» » O‘zbekiston maktablarida yangi o‘quv yili 14-sentabrdan boshlanadi, O‘quvchilar maktabga borishi yoki onlayn o‘qishi mumkin

O‘zbekiston maktablarida yangi o‘quv yili 14-sentabrdan boshlanadi, O‘quvchilar maktabga borishi yoki onlayn o‘qishi mumkin


O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 28-avgust, juma kuni umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quv yiliga tayyorgarlik masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, yangi o‘quv yili yaqinlashgani sari barcha ota-onalarni o‘qish qachon va qay tarzda boshlanishi qiziqtirmoqda. Bugungi kunda maktab o‘quvchilari soni 6,2 milliondan ziyodligi inobatga olinsa, mamlakatda bu masalaga befarq oila yo‘qligini aytish mumkin.

Shu bois davlat rahbari hukumatga bu borada xalq fikrini bilish, ota-onalar va muallimlar bilan maslahatlashgan holda, har tomonlama chuqur o‘ylangan qaror qabul qilish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi.

Shu maqsadda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan alohida so‘rovnoma tuzilib, har bir ota-onaning fikri batafsil o‘rganildi. Bu tadbirda 5 million 500 ming nafar ota-ona ishtirok etdi. Ularning 76 foizi ta’lim jarayonini maktabga qatnagan holda, ya’ni an’anaviy shaklda olib borish tarafdori bo‘lgan. 24 foizi esa masofaviy shaklda — teledarslar orqali davom ettirishni ma’qul ko‘rgan.

Bundan tashqari, mazkur masala yuzasidan dunyodagi vaziyat ham o‘rganildi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus dunyoda koronavirus kasalligi yana ikki yilgacha davom etishi mumkinligini bildirdi. BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish pandemiya sababli ko‘p davlatlarda to‘xtab qolgan ta’lim jarayoni oqibatlari kelgusida dunyo hamjamiyati uchun o‘ta og‘ir bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Ta’kidlanishicha, o‘qituvchilar bilan o‘tkazilgan muloqotlarda maktablar ochilishi tarafdori ekanligini bildirgan.

Shu xulosalardan kelib chiqib, maktablarda ta’lim jarayonini bir vaqtning o‘zida ikki xil shaklda tashkil etishga qaror qilindi. Ya’ni, aksariyat ota-onalar talabiga ko‘ra an’anaviy, shu bilan birga masofaviy shaklda yo‘lga qo‘yiladi.

Videoselektor yig‘ilishida pandemiya sharoitida ta’lim jarayonini tashkil etish bo‘yicha dolzarb chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlariga maktablarni sanitar talablarga muvofiq, birlamchi vositalar bilan to‘liq ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Sanitariya xizmati markazlari 5-senabrga qadar o‘z hududidagi maktablarning yangi o‘quv yiliga tayyorlik holatini o‘rganib, jamoaga qo‘shimcha o‘quv-treninglar o‘tadi. Bundan maqsad — maktablarga amaliy yordam ko‘rsatib, ota-onalarning ko‘nglini xotirjam qilish.

Mahalliy xalq deputatlari kengashlari o‘z tumanidagi epidemiologik sharoitdan kelib chiqib, maktablar faoliyatini yo‘lga qo‘yish yuzasidan tegishli qaror qabul qiladi.

Xalq ta’limi vazirligiga ota-onalar hamda mahalliy kengashlar takliflaridan kelib chiqib, yangi o‘quv yilini 14-sentabrdan boshlash, maktablarda harakatlar sxemasini ishlab chiqib, tajribadan o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berildi.

Bu tajriba asosida o‘quvchilarni maktabda kim kutib olishi, qaysi sinf qaysi eshikdan kirishi, sinfxonalarning havosi qachon almashtirilishi kabi har bir qadam aniq belgilab olinadi. Bu salkam 6 oydan buyon o‘quv dargohini sog‘ingan bolalarning tezroq moslashishi hamda xavfsizligida muhim o‘rin tutadi.

Hozirgi sinovli davrda maktab direktori, sinf rahbari va ota-ona o‘rtasidagi muloqotni har qachongidan ham kuchaytirish, uydan ta’lim oladigan o‘quvchilarning o‘zlashtirishini kundalik monitoring qilish lozimligi ta’kidlandi. Bu o‘quvchilarning yaxshi bilim olishi, shu bilan birga sog‘-salomat bo‘lishini ta’minlaydi.

Videodarslarni sifatli tayyorlash, bu jarayonga davlat va nodavlat telekanallarini faol jalb etish, 3 ta telekanalda doimiy efirga uzatib borish zarurligi qayd etildi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga joylarda raqamli televideniye signali va internet tezligini ta’minlash, chekka hududlardagi kommunikatsiya tizimlarini to‘liq testdan o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. O‘quvchilar uchun internetdan foydalanishda imtiyozli “Maktab” tarif rejasi joriy etilishi aytildi.

Ta’lim muassasalaridagi tozalik va ozodalikni saqlash, sinfxonalar va atrofni dezinfeksiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, har bir maktabga ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari biriktirilib, tartibni saqlash va karantin talablariga rioya etilishini nazorat qiladi. O‘quvchilar sog‘ligidan doimiy xabardor bo‘lish maqsadida hududiy poliklinika yoki vrachlik punktlaridan kamida bir nafardan tibbiyot xodimi jalb etiladi.

Mutasaddi vazirliklarga maktablar uchun pirometr va dozatorlar xarid qilish hamda hududlarga yetkazish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Viloyat hokimlari maktablarni dezinfeksiya qilish, antiseptik vositalar, tibbiy niqoblar bilan ta’minlashga mas’ul etib belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov yangi o‘quv yilini 14-sentabr — dushanba kunidan boshlash taklif sifatida kiritilganini ma’lum qilgan edi. Vazirlik yangi o‘quv yilini boshlash bo‘yicha 3 ta ssenariy asosida ish olib bordi, Davlat maktablarida yangi o‘quv yilida majburiy maktab formasi talab qilinmaydi. Shuningdek, darslar taklif etilganidek 30 daqiqa emas, balki an’anaviy 45 daqiqa o‘tiladigan bo‘ldi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (28-08-2020, 21:10)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 87) ( 0) ( 86) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют