» » AQSh, Turkiya va Xitoy elchilari O‘zbekiston mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan o‘zbek tilida tabrik yo‘lladi (video)

AQSh, Turkiya va Xitoy elchilari O‘zbekiston mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan o‘zbek tilida tabrik yo‘lladi (video)


AQSh, Turkiya hamda Xitoy elchilari O‘zbekiston xalqini Mustaqillik bayrami bilan qutlab, tabrik yo‘lladi. E’tiborli jihati, diplomatlar mezbon mamlakatga ehtirom ramzi sifatida o‘z tabriklarini o‘zbek tilida bildirgan.

AQShning O‘zbekistondagi elchisi Daniyel Rozenblyum

“Amerika xalqi nomidan O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 29 yilligi bilan chin dildan tabriklayman. Bu yil O‘zbekiston mustaqilligini o‘z yaqinlaringiz davrasida nishonlar ekansiz, 29 yil ichida erishgan yutuqlar – kuchli, suveren davlat barpo etish va xilma-xillikka boy aholi ichida milliy o‘zlikni shakllantirish haqida mulohaza qilasiz deb o‘ylayman”, – deydi AQShning O‘zbekistondagi elchisi Daniyel Rozenblyum.

Elchining ta’kidlashicha, islohotlar jarayonida Qo‘shma Shtatlar hamisha O‘zbekistonga ko‘makka tayyor.

“Hozirgi jadal islohotlar jarayoni bilan O‘zbekiston kelgusi yillarda yanada ko‘proq natijalarga erishish, jumladan, o‘zbek xalqi farovonligini oshirish hamda yoshlarga yanada keng imkoniyatlar yaratish yo‘liga o‘tdi. Yanada yaxshiroq kelajak qurish uchun mehnat qilar ekansiz, har doim Qo‘shma Shtatlar va Amerika xalqi qo‘llovi va do‘stligiga suyanishingiz mumkin”, – deydi Rozenblyum.

Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonning Mustaqillik bayrami AQSh elchisining oilaviy bayrami bilan bir kunda o‘tmoqda.

“Bugun mening to‘yim bo‘lgan kun hamdir. Roppa-rosa 29 yil avval men Ogayo shtati Klivlend shahrida oila qurgandim. Fursatdan foydalanib, rafiqam Sheronni ushbu kun bilan samimiy tabriklayman. Mustaqillik kuning muborak bo‘lsin, O‘zbekiston!” – deya tabrigini yakunlaydi AQSh elchisi.

Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Mehmet Surayyo Er

“Qadimiy Movarounnahr zaminida barpo bo‘lgan O‘zbekiston mustaqilligining 29 yilligi nishonlanayotgan ushbu kunda barcha qardoshlarimizni Istiqlol bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etib, o‘zbek xalqini va yo‘lboshchilarini shu qisqa vaqt ichida erishgan yutuqlari bilan tabriklayman. O‘zbekiston haqiqatan ham o‘z mintaqasiga va butun dunyoga qisqa vaqt ichida nimalarga erisha olishini namoyish etishda davom etmoqda”, — deydi Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Mehmet Surayyo Er o‘z tabrigida.

Qayd etilishicha, COVID-19 pandemiyasi global turg‘unlik davriga sabab bo‘ldi. Dunyoning barcha davlatlari singari O‘zbekiston ham bundan ta’sirlanmoqda. Ammo pandemiya keltirgan barcha noqulay sharoitlarga qaramay, O‘zbekiston islohotlarni amalga oshirish rejasidan chekinmay, bunyodkorlik yo‘lida qat’iy davom etmoqda.

“Prezident Mirziyoyevning uzoqni ko‘zlab olib borayotgan rahbarligi ostida O‘zbekiston kun sayin kuchayib bormoqda va o‘zining 29 yoshida demokratiya, inson huquqlari va qonun ustuvorligi sohasida o‘ziga ishongan holda aniq qadamlar tashlamoqda. Prezident Mirziyoyev rahbarligida plyuralistik demokratiya borasida qo‘yilgan muhim qadamlar ishonch bilan kelajakka intilayotgan va gullab-yashnayotgan O‘zbekistonning qadimiy davlat an’analariga asoslangan o‘ziga ishonchining yorqin namunasidir”, – deydi diplomat.

Turkiya elchisi ko‘p asrlik qardoshlik aloqalarini alohida ta’kidlar ekan, 1920-yilda Turkiyada kechgan milliy ozodlik kurash davrida turkistonliklar moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatganini mamnuniyat ila yodga olgan.

“1991-yilda o‘z mustaqilligini e’lon qilgan O‘zbekistonni birinchi bo‘lib tan olish sharafi Turkiyaga –Onado‘lidagi qardoshlariga nasib qildi; Toshkentdagi ilk elchixona juda qisqa vaqt ichida Turkiya tomonidan ochildi. Shu fursatdan foydalanib, muhim bir xushxabarni sizlar bilan baham ko‘rishni istayman: mustaqillikka erishgandan keyinoq ilk elchixonani ochgan Turkiya yaqin kunlarda mushtarak tamaddunimiz beshigi bo‘lgan ko‘hna Samarqandda birinchi bosh konsulxonasini ham ochish baxtiga musharraf bo‘ladi”, – deydi elchi Mehmet Surayyo Er.

Xitoyning O‘zbekistondagi elchisi Szyan Yan

“Mustaqil 29 yil davomida O‘zbekiston suveren taraqqiyot yo‘lida muhim qadamlar tashlandi. Mamlakat ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi, murakkab, ammo ahamiyatga molik yo‘lni bosib o‘tmoqda. Jumladan, mamlakatda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish borasida zarur sharoitlar yaratilmoqda. Aholining ijtimoiy ta’minoti oshirilib, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi mustahkamlanib bormoqda”, – deydi Xitoyning O‘zbekistondagi elchisi Szyan Yan.

Diplomat Xitoy va O‘zbekiston munosabatlari har tomonlama strategik darajaga ko‘tarilgani, o‘zaro manfaatli hamkorlik yanada jadal taraqqiy etishiga ishonch bildirgan.

“Bugungi kunda O‘zbekiston jahon hamjamiyati nigohida yangi qiyofada, ya’ni ochiq tashqi siyosati bilan jadal rivojlanayotgan davlat sifatida gavdalanmoqda. Bu esa o‘z navbatida uning porloq kelajagiga katta umid va ishonch bag‘ishlaydi”, – deydi Xitoy elchisi.

Mavzuga doir: Mustaqillik kuni munosabati bilan xorijiy davlatlar rahbarlari Shavkat Mirziyoyevni tabrikladi



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (1-09-2020, 18:40)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 85) ( 0) ( 84) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют