» » Oddiy talabalarning katta muvaffaqiyati. Google tashkil topganiga 22 yil bo‘ldi

Oddiy talabalarning katta muvaffaqiyati. Google tashkil topganiga 22 yil bo‘ldi


Bugun kimga internetda nima kerak bo‘lsa, uni qidirish uchun albatta Google saytidan foydalanadi. Shubhasiz, internetni Google’siz deyarli tasavvur qilib bo‘lmaydi. Hozir bundan yigirma ikki yil oldin, 1998-yil 4-sentabr kuni paydo bo‘lgan Google’dan muvaffaqiyatliroq kompaniyani ham tasavvur qilish qiyin. “Daryo” sana munosabati bilan Google tarixi va qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishtiradi.

Kompaniyaning ta’sischilari oddiy talabalar Sergey Brin va Larri Peyj edi. Ular o‘zaro do‘stlik rishtalarini bog‘lagan paytlarda birgalikdagi faoliyatlari qanday natijalarga olib kelishini bilmagan bo‘lsa kerak. Ammo hozir ularning mehnat mahsuli hamma uchun tushunarli – har kuni Google qidiruv xizmati yuz millionlab odamlarga foydali ma’lumotlarni topishga yordam beradi va kompaniyaning mahsulotlaridan, jumladan, smartfonlar va barcha turdagi onlayn xizmatlaridan hatto bolalar ham bemalol foydalanadi.

Moskvada tug‘ilgan Sergey Brin besh yoshligida oilasi bilan AQShga ko‘chib o‘tadi. Sergey uchun maktab dasturi juda zerikarli tuyulsa-da, u iqtidorli va nihoyatda aqlli bola sifatida o‘qishda jiddiy natijalarni ko‘rsata boshlaydi. Dunyoga mashhur AQShdagi Stenford universitetiga o‘qishga kirgach, Sergey Brin do‘sti va kelajakdagi hamkori Larri Peyj bilan tanishadi va u bilan juda tez do‘stlashib ketadi. Chunki bu yosh yigitlarning dunyoqarashi va qiziqishlari bir-biriga juda yaqin edi.

Ularning o‘rtasida umumiy o‘xshashliklar juda ko‘p edi – ikkalasi ham maqsadga erishish yo‘lida kurashuvchan, aqlli va har ikkalasining asosiy qiziqishi kompyuterlar edi. Bundan tashqari, o‘sha paytlarda dunyoda allaqachon internet degan “mo‘jiza” mavjud edi, ammo sohada qidiruv tizimlari bilan bog‘liq juda katta bo‘shliq bor edi. Shu sababli foydalanuvchilarga kerakli ma’lumotlarni topish juda qiyinchilik tug‘dirardi. Ushbu sabablar ikki yosh yigitning o‘z qidiruv tizimlarini yaratish uchun qattiq kirishishlariga turtki bo‘lib, bu g‘oya ularning hayot mazmuniga aylandi.

Ha, dastlab yosh tadbirkorlar o‘zlari yaratgan mahsulotni aynan Googol deb atamoqchi bo‘lgan edi. Gap shundaki, bu loyihani moliyalashtirishga rozi bo‘lgan yagona investor pul o‘tkazishda xatolik tufayli kompaniya nomini Google deb yozib yuboradi, Sergey Brin va Larri Peyj esa pulni olib, taqdir taqozosi bilan Google deb nomlangan loyiha ustida ishlashni boshlaydi.

Dastlab ular kichik garajda ishlaydi. O‘sha paytlar ularning atigi ikkita yordamchisi bor edi. Ularda reklama uchun sarmoya bo‘lmaganiga qaramay, o‘z qidiruv tizimlarini ommalashtirishga qattiq kirishishadi. Ular barcha daromadlarini biznes aktivlarini kengaytirishga sarflaydi.

Loyiha boshlanganidan taxminan bir yil o‘tib, Amerikadagi barcha yirik gazetalar u haqda yozadi. Do‘stlar tinim bilmay ishlaydi, ular o‘z qidiruv tizimlarini igna bilan quduq qaziganday sabr bilan ishlab chiqdi, har ikkisi ham maksimalist bo‘lmasa-da, ammo xayolda ulkan rejalarni orzu qilishdi, oradan yillar o‘tib esa bu rejalar ular tasavvur qilganidan ham yaxshiroq amalga oshdi.

Bu foydalanuvchilar orasida Google qidiruv tizimini ommalashtirgan mashhur iboradir. Gap shundaki, Google o‘z rivojlanishini davom ettirayogan bo‘lsa-da, ko‘plab foydalanuvchilar ushbu qidiruv tizimidan olingan ma’lumotdan foydalanishni boshlab yuborgandi. Kompaniya esa bu paytda beixtiyor More Evil than Satan (shaytondan ham yovuzroq) deb nomlangan kulgili hazilni yaratdi, bu  quyidagicha tushuntiriladi: shu so‘zlarni qidiruvga kiritsangiz Microsoft va Disney kompaniyalari iblisdan ham yovuzlar qatorida birinchi o‘rinlarda turadi.

Oradan biroz vaqt o‘tgach, ishlab chiquvchilar bunga izoh berdi. Ular qidiruv tizimi buni o‘zi o‘ylab topmasligini, u shunchaki internetda ushbu kompaniyalar bilan birga keladigan umumiy so‘zlar tufayli shunday natija chiqarib berishini aytdi. Boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, agar ushbu kompaniyalar benuqson obro‘ga ega bo‘lganlarida, qidiruv tizimi ularni ushbu reytingning birinchi pog‘onalariga qo‘ymasdi.

Bir million dollar kapitali bilan ro‘yxatdan o‘tgan kompaniya atigi olti yil ichida o‘z aksiyalari narxini 100 million dollarga ko‘paytirdi. 2007-yilda esa kompaniya 66 milliard dollar kapitallashuvi bilan maqtana olardi! Bu nafaqat o‘zining to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchilarini, balki boshqa ko‘plab yirik brendlarni – Coca Cola, Marlboro, General Electric’larni muvaffaqiyatli ortda qoldirishga imkon bergandi.

Bugun Google tashkil topganiga 22 yil to‘ldi. Kompaniyaning hozirgi narxi esa bir trillion dollarga yetdi. Ushbu kompaniyaning muvaffaqiyat hikoyasi uzoq vaqtdan beri yosh tadbirkorlar uchun namuna bo‘lib kelmoqda. Ular hatto maxsus “Google yaratish” iborasini o‘ylab topdi, bu esa o‘z navbatida ma’lum bir biznes strategiyasiz katta pul ishlashni anglatadi.

Qidiruv tizimining rivojlanishi bilan bir qatorda Sergey va Larri o‘zlarining qidiruv tizimi bilan muvaffaqiyatli o‘zaro aloqada bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa loyihalarni ham ishlab chiqdi. Birozdan so‘ng kelajakda yaxlit birlashishi mumkin bo‘lgan mustaqil loyihalar paydo bo‘la boshladi. Android operatsion tizimiga huquqlarni sotib olib, ular Apple bilan muvaffaqiyatli raqobatlasha oldi.

Kompaniyaning barcha loyihalari bilan tanishish uchun ancha vaqt kerak bo‘ladi. Ammo ularni o‘rganish boshqa, ularni rivojlantirish esa boshqa narsa. Har yili dunyoning eng kuchli dasturchilari Google’ga keladi. Dasturchilikni o‘rgana boshlagan yoshlar bu yerda ishlashni orzu qiladi, shunga intiladi, lekin yo‘l hamma uchun ham ochiq emas. Ammo ish sharoitlari haqiqatan ham jannatga o‘xshaydi. Mazali nonushta, eng yaxshi oshpazlar tayyorlagan ovqatlar, qulay dam olish yoki o‘ylash uchun barcha sharoitlar, video o‘yinlar, stol o‘yinlari, munosib ish haqi va albatta, harakatlarning to‘liq erkinligi! Bu yerda an’anaviy shablonlar mavjud emas, bu yerda sen uchun boshliq o‘ylamaydi, har bir kishi umumiy ishga o‘z hissasini imkoniyatlaridan kelib chiqib qo‘shadi, shuning uchun har bir xodim Google manfaati uchun ishlashdan xursand.

Shunday qilib, Sergey Brin va Larri Peyj oddiy g‘ayrat va kichik tushunmovchilik orqali global miqyosdagi kompaniyani yaratish mumkinligi haqidagi ideal namunani yaratdi. Qizig‘i shundaki, o‘zlarining loyihalari bunday katta kapitallashuvga erishib, bu insonlar hozirda dunyoning eng boy insonlari qatorida bo‘lsa-da, ular o‘zlarining ochiqligini, hazilkash va soddaligini saqlab qoldi.

Ular boylikni ortidan quvmaydi, endi boylik ularning ortidan quvadi, shunday bo‘lsa-da, ular avvalgidek yashashni afzal ko‘radi, qimmatbaho mashinalar va hashamatli kvartiralarga e’tibor bermaydi. Oddiy talabalar tomonidan yaratilgan dunyo miqyosidagi gigant kompaniyalar yetarlicha. Yana bir sodda yigit bor, uning faoliyati ham oddiy mehnat va aql ustiga qurilgan. Ammo bu endi umuman boshqa hikoya...

Nurbek Alimov tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (4-09-2020, 21:25)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 106) ( 0) ( 105) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют