» » Erta so‘ngan yorqin yulduz: Chedvik Bouzmanning hayot va ijod yo‘li

Erta so‘ngan yorqin yulduz: Chedvik Bouzmanning hayot va ijod yo‘li


Chedvik Bouzman chindan ham iste’dodli hamda yorqin yulduzga aylangan aktyorlardan biri edi. Uning har bir roli tomoshabinlar qalbidan joy oldi. Afsuski, “Qora pantera” filmining bosh qahramoni endi yo‘q, uni faqat esdalik bo‘lib qolgan filmdagi rollari orqali ko‘rish mumkin, xolos. 28-avgust kuni saraton kasalligi oqibatida vafot etgan taniqli aktyorning hayot va ijod yo‘liga nazar tashlaymiz.

Yoshligi

Kichkintoy Chedvik AQShning Janubiy Karolina shtatida yashovchi oddiy oilada dunyoga kelgan. Ota-onalar farzandiga hamisha eng yaxshisini berishga harakat qildi. Otasi kichik tadbirkorlik bilan shug‘ullanar, onasi esa hamshira bo‘lib ishlagan.

Keyinchalik Chedvikning so‘zlariga ko‘ra ma’lum bo‘lgandiki, u qora tanli bo‘lganligi uchun ko‘p joylarda ta’qiblarga uchragan. Tabiiyki, bunday holatlar uning hududida tez-tez uchrab turgan.

Maktabni tugatganidan so‘ng Chedvik rejissorlik faoliyati bo‘yicha ta’lim oldi. Ammo aktyor bu bilan qoniqmadi va Drama akademiyasining aspirantura bosqichida ham o‘qidi. U aktyorlikda to‘xtashni istamagan bo‘lsa-da, vaqt o‘tib, bor e’tiborini aynan shu sohaga qaratdi.

Bundan tashqari yulduz yoshligidan basketbol bilan shug‘ullanar edi va bu uning karyerasida ham yordam berdi.

Karyerasi

Ta’lim olish jarayoni tugaganidan so‘ng Chedvik mutaxassisligi bo‘yicha ish boshladi, u televizion film va seriallar uchun ssenariylar yozdi. Keyinchalik u o‘zini aktyor sifatida sinab ko‘rishga qaror qiladi.

Faqatgina seriallardagi bir nechta rollaridan so‘ng u katta ekranlarda ko‘rindi. Masalan, “42” kartinasida bosh rolni ijro etdi. Kastingdan so‘ng darhol bosh rolga tasdiqlanganiga qaramay, u o‘sha paytda ham aktyorlikdan voz kechish va o‘zini rejissorlik hamda sahnalashtirishga bag‘ishlash haqida o‘ylar edi.

“42” kartinasidan so‘ng aktyor bir nechta rollar ijro etdi. Ammo “Kapitan Amerika: Birinchi qasoskor” filmidagi Qora pantera roli uning karyerasida muhim voqea bo‘lib qoldi. Kartina namoyishidan so‘ng ham u bir necha bor Marvel’ning filmlarida suratga tushdi. Ulardan yana bir mashhuri 2018-yilgi “Qora pantera” filmi bo‘ldi.

Aktyorning so‘nggi ijrosi Spayk Li obrazi bo‘lib, bu rol “Bir xil qonning beshtasi” filmida ijro etilgandi. Aynan shu filmda Chedvikni tashvishga solgan irqchilik muammosi yoritilgan.

Shaxsiy hayoti va og‘ir kasallik

Bouzmanning o‘limidan keyin jurnalistlar uning hayotini chuqurroq o‘rganib, aktyorning hech kimga oshkor qilmay uylanganini aniqladi. Chedvikning ko‘ngil qo‘ygan insoni Teylor Simona Ledvard edi. Ular besh yilcha uchrashib yurgan. Juftlik 2019-yilning oktabrida nikohdan o‘tgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2016-yil aktyorning sog‘lig‘ida muammolar paydo bo‘lgan va unga yo‘g‘on ichak saratoni tashxisi qo‘yilgan. Aktyor kasallikka qarshi jasorat bilan kurashdi va bu haqda biror marta jamoatga ochiqlamadi. Ammo so‘nggi vaqtlarga borib, muxlislari yulduzni qandaydir muammo qiynayotganini sezib qoldi. Sababi Chedvik juda ozg‘in va horg‘in ko‘rinishga kelib qolgandi. Shavqatsiz kasallik tufayli Chedvik Bouzman 2020-yilning 28-avgust kuni bu olamni tark etdi.

Mavzuga doir:



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (30-08-2020, 16:25)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 103) ( 0) ( 101) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют