» » Rossiyaning Birinchi jahon urushidagi eng qo‘pol xatosi. “Tannenberg jangi” yakunlanganiga 106 yil to‘ldi

Rossiyaning Birinchi jahon urushidagi eng qo‘pol xatosi. “Tannenberg jangi” yakunlanganiga 106 yil to‘ldi


Bundan roppa-rosa 106 yil oldin, 1914-yil 30-avgustda tarixchilar keyinchalik “Birinchi jahon urushi davridagi sharqiy frontda yuz bergan eng ulkan jang” deb nomlagan dahshatli jang yakunlandi. Tarixshunoslikda ushbu jang “Tannenberg jangi” deb nomlanadi. Guvohlar va ishtirokchilar esa bu jangga nisbatan “Tannenberg falokati” degan atamani afzal ko‘rgan. Masalan, 5-Kaluga piyoda polkining 2-batalyon qo‘mondoni Yuliy Buchinskiy 1939-yilda o‘z xotiralarini nashr etganda uni shunday nomlagan. “Daryo” sana munosabati bilan jang tafsilotlari va tarixiy ahamiyati haqida hikoya qiladi.

Albatta, buning o‘ziga yarasha sabablari bor edi. Birinchi jahon urushi tarixidan ozgina bo‘lsa-da xabardor bo‘lgan har bir kishi rus qo‘shinlarining sharqiy Prussiyadagi harbiy operatsiyasi qanday muvaffaqiyatsiz tugaganini va bunda generallar Pavel Rennenkampf va Aleksandr Samsonovlarning qanday roli borligini yaxshi biladi. Aslida bu operatsiyaga nisbatan “falokat”so‘zi ham juda yumshoq o‘xshatishdir.

Chunki sharqiy Prussiya operatsiyasining umumiy natijasida ruslar o‘z qo‘shinlarning 64 foizini yo‘qotgan va og‘ir holatda chekingan. Taqqoslash uchun: yo‘qotishlarga xotirjam munosabati bilan tanilgan taniqli qo‘mondon, Prussiya qiroli Buyuk Fridrix “Agar davlat o‘z qurolli kuchlar shaxsiy tarkibining 56 foizini yo‘qotsa, bu deyarli to‘liq mag‘lubiyatdir” degan edi.

E’tibor bering, bu jangda nafaqat oddiy “kulrang paltolar”, ya’ni Rossiya armiyasining oddiy askarlari zarar ko‘rgan, balki ofitserlar korpusi ham jiddiy yo‘qotishlarga uchragan. Hattoki general Aleksandr Samsonovning o‘zi jangning qayg‘uli yakunini anglab, o‘rmonda o‘zini otib tashlagan. Bu esa o‘z navbatida uning boshqaruvidagi 2-armiyaning boshqaruvchanligi va ruhiy holatiga ta’sir ko‘rsatmay qolmagan.

Bu borada ko‘p rus tarixchilari “ha, ehtimol, bu falokat bo‘lgan, ammo bu muqaddas falokatdir” deb so‘z yuritadi. Ya’ni Antantaning umumiy g‘alabasi uchun zarur bo‘lgan qurbonlik. Rennenkampf va Samsonov qo‘shinlari sharqiy Prussiyaga o‘tib, belgilanganidan oldinroq zarba berishdi. Lekin nima uchun? Chunki fransuzlar shuni so‘ragandi, fransuzlarning himoyasi nemislarning shiddatli zarbalariga dosh bera olmagan va ular buning oqibatida deyarli Parijgacha chekingan.

Rossiyaning sharqdan bostirib kirishidan xavotirga tushgan nemislar Fransiyadan ikkita korpusni ko‘chirishga majbur bo‘ldi, bu esa nemislarning hujumini to‘xtatdi va “Marnadagi mo‘jiza” yuz berishi uchun zamin yaratdi. Rus tarixchilarining so‘zi bilan aytganda Tannenbergda berilgan ruslarning qurboni bejiz ketmadi: doim o‘zining ittifoqdosh majburiyatlariga sodiq bo‘lgan Nikolay II katta qurbonlar evaziga Fransiyani qutqardi.

Ruslar tomon yuborilgan ikkita nemis korpusi vaziyatni o‘zgartirishga qodirmidi? “Birinchi jahon urushi. 1914 yilgi falokat” kitobi muallifi, ingliz tarixchisi Maks Makdonald bunga amin emas. Nemislarning Parijni egallay olmasligiga Rossiyaning sharqiy Prussiyaga bostirib kirishi emas, balki harakatchanlikning yo‘qligi, taktika va razvedkaning bir qator xatolari va nihoyat bunday ko‘p sonli qo‘shinlarni boshqarishda noto‘g‘ri hisob-kitoblar sabab bo‘lgan.

Bundan tashqari, agar xolis yondashib qaraydigan bo‘lsak, rus qo‘shinlarining nemislarga hujumi “qon kechib bo‘lsa-da Parijni qutqarish” emasdi, ularning asl maqsadi Berlinni egallab, urushni ko‘tarasiga tugatish edi. Ayrim rus tarixchilarining asl maqsad Fransiyani qutqarish edi, kabi gaplari bu daraxtdagi olmani o‘q bilan ura olmay, o‘zi daraxtning shoxini nishonga olgandim deyishday gap.

Darhaqiqat, rus qo‘shinlarining Berlinga nisbatan bitta (ammo muvaffaqiyatli) zarbasi keyinchalik butun urush yo‘nalishini o‘zgartirib yuborishi mumkin edi. Urushdan oldin ham Germaniyaning dala bosh shtabi qo‘mondoni Helmut fon Moltke: “Agar ruslar Berlinga yetib kelsa, bizning g‘arbiy frontdagi barcha yutuqlarimiz befoyda bo‘ladi”, deb aytgandi.

Ha, bu mumkin edi. Germaniya bosh shtabi Rossiya hujumi haqida xabar topgach, nihoyatda tashvishga tushdi. Ayniqsa, 20-avgust kuni Gumbinnenda Rennenkampf bilan to‘qnashuvda nemis qo‘shinlarining mag‘lubiyatga uchrashi va Germaniya 8-armiyasi qo‘mondoni Maksimilian fon Pritvits Visladan ortga chekinishga qaror qilgani Germaniya bosh shtabini qattiq tashvishga solib qo‘ydi. Keyin esa Samsonov o‘zining ikkinchi armiyasi bilan yetib keldi. Vaziyat o‘ta og‘ir edi. Agar hamma narsa xuddi shu ruhda davom etsa, Berlin uchun jiddiy xavf tug‘ilishi aniq edi. Hattoki, Rossiya bosh shtabining boshlig‘i general Yakov Jilinskiy allaqachon sharqiy Prussiya general-gubernatori lavozimini egallashga umid qilardi.

Biroq Germaniya bosh shtabni rokirovka qilishga qaror qildi. Omadsiz fon Pritvits 8-armiya qo‘mondoni lavozimidan chetlashtirildi. Uning o‘rniga kuchli tandem qo‘yildi: Paul fon Gindenburg armiya qo‘mondoni lavozimiga tayinlangan bo‘lsa, Erix Lyudendorff u bilan birga shtab boshlig‘i bo‘ldi. Visla daryosi ortiga chekinish to‘xtatildi. Ammo bunday kuchli rus qo‘shiniga hujum qilish qo‘rqinchli edi. Eng muhimi, ruslar nima qilishlari va keyingi zarbani qayerga berishlari aniq emasdi. Nemis armiyasining razvedka shtabi rus radiogrammalarini qo‘lga kiritganida hamma narsa aniq bo‘ldi.

25-avgust kuni Rennenkampfning radioxabaridan ma’lum bo‘lishicha, u hatto bor kuchi bilan Samsonovga qo‘shilishga shoshilgan taqdirda ham oradan bir kun o‘tsa-da, nemislarga orqa tomondan tahdid qilish pozitsiyasidan juda uzoqda bo‘lardi. Samsonovning radioxabaridan ma’lum bo‘ldiki, u nemislarning kichik bir qismi bilan kechagi to‘qnashuvni katta g‘alaba deb qabul qildi, nemis otryadlarining chekinishini vahima bilan qochish deb o‘yladi. U dushmanni ta’qib qilishga qaror qildi.

Gindenburg va Lyudendorff o‘z omadlariga ishonmadi. Nahotki yapon urushining qahramonlari bo‘lgan general Samsonov va Rennenkampflar ulkan tajribaga ega bo‘laturib, shunchaki beparvolik qilishdi? Ular o‘zaro xabarlarni nahot oddiy ochiq radio orqali, hatto ularni shifrlamasdan almashadilar? Ha, ular aynan shunday katta xatoga yo‘l qo‘ygan edi. Berlin yoki Kyonigsbergni egallash rejalarining qulashi, shuningdek, ruslarning umumiy mag‘lubiyati o‘sha paytning o‘zida hal bo‘lgan edi.

Natijada rus armiyasi tor-mor etildi. Jangda 56 mingdan ortiq rus qo‘shinlari o‘ldirildi, yaralandi, asirga olindi. Ushbu jangdagi qaqshatqich mag‘lubiyat Rossiyaning Birinchi jahon urushida g‘alaba qozonishiga umuman umid qoldirmadi, bu esa o‘z navbatida mamlakatda tez orada sodir bo‘lishi kerak bo‘lgan bolsheviklar inqilobiga zamin yarata boshladi. Bu endi umuman boshqa hikoya...

Nurbek Alimov tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (31-08-2020, 09:25)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 84) ( 0) ( 82) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют