» » O‘zga sayyoraliklarga yo‘llangan mujda. 5-sentabr – Voyager-1 kosmik zondi startga chiqqan sana

O‘zga sayyoraliklarga yo‘llangan mujda. 5-sentabr – Voyager-1 kosmik zondi startga chiqqan sana


Siz o‘zga sayyoraliklar mavjudligiga ishonasizmi? 60-yillarda jahon matbuotida o‘zga sayyoraliklar tashrifi bilan bog‘liq turli fantastik qissalardan tortib, sariq matbuotni egallab olgan uydirma maqolalargacha ko‘p uchrar edi. Hatto 1967-yilda koinotdan kelayotgan aniq davriylikka ega radiosignallarni ham o‘zga sayyoraliklar yo‘llagan, degan ilmiy nazariya paydo bo‘lgandi va o‘shanda ko‘pchilik ularning mavjudligiga ishona boshlagandi. “Daryo” Yupiter va Saturnni yaqindan tadqiq qilishni maqsad qilgan Voyager-1 apparatining parvoziga 43 yil bo‘lgani munosabati bilan qiziqarli faktlarni taqdim etadi. 

Keyinroq aslida o‘sha signallar pulsar yulduzlardan kelishi va hech qanday “o‘zgalar” tomonidan jo‘natilmasligi ayon bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, jamiyatda va hatto eng yuqori siyosiy doiralarda ham bu mavzu kun tartibidan mutlaqo olib tashlangan deyish qiyin. Chunki shaxsan AQSh prezidenti Jimmi Karterning o‘zga sayyoraliklarga “salom yo‘llaganini” boshqacha izohlab bo‘lmaydi.

1970-yillardan boshlab koinotni tadqiq qilish maqsadida sayyoralararo avtomat kosmik stansiyalar uchirila boshlandi. Xususan, biz avvalroq “Vega” zondi, Mars-6 missiyasi hamda Messenger apparatlari haqida hikoya qilgan edik. O‘sha yillari uchirilgan apparatlar ichida, shubhasiz, eng muvaffaqiyatlilari – egizak Voyager’lar bo‘ladi. 1977-yilning 20-avgust va 5-sentabr sanalarida ketma-ket uchirilgan ushbu avtomat kosmik stansiyalar mana 40 yildan ziyod vaqt mobaynida hamon ishlab turgani bilan haqli ravishda muhandislik mo‘jizasi hisoblanadi.

Bugun 5-sentabr ushbu egizak kosmik apparatlardan birinchisi – Voyager-1 uchirilganiga 43 yil to‘ldi. Yuqorida aytganimizdek, u hamon ishlab turibdi va hozirda inson qo‘li bilan yasalgan narsalar ichida Yerdan eng olisga uzoqlashgan apparat ham hisoblanadi. Shuningdek, u inson yasagan texnika vositalari ichida eng katta tezlikka erishgan apparat hamdir.

Voyager-1 apparatining asosiy vazifasi gaz gigantlari – Yupiter va Saturnni yaqindan tadqiq qilish bo‘lgan. Haqiqatan ham Voyager-1 ushbu ikki eng yirik sayyoraning hamda ularning tabiiy yo‘ldoshlarining tarixan eng birinchi yaqin tasvirlarini olgan va Yerga yuborgan. U 1979-yilda Yupiterga yetib borgan va keyingi yili, aniqrog‘i, 1980-yilning noyabrida u Saturnga ham tashrif buyurgan. Ushbu sayyoralarni o‘rganish borasidagi asosiy vazifani bajargandan keyin Voyager-1 qo‘shimcha missiyani bajarish sari otlangan va unga ko‘ra, Quyosh sistemasining eng chetki qismlari, xususan, Koyper belbog‘i va geliosferaning chegarasini tadqiq qilishga kirishilgan.

Apparat plutoniy-238 izotopi asosidagi radioaktiv yoqilg‘i evaziga harakatlangani bois va muhandislik hisob-kitoblarining mukammal bajarilgani tufayli u belgilangan asosiy missiyaning bajarilganidan keyingi bir necha o‘n yilliklar mobaynida ham ishchi qobiliyatini saqlab qolayotgani hayratlanarlidir.

Unga radioaktiv yoqilg‘ili generatordan tashqari yana bir necha ilmiy uskunalar, xususan, ikkita kompyuter o‘rnatilgan bo‘lib, ularni radioaloqa vositasida qayta dasturlash mumkin va aynan shu narsa Voyager-1 faoliyatini sozlab, nazorat qilib, zarur bo‘lsa, tuzatish va qo‘shimchalar kiritib borish imkonini beradi. Kompyuterlardan tashqari apparat bortida televizion kamera, infraqizil va ultrabinafsha spektrometri, plazma detektori hamda past energiyali zaryadlangan zarralar detektori va kosmik nurlar detektori singari uskunalar o‘rnatilgan.

Aynan ushbu detektorlar vositasida olimlar 2012-yilning avgust oyi oxirida Voyager-1 Quyosh sistemasini uzil-kesil tark etganini aniqlagan. Ya’ni ushbu datchiklar o‘shanda Quyosh sferasidagi zaryadlangan zarralar oqimining keskin kamaygani va aksincha, yulduzlararo fazodagi yuqori energiyali kosmik nurlar miqdorining keskin ortganini payqagan. Bu narsa esa Voyager-1 va nihoyat Quyosh tizimidan chiqib ketganini dalillovchi ko‘rsatkich sifatida qabul qilingan.

Voyager-1 bortida ilmiy uskunalardan tashqari yana bir muhim “yuk” – oltin plastinka joylashtirilgan. G‘oyaga ko‘ra, qachonlardir kelib Voyager-1’ni o‘zga sayyoraliklar tutib olsa, ushbu plastinka orqali Yer sayyorasi va undagi tabiat va odamlar haqida ma’lumot olishi mumkin bo‘ladi. Oltin plastinkada koinotdagi bir necha pulsarlarga nisbatan Quyosh va Yerning joylashuv koordinatalari, shuningdek, Yer sayyorasi tabiatiga oid rasmlar, xaritalar, DNK strukturasi, hujayraning bo‘linib, ko‘payish sxemasi hamda turli jonivorlarning tovushlari yozib qo‘yilgan.

Oltin plastinkada inson faoliyatiga oid ma’lumotlar ham mavjud bo‘lib, xususan, Motsart, Stravinskiy, Bax musiqalari, Peru, Bolgariya, Ozarbayjon xalq qo‘shiqlari, gruzin xor ashulasi, Xitoy, Yaponiya hamda Indoneziya xalqlari mumtoz musiqasi ohanglari bilan to‘ldirilgan. Plastinkaning kirish qismi dunyoning 55 xil tilida, shu jumladan, hozirda o‘lik til hisoblanadigan bir necha qadimiy tillarda (shumer tili, lotin tili va hokazo) yo‘llangan salomlashuv xitoblari bilan boshlanadi va yakunda AQShning o‘sha yillardagi prezidenti Jimmi Karterning o‘zga sayyoraliklarga yo‘llagan murojaati bilan tugaydi.

Murojaatda, shuningdek, o‘sha yillardagi BMT bosh kotibi bo‘lgan Kurt Valdxaym ham ishtirok etgan. Murojaatda, jumladan, shunday deyiladi: “Bu apparat to‘rt milliard odamga ega bo‘lgan Yerning, aholisi 240 million nafar bo‘lgan davlatida yaratilgan. Odamzod hali hamon alohida millat va davlatlarga ajralgan holda yashamoqda, lekin mamlakatlar sayyoradagi umumiy sivilizatsiya uchun intilmoqda. Biz koinotga ushbu mujdani yubormoqdamiz. Ishonamizki, u milliardlab yillar mobaynida tirik qoladi va agar kelgusida qandaydir sivilizatsiya uni topib olsa, unda bizning ularga aytar gapimiz quyidagilardir: Bu olis kichik bir olamdan sovg‘a, bunda bizning tovushlarimiz, ilm-fanimiz, tasvirimiz, musiqamiz, fikrlarimiz va hissiyotlarimiz (joylangan). Biz sizlarning zamonangizda ham mavjud bo‘lish uchun, hozir o‘z zamonamizda yashash uchun kurashyapmiz. Biz hozirda qarshimizda turgan muammolarni bir kun kelib yechishimizga va kun kelib galaktik sivilizatsiyaga qo‘shilishimizga ishonamiz. Bu xabar bizning umidlarimiz, qat’iyatimiz va koinotga nisbatan yaxshi niyatlarimizni bayon qiladi”.

Yuqorida ham aytganimizdek, startga chiqqaniga 43 yil bo‘lgan bo‘lsa-da, Voyager-1 hozirda ham ishlab turibdi. U ayni paytda Quyoshdan 150,3 yorug‘lik yili masofasida Yerdan 22,5 milliard kilometr narida uchib bormoqda. Apparat yoqilg‘isi taxminan 2025-yilgacha yetishi mo‘ljallangan. Shundan keyin u galaktika bo‘ylab, yulduzlararo fazoda erkin harakatda davom etadi.

Muzaffar Qosimov tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (5-09-2020, 20:25)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 97) ( 0) ( 95) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют