» » O‘zbekistondagi to‘yxona egalari to‘ylarni 70—100 kishi bilan o‘tkazish taklifi bilan chiqdi

O‘zbekistondagi to‘yxona egalari to‘ylarni 70—100 kishi bilan o‘tkazish taklifi bilan chiqdi


O‘zbekistondagi to‘yxona egalari to‘ylarga tashrif buyuruvchilar sonini oshirish taklifi bilan chiqib, 70—100 kishilik to‘ylarda karantin qoidalarini ta’minlashga kafolat berdi. Bu haqda Zo‘r TV telekanali tomonidan tayyorlangan “Bu kun” dasturida ma’lum qilindi.

Toshkentdagi to‘yxona egalari, shuningdek, to‘y o‘tkazgan oila boshliqlari to‘yxonadan ko‘ra uyda, karantin qoidalariga rioya qilib to‘y o‘tkazish qimmatga tushib ketayotganini ma’lum qilgan.

“To‘yxonada 150 nafar odamga qilinayotgan xarajat bilan uydagi 30 kishining xarajati bir xil bo‘lyapti. Oddiy misol: stol-stul va idish-tovoqlarni ijaraga olishmoqda. Shu narsalarning o‘zi 100 ming so‘mdan tushyapti kishi boshiga. 30 kishiga idish-tovoq va stol-stulning o‘ziga 3 million so‘m xarajat bo‘lyapti. Artistlar ham oldin to‘yxonaga 1 million so‘mga kelayotgan bo‘lsa, hozir uyga 2 million so‘mga kelishyapti. Sababi har bir to‘yxonaning o‘zining apparatlari bor, ovoz sozlagichlari bor, ularga tekinga qo‘yib berilardi, to‘yxona hisobidan. Endi esa artistlar o‘zlari o‘sha qurilmalarini xonadonga olib borishmoqda, buning uchun ham alohida to‘lov to‘lanyapti. Shuncha xonadonga borib to‘y tashkillashtirib beryapmiz, lekin birorta xonadonda 30 kishilik to‘yni ko‘rmadik”, — deydi to‘y tashkillashtirish bilan shug‘ullanuvchilardan biri.

Shuningdek, yana bir fuqaro to‘yxona egalari nomidan murojaat yo‘llab, to‘yga tashrif buyuruvchilar sonini oshirish taklifini bildirgan.

“To‘yxona egalari nomidan taklifimiz bor edi. To‘g‘ri, 30 kishilik to‘ylarimizni ko‘tarmaydi, lekin taxminan 70—100 kishilik to‘y qilib beradigan bo‘lsa, karantin qoidalariga amal qilinishga kafolat berardik. Masalan, 12 kishilik stolga 4 kishi o‘tqazilib, oralig‘ini 2,5 metrdan qilinadi. Har bir stol uchun stol uchun ofitsantlar javobgar bo‘ladi. Agar shu takliflarimiz o‘rganib chiqilib, ma’qullansa xursand bo‘lardik”, — deydi ismi oshkor etilmagan to‘yxona egasi.

Shuningdek, Facebook ijtimoiy tarmog‘ida “To‘ylar to‘yxonada bo‘lgani ma’qul edimi yoki uyda kam sonli odamlar bilan o‘tkazish qulaymi?” savoli ostida so‘rovnoma o‘tkazilgan. Unga ko‘ra, ovoz berganlarning 60 foizi to‘yxonada tartibli bo‘lishini, 30 foizi esa hovlida o‘tqazishni ma’qullagan.

“To‘g‘risini aytganda, qarindosh-urug‘, tanish-bilishchilik, qo‘ni-qo‘shnilar bilan yig‘ilganda 3-4 kun to‘y o‘tkazdim. Arzon deyishdi-ku, lekin oldingi o‘g‘illarimni uylantirgan to‘yimdan ko‘ra, bu safar qimmatga tushib ketdim. Karantin qoidalariga rioya qilish juda qiyin ekan. Hamma qarindosh-urug‘lar kirib kelaverar ekan, niqob taqqin deya olmaysiz”, — deydi karantin sharoitida to‘y o‘tkazgan ayollardan biri.

Karantin davrida uylangan Muhammadamin Tog‘ayev ismli yigitning so‘zlariga ko‘ra, uy sharoitida to‘y o‘tkazishdan u hech narsa yo‘qotmagan, balki aksincha, ortiqcha sarf-xarajatlardan qutulgan.

“Uyda, tor doirada 15 kishilik to‘y o‘tkazishga qaror qilik. Do‘stlarim ham karantinda to‘y qildi. To‘yga ketishi mumkin bo‘lgan pulni karantin sabab ishlata olmadi va bu pulga mashina oldi… 15 kishilik to‘y qildim, hayotim minus tomonga o‘zgargani yo‘q”,  — deydi u.

Mahalla faollari va IIO profilaktika inspektorlari tomonidan shu kunga qadar olib borilgan nazorat tadbirlari natijasida to‘y-maraka, tug‘ilgan kun kabi marosimlarda karantin qoidalariga rioya qilinmagan yuzdan ortiq holat aniqlangan. Holat yuzasidan ma’muriy bayonno rasmiylashtirilib, jarima tayinlangan.

Davlat xizmatlari agentligi ma’lumotlarga ko‘ra, 1-iyundan hozirga qadar 79 333 ta nikoh qayd etilgan.

Mavzuga doir: Shavkat Mirziyoyev to‘ylarni bir kunda 3—4 marta o‘tkazish holatlariga chek qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berdi

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida 23-martdan e’tiboran ommaviy tadbirlar, xususan, to‘y-marosimlarning o‘tkazilishi taqiqlangan edi. Ushbu taqiqdan so‘ng to‘y marosimlarini o‘tkazishga uringanlarga nisbatan hatto jinoyat ishi ham qo‘zg‘atildi. Mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorlashib, nisbatan nazorat ostiga olingach, Respublika maxsus komissiyasining 30-maydagi qarori bilan “yashil” toifaga kiritilgan hududlarda oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni 30 kishidan ko‘p bo‘lmagan holda o‘tkazishga ruxsat berilgandi.

Mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat keskinlashayotgani sababli 10-iyuldan boshlab mamlakatda to‘ylarni o‘tkazish yana taqiqlangandi. Karantin yumshatilishi asnosida 15-avgustdan boshlab 30 kishilik to‘ylar o‘tkazilishiga ruxsat berilgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (1-09-2020, 14:40)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 88) ( 0) ( 88) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют