» » Dizayner Akfa va Artel kompaniyalari haqidagi hajviy video uchun uzr so‘radi

Dizayner Akfa va Artel kompaniyalari haqidagi hajviy video uchun uzr so‘radi


Dizayner Shavkat Egamberdiyev Akfa, Artel va Toshkent hokimi haqidagi hajviy videosi uchun uzr so‘radi. U ushbu videoni keng ommaga tarqalib ketganligi uchun Troll.uz’ni “podstava” qilganlikda aybladi. Troll.uz muallifi dizaynerga nisbatan tahdid qilinganini ta’kidlamoqda. Artel kompaniyasi vakili esa Troll.uz’ning fikrlari har doim ham to‘g‘ri va adolatli bo‘lavermasligini aytgan.

Vizual effektlar bo‘yicha rassom Shavkat Egamberdiyev Akfa (kompaniyalar guruhi, asosiy yo‘nalishlaridan biri alyumin profil ishlab chiqarish) va Artel (maishiy texnika ishlab chiqaruvchi yirik kompaniya) kompaniyalari, shuningdek, Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev haqidagi hajviy videoni tarmoqqa joyladi. Biroq u keyinroq videoni o‘chirib, o‘z ishi uchun kechirim so‘radi, shuningdek, Troll.uz sahifasini uni qiyin ahvolga solib qo‘yganlikda aybladi.

Videoda “6 sekund” deb yozilgan taksini va avtomashina orqa oynasida pushti rangdagi kalta paypoqni ko‘rish mumkin. Undan keyin video muallifi Shavkat Egamberdiyevning o‘zi yelkasida konditsioner ko‘targan holda ko‘rinish beradi va cho‘ntagidan bir nechta dollar valyutalarini chiqarib, havoga sochib yuboradi. Sochilgan pullar Cartel va Brakfa yozuvlari aks etgan ikkita bino tomon uchadi. Shuningdek, Cartel binosinining pastida “lyubaya monopoliya xorosha” va “duxa net” kabi jumlalar yozilgan. Banknotalar shamol parraklari tomon uchadi, boshqa tomondan esa maishiy texnika vositalari chiqadi. Brakfa deb yozilgan binoning tom qismida kostyum kiygan bir erkak (taxminlarga ko‘ra, hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev) Gangnam style uslubida raqsga tushmoqda. Butun videolavha “Afsona” filmining (asosiy rolda Tom Xardi) qahramoni tomonidan aytilgan iqtibos bilan davom etadi.

Videolavha 31-avgust kuni Troll.uz sahifasiga joylangan va ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqala boshlagan. Ertasiga Shavkat Egamberdiyev va Troll.uz sahifalaridagi video o‘chirib tashlangan, videolavha muallifi esa uzr so‘ragan holda videomurojaat yo‘llagan. Uning aytishicha, u videoga qoldirilgan barcha izohlarni o‘qib chiqqan va qattiq tushkunlikka tushgan.

“Bu video, bu qilgan ishim noto‘g‘riligini tushundim. Chuqur afsusdaman. Vijdonim qiynaldi”, — degan u.

Egamberdiyevning aytishicha, u grafist sifatida faoliyat olib boradi va har xil videoklip va reklama roliklarini yaratish bilan shug‘ullanadi. Biroq koronavirus pandemiyasi va karantin choralari sababli buyurtmalar soni keskin kamaygan.

“Tirikchilik qilish kerak. Shunga Instagram’dagi obunachilarni ko‘paytiraman, deb ‘deshyoviy xayp’ qilaman deb Akfa va Artel va shu jumladan, Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga qilingan videoroligim judayam katta xato bo‘ldi. Bundan, albatta, afsusdaman. Bir kun ichida 2000 ta ‘podpischik’ qo‘shildi. Bu halol ‘podpischik’ hisoblanmaydi”, — degan vizual effektlar bo‘yicha rassom.

Shavkat Egamberdiyevning ta’kidlashicha, Troll.uz blogining muallifi videolavhani keng ommaga tarqatib yuborib, uni qiyin ahvolga solib qo‘ygan.

“Bu vaziyatdan Troll.uz foydalandi. U meni ‘podstava’ qildi desam ham bo‘ladi. Chunki judayam ko‘p odamlarga tarqalib ketdi. Bu kichkina, o‘zimiz uchun yaratilgan videorolik, qanaqadir katta masshtabga aylanib ketdi. Shuning uchun Troll.uz’dan noroziman. Umumiy aytganda, qilgan ishimdan afsusdaman. Bu vatanparvarlikka kirmaydi. Uzr so‘rayman. Afsus!”, — degan Egamberdiyev.

Videoda Shavkat Egamberdiyev bir necha bor ko‘zlarini pastga tushirganini ko‘rish mumkin — aftidan, matnni o‘qish uchun.

Uzr so‘ralgan murojaat, shuningdek, Artel va Akfa Windows&Doors kompaniyalarining Facebook’dagi rasmiy sahifalarida ham joylashtirilgan.

Troll.uz’ ning munosabati va tahdidlar ehtimoli

Troll.uz blogining muallifi Umid Gafurov ushbu vaziyatni izohladi va Shavkat Egamberdiyevdan xafa emasligini aytdi.

“U kishining holatlarini to‘liq tushunaman va sizdan u kishiga nisbatan g‘azablanmasligingizni so‘rayman. Chunki video chiqqanidan keyin ertasi kuni Shavkat menga Artel kompaniyasi vakillaridan tahdid kelayotganini aytdi. Ramziddin degan odam qo‘ng‘iroq qilib tahdid bildirgan va o‘zini Artel bosh direktori deb tanishtirgan (telefon raqami * 107000 bilan tugaydi). Video muallifidan videoda uzr so‘rash talab qilingan. Men Shavkatdan bunday qilmaslikni so‘radim, chunki u hech narsada aybdor emas edi”, — deb yozdi bloger.

Uning aytishicha, kompaniyaning vakili Toshkentdan Namanganga “Shavkat bilan suhbatlashish uchun” ketgan.

“Uchrashuv bugun soat 7 da bo‘lib o‘tishi kerak edi. Shavkat bilan telefonda gaplashdim, kechikyapti, dedi. Yoningizda odam bormi, deb so‘radim. Bor, dedi. Soat 8 larda uchrashishdi, shekilli. Shundan so‘ng Shavkat qo‘ng‘iroqlarga va Telegram’dagi xabarlarga javob bermadi. Keyin u menga ‘Men sizni hurmat qilaman, lekin majbur bo‘ldim’ deb yozdi”, — deb yozdi Umid Gafurov.

Shuningdek, blogerning postida Troll.uz va Shavkat Egamberdiyevni “kir qidirishda” ayblagan Shuhrat Musayev degan bloger Artel, Akfa kompaniyalari va hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevni himoya qilgan, bunga Artel ishchilari faol tarzda izohlar qoldirgan.

“Menimcha, Shavkatdan mening barcha so‘zlarimni rad etishni va barcha yozishmalarni tozalashni so‘rashadi. Mendan ham ushbu xabarni olib tashlashimni ‘juda qattiq’ so‘rashsa kerak. Balki, shunga majbur ham qilishar. Hozir hech narsaga kafolat berib bo‘lmaydi. Ammo barchangiz bilasizki, internetda nashr etilgan barcha narsalar u yerda abadiy qoladi”, — ta’kidlagan u.

Umid Gafurovning aytishicha, Shavkat Egamberdiyev undan bu holat yuzasidan hech narsa yuklamasligini iltimos qilgan.

“Shuning uchun barcha e’tirozlaringizni faqat o‘zimga bildiring. Shavkat Egamberdiyev juda iste’dodli montaj ustasi. Bunday insonlarni qo‘llab-quvvatlash kerak. Aytgancha, bularning barchasi 1-sentabrda sodir bo‘ldi. Barchangizga bayram muborak bo‘lsin!” — deb yozdi Troll.uz muallifi.

Kurbanoff.net blogi muallifi vaziyatni Streyzand effektiga — “biror-bir informatsiyaning ommaga tarqalib ketishini to‘xtatishga harakat qilib, uning yanada keng tarqalishiga sababchi bo‘lishi” (asosan, internet orqali) kabi ijtimoiy fenomenga o‘xshatdi.

Artel izohi

Artel brendini rivojlantirish ishlari bo‘yicha rahbar Ramziddin Qo‘chqorov “Gazeta.uz” so‘roviga javoban dizaynerga tahdidlar qilinganligi va undan videoni Instagram’dan o‘chirishni talab qilinganligi haqidagi versiya, bu shunchaki Troll.uz’ning taxminlari ekanligini aytdi.

“Troll.uz’ning fikrlari har doim ham to‘g‘ri va adolatli bo‘lavermaydi”, — dedi u, Shavkat Egamberdiyevning o‘zidan unga qarshi tahdidlar bo‘lgan yoki bo‘lmaganligini aniqlashtirishni maslahat bergan holda.

“Gazeta.uz” esa Shavkat Egamberdiyev bilan bog‘lana olmaganini yozgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (3-09-2020, 06:25)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 93) ( 0) ( 91) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют