» » Shvetsiyaning qudrati qanday tugagan edi? Rossiyani kuchaytirgan Shimoliy urush haqida

Shvetsiyaning qudrati qanday tugagan edi? Rossiyani kuchaytirgan Shimoliy urush haqida


Tarixda 1700-yildan 1721-yilgacha Rossiya podsholigi boshchiligidagi koalitsiyaning Shvetsiya qirolligiga qarshi olib borgan urushlari shimoliy urush deb nomlanadi. Urush harakatlari shimoliy, sharqiy va markaziy Yevropa hududlarida bo‘lib o‘tgan va uning natijasida Rossiya imperiyasi Shimoliy Yevropaning eng kuchli davlatiga aylangan. 30-avgust 20 yil davom etgan mazkur siyosiy-harbiy mojaro nihoyasiga yetgan kun hisoblanadi. Shu munosabat bilan bugungi maqolamizni mazkur voqeaga bag‘ishlaymiz.

1560-yildan 1660-yilgacha bo‘lgan davr orasida Shvetsiya Boltiq dengizida kuchli imperiyaga asos soldi. Ushbu imperiya tarkibiga Finlandiya havzasi, Kareliya, Estoniya, Livoniya, Ingriya kabi hududlarni ham qamrab olgan edi. O‘ttiz yillik urush davomida Germaniya hududlarini, jumladan, g‘arbiy Pomeraniya, Vismar, Bremen-Verden kabi viloyatlarni ham egalladi. Ayni shu vaqtda Shvetsiya Eresun bo‘g‘ozining shimolidagi Norvegiya va Daniya hududlarini ham egalladi. Ushbu g‘alabalarga son jihatdan kam bo‘lsa-da, Yevropaning boshqa armiyalariga qaraganda tajribali armiyasining va fuqarolik va harbiy boshqaruvdagi modernizatsiyalar katta yordam bergan edi.

Shimolda Shvetsiya kuchlangan bir paytda janubda keyinchalik u bilan ittifoqqa kirishadigan Usmonli katta hududlarni egallagan edi. Shu bilan birga Usmonlining Yevropadagi hududlarining shimoli-g‘arbiy qismlari sekin-astalik bilan qo‘ldan ketayotgan edi.

Sharqda esa Rossiya taxtiga o‘tirgan Pyotr I o‘zining issiq dengizlarga chiqish strategiyasi va maqsadi yo‘lida janubga qarab yurish qilayotgan edi. Janubda esa Usmonli bilan to‘qnashdi. 1700-yilgacha Azov portigacha yetib keldi va uni egallab shu yili Usmonli bilan Istanbul tinchlik shartnomasini imzolab shimolga qarab yurdi. Bu safargi uning maqsadi Boltiq dengizi portlariga chiqish edi. Chunki Rossiya chuqur tushkunlik davrlarida shimoldagi bir qator hududlaridan ayrilgan edi va 1617-yilgi Stolbovo shartnomasiga muvofiq Boltiq dengiziga chiqishdan mahrum bo‘lgan edi.

Shvetsiyaga qarshi tuzilgan harbiy blokka asosan undan jabr ko‘rgan va hududiy da’volari bo‘lgan davlatlar kirdi. Ular Rossiya podsholigi, Daniya qirolligi, Saksoniya, Prussiya qirolligi, Moldaviya knyazligi, Brunsvik-Lyuneberg gersogligi, Buyuk Britaniya (Buyuk Britaniya keyinchalik Shvetsiya safida jang qilgan), Rech Pospoliti kabi davlatlar edi. Ularga qarshi esa Shvetsiya, Golshteyn-Gottorp gersogligi, Usmonli imperiyasi, Kazak getmanligidan tarkib topgan ittifoqchilar turli yillarda to‘qnash keldi.

Shvetsiya taxtiga 18 yoshli Karl XII o‘tirishini qulay fursat bilgan anti-shved koalitsiyasi 1700-yilda Shvetsiyaning Shlezvig-Golshteyn, Livoniya va Ingiriya hududlariga hujum qilib, unga qarshi urush e’lon qildi. Shvetsiya esa Travendal va Narvada ruslar hamda daniyaliklarning hujumlarini qaytardi. Qarshi hujum asnosida Saksoniya qiroli Avgust II ning qo‘shinlarini Litva va Polshadan quvib chiqarib, Saksoniyagacha ta’qib qilib bordi va uni taxtdan tushirdi. Avgust esa Altranshtad shartnomasiga muvofiq mag‘lubiyatini tan olishga majbur bo‘ldi.

Pyotr I esa vaziyatdan foydalanib Boltiq dengiziga chiqish uchun Shvetsiyaning Boltiq dengizidagi hududlariga hujum qilishga qaror qildi va bu maqsadda 1703-yilda Sankt-Peterburg shahriga asos soldi. Karl XII esa Pyotrni to‘xtatish va Rossiyani bosib olish maqsadida Shvetsiyaning asosiy qo‘shini bilan Rossiyaga qarab yurdi. Ammo Poltava jangida ushbu qo‘shin tor-mor etildi. Karl XII esa Usmonli saltanatiga qochishga majbur bo‘ldi va Bender shahrida sulton tomonidan kutib olindi. Uni ta’qib qilib kelayotgan rus qo‘shinlari Prut daryosi bo‘yida turklar tomonidan to‘xtatildi.

Poltavadagi g‘alabadan keyin ilk mag‘lubiyatlardan keyin tarqalib ketgan koalitsiya qayta tiklandi. Gannover va Prussiya unga qaytib qo‘shildi. Boltiq dengizining janubidagi va sharqidagi Shvetsiya kuchlari siqib chiqarildi va Shvetsiya dominionlari koalitsiya o‘rtasida bo‘lib olindi. Shvetsiyaning o‘zi esa g‘arbda Daniya-Norvegiya va sharqda Rossiya tomonidan hujumga uchradi. Daniya kuchlari qaytarilgan bo‘lsa, Rossiya Finlandiyani egallashga muvaffaq bo‘ldi. Shu bilan birga, Shvetsiyaning dengizdagi kuchlariga tiklanmas zarbalar berdi. Karl XII 1718-yilda Norvegiyaga amalga oshirgan yurishi chog‘ida o‘ldirildi.

Urush Shvetsiyaning to‘liq mag‘lubiyati bilan yakunlandi. Bu esa Rossiyaga Boltiq dengizidagi hukmronlik, Sharqiy Yevropadagi eng kuchli davlat va Yevropa ishlarida muhim o‘yinchilardan biri bo‘lish imkonini yaratib berdi. 1721-yil 30-avgustdagi Shvetsiya va Rossiya o‘rtasidagi  Nishtad shartnomasi urushning yakuni bo‘ldi. Shvetsiya esa mutlaq monarxiyadan ozodlik davriga qadam qo‘ydi.

Urush qaysi davrda bo‘lmasin, insoniyatga yaxshilik olib kelmagan. Insoniyat urushlar bilan birgalikda boshqa kulfatlarni ham boshidan kechirgan damlar tarixda yetarlicha. Jumladan, Shimoliy urush davomida Boltiq dengizi havzasi, Sharqiy va Markaziy Yevropa mamlakatlaridagi ko‘plab shaharlar va viloyatlar katta vabo epidemiyasi qurshovida qoldi. Bu, ayniqsa, 1708–1712-yillarda cho‘qqisiga chiqdi. Vabo 1702-yilda ilk bor Polsha janubidagi shved harbiy gospitalida aniqlandi (Robert I. Frost, The Northern Wars. War, State and Society in Northeastern Europe 1558–1721, Longman, 2000, p. 273).

Keyinchalik esa savdo yo‘llari, armiyalar orqali butun Boltiq havzasiga tarqalib ketdi va Prussiyagacha yetib keldi. Kasallik 1712-yilda Gamburg shahriga yetib keldi. Askarlar va qochoqlar o‘zlari istamagan holda kasallikning tashuvchilari bo‘ldi. XIV–XIX asrlarda yuz bergan ikkinchi vabo pandemiyasi davrlariga to‘g‘ri kelgan ushbu epidemiya mintaqa boshidan kechirgan so‘nggi epidemiya edi. Kasallik oqibatida vafot etganlar soni hududlarga qarab turlicha edi.

Chunki ayrim hududlarda epidemiya uzoq davom etgan bo‘lsa, ayrimlarida qisqa davom etdi. Kuchli tarqalgan hududlarda aholining to‘rtdan uch qismini hayotdan olib ketdi. Bundan tashqari, o‘limlar sonini ochlik va chechak kasalidan o‘lganlar sonidan ajratish ham qiyinchilik tug‘diradi. Kasalliklar bilan bir qatorda, urush yillarida Yevropa tarixdagi eng sovuq qishni ham boshidan o‘tkazdi. 1709-yilgi qish eng sovuq qish sifatida talqin qilinadi va u o‘zi bilan qattiq ocharchilikni ham keltirib chiqargan edi.

Jahongir Ostonov tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (30-08-2020, 14:55)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 109) ( 0) ( 108) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют