlatlarning o‘zaro munosabati mintaqa ravnaqiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Tashrif davomida imzolangan 2017—2019-yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik strategiyasini izchil amalga oshirish iqtisodiyotning turli sohalarida hamjihatlikni mustahkamlash, o‘zaro tovar aylanmasini 2020-yilgacha 5 milliard AQSh dollariga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Agar 2016-yilda mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2 milliard dollarni tashkil qilganini inobatga olsak, bu ham “farovonlik kamari”ni barpo etish yo‘lida erishilgan dastlabki muvaffaqiyatlardan biri bo‘ldi.

Bunday hamkorlik aloqalari Qirg‘iziston va Tojikiston bilan jadal olib borilmoqda. Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning bildirishicha, xususan, Qirg‘iziston bilan chegaralarni demarkatsiya va delimitatsiya qilish singari murakkab, o‘ta nozik masalada ham kelishuvga erishilmoqda. Bugun qariyb ming kilometr chegara aniq belgilanib, tegishli shartnoma tayyorlanmoqda. Ushbu tarixiy hujjat Qirg‘iziston rahbarining O‘zbekistonga tashrifi doirasida imzolanishi kutilayapti. 

Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, O‘zbekiston qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarda, avvalambor, sobiq ittifoq parchalanganidan so‘ng, shu bilan birga, turli obyektiv va subyektiv sabablarga ko‘ra, to‘planib qolgan muammolarni hal qilishga tayyorligini namoyon etmoqda.

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ham Xalqaro press klub majlisida buni alohida qayd etib, “Masalalarni muhokama qilishdan qochmasdan, oqilona kelishuvlarga erishish, o‘ylaymanki, O‘zbekiston rahbariyatining tashqi siyosatdagi birinchi va asosiy jihatidir”, dedi.

Опубликовано: admin (28-04-2017, 15:28)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 18) ( 0) ( 17) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют