» » Markaziy Osiyoning taqdiri o‘zgargan kun. Buxoro amirligining qulatilganiga 100 yil bo‘ldi

Markaziy Osiyoning taqdiri o‘zgargan kun. Buxoro amirligining qulatilganiga 100 yil bo‘ldi


1920-yil 2-sentyabr kuni Buxoro amirligining poytaxti Buxoro shahri sovet armiyasi tomonidan bombardimon qilindi. Keyingi kunlarda ro‘y bergan voqealar asnosida Buxoro amirligi tugatildi va o‘rniga Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tashkil etildi. “Daryo” Buxoro amirligi tugatilganiga 100 yil to‘lishi munosabati bilan Markaziy Osiyo mintaqasi taqdirini o‘zgartirib yuborgan ushbu voqeani esga oladi.

XVI asrda tashkil topgan Buxoro davlati o‘z tarixida uch sulolani almashtirdi. Dastlab, shayboniylar, keyin ashtarxoniylar, so‘nggida esa mang‘itlar Buxoroda hukmronlik qildi. XIII asrdan buyon an’anaga aylangan xonlik boshqaruvi XVIII asrgacha davom etdi. Ma’lumki, O‘rta Osiyoni boshqargan xonlarning barchasi Chingizxon avlodlaridan bo‘lgan va legitim hokimiyat aynan chingiziylarga berilishi lozim bo‘lgan. Bundan boshqasini qabul qilishni tasavvur qilishmagan. Bu tizim Amir Temur va temuriylar davrida ham saqlangan. Taxtda Chingizxon avlodidan bo‘lgan qo‘g‘irchoq xon o‘tkazilib, uning o‘rnidan amirlar boshqargan. Buxoro xonligida esa shayboniylar va ashtarxoniylar chingiziy bo‘lgani uchun taxtda o‘zlari o‘tirgan.

XVIII asr o‘rtalarida esa Nodirshoh bosqinidan keyin ashtarxoniylar zaiflashib qoldi. Shu vaziyatda mang‘itlar davlat ishlarida yuqori lavozimlarga ega edi. Ulardan eng yirigi Muhammad Rahimbiy otaliq unvoniga ega edi. Aynan uning avlodlari navbatdagi sulolaga asos soldi. Dastlabki mang‘itlar chingiziy bo‘lmaganliklari sababidan taxtga xon sifatida o‘tira olmas edi. Shu sabab ular ham soxta xonlarni taxtga o‘tkizdi. Bu an’anaga Amir Shohmurod nuqta qo‘ydi va o‘zini Amir deb e’lon qildi. Shu tariqa Buxoro xonligi amirlik deb atala boshlandi.

Buxoroning mang‘it amirlarining eng yiriklari Shohmurod, Amir Haydar va Amir Nasrulollar edi. Rossiya imperiyasining Markaziy Osiyo davlatlarini egallash maqsadida qilgan yurishlari natijasida Buxoro amirligi ham xavf ostida qoldi. 1868-yilgi Zirabuloq jangidan keyin amirlik amalda Rossiyaga qaram davlatga aylandi. 1873-yilgi Shahrisabz shartnomasiga muvofiq Buxoro amirligi rasman Rossiya imperiyasining protektoratiga aylandi. Bu paytda taxtda Amir Muzaffar o‘tirgan edi. Bir necha bor qo‘ldan ketgan hududlarni qaytarib olish maqsadida Rossiyaga elchilar yubordi. Ammo u va undan keyingi amir Abdulahadxon davrida ham Buxoro Rossiya imperiyasiga vassal sifatida qoldi.

XX asr boshlariga kelib Rossiyaning avvalgi qudrati zaiflasha bordi. Birinchi jahon urushidagi og‘ir talafotlar imperiyani yanada zaiflashtirdi. Ayni shu davrda Rossiyada yangi bir kuch, yangi bir g‘oya maydonga kela boshladi. Bu kommunizm g‘oyasi edi.

Rossiya imperiyasida 1917-yilda yuz bergan fevral inqilobidan keyin Buxoro amiri Olimxon zudlik bilan mustaqillikni e’lon qildi. Buxoro yana mustaqil davlat sifatida uch yil yashadi. Rossiyadagi Muvaqqat hukumat Buxoro mustaqilligini tan oldi. Oktabr inqilobi ortidan Sovet hukumati ham Buxoro mustaqilligini tan oldi. Rossiyalik tarixchi Sergey Kuzminning ta’kidlashicha, kommunistlarning bunday qadam tashlashiga sabab ular kommunistik inqiloblarni eksport qilishni maqsad qilishganida.

Buning uchun ular dastlab do‘stona aloqa o‘rnatgan davlatlarida kommunistik g‘oyalarni tarqatish maqsadida kommunistik yoki kommunizmga loyal bo‘lgan partiyalar va guruhlar tuzdi. Keyin esa ushbu partiyalar va guruhlar yordamida hokimiyatni qo‘lga olishga harakat qilindi. Xuddi Buxoro va Xivada bo‘lgani singari. Qizi armiya esa “o‘z burchini” bajarish uchun “yordam”ga oshiqdi. Natijada, hokimiyat bolsheviklar tomonidan boshqariladigan mazkur partiyalar qo‘liga o‘tdi.

Buxoro mustaqilligi yillarida aynan qanday voqealar yuz bergani to‘g‘risida obyektiv fikr bildirish uchun ikki tomon manbalari ham o‘rganilishi kerak bo‘ladi. Ammo asosiy saqlanib qolgan manbalar, tabiiyki, g‘olib tarafning manbalari va xotiralaridir. Sobiq Ittifoq davrida ko‘plab arxiv hujjatlari mafkuraviy yot deb topilgani sababli yo‘q qilib yuborilgan. Shuning uchun mahalliy hujjatlarning yetishmasligi muammosi paydo bo‘lgan.

Aksariyat sovet mualliflari Buxoro voqealarini yoritishda kommunizm mafkurasiga mos bo‘lgan ma’lumotlarni beradi. Ya’ni Buxoroda xalq inqilob qilgan va “yovuz” amirni taxtdan qulatgan. Sovet Rossiyasi esa faqatgina “yordam” bergan. Ushbu sxema butun sovetlar egallagan respublikalar uchun ishlagan. Hatto Buxoroni bombardimon qilgan Mixail Frunze ham o‘z xotiralarida Buxoroga hujumni “Buxoro xalqiga qurolli yordam” sifatida talqin qilgan. Ushbu “afsona” ga ko‘ra, Qizil Armiyaning vazifasi faqatgina “Buxoro xalqiga Buxoro tuzumining zulmiga qarshi kurashda birodarlik inqilobiy yordam berish” edi.

Xo‘sh, Buxoroda haqiqatda xalq inqilobi bo‘lganmi? AQShlik tarixchi, antropolog Adib Xolid bu haqida shunday deydi: “Buxoroda amirning qulatilishida va sovet hokimiyatining o‘rnatilishida buxoroliklar ishtirok etgan. Ammo shuni qat’iyat bilan aytish lozimki, Buxoroda hech qanday xalq qo‘g‘aloni va inqilob bo‘lmagan”.

Sergey Kuzmin esa Buxoro voqealari, shuningdek, Xiva voqealarida ham xuddi shunday fikrni ilgari surgan. Ya’ni Xivada ham Buxoroda ham xalq inqilobi yuz bermagan, balki xalqaro kommunistik intervensiya sodir bo‘lgan. Buni oddiy tilda aytadigan bo‘lsak, kommunistik bosqinchilik urushi.

XIX asr oxiri XX asr boshida O‘rta Osiyoda jadidchilik deb nomlangan ma’rifatparvarlik harakati vujudga keldi. Manbalarda aynan ushbu harakat ba’zasida Buxoroda “Yosh buxoroliklar” guruhi tuzildi. Ushbu guruh o‘sha paytlarda butun dunyoda paydo bo‘layogan shunga o‘xshash yoshlar guruhlaridan biri edi. Jumladan, Usmonlidagi Yosh turklar ushbu harakatning ilhomlantiruvchi kuchi bo‘lib xizmat qilgan. S.V Chirkinning esdaliklariga ko‘ra, Yosh buxoroliklar a’zolari asosan savdo ishlari bilan xorijga chiqib kelgan yoshlardan iborat edi. Ular o‘zlari ko‘rgan xorijdagi rivojlanish, taraqqiyotni Buxoroda ham qurishni istadi.

Asosan, siyosiy maqsadlar uchun tashkil topgan mazkur guruh a’zolari 200 taga ham yetmagani aytilsa-da, harakatning liderlaridan biri bo‘lgan Fayzulla Xo‘jayev uning a’zolarini ko‘pchilik deb yozib qoldirgan (Fayzulla Xo‘jayev. Uch jildli tanlangan asarlar. (A. A. Agzamxo‘jayev va boshqalar tahriri ostida) T. I. - Toshkent: FAN, 1970. b. 87-89).

Harakat o‘zining mavjudligini 1917–1918-yillarda ma’lum qilgan. Uning o‘sha paytdagi lideri Buxoroning yirik boylaridan bo‘lgan Mirzo Muhiddin Mansurov edi. Fevral inqilobidan keyin partiya tarkibi qayta shakllantirildi. Yosh buxoroliklar hamda Rossiyaning bosimi ostida qolgan Amir Olimxon 1917-yilning 7-aprel kuni islohotlar o‘tkazish haqidagi farmoni oliyni e’lon qildi. Amir farmonida nufuzli kishilardan iborat majlis tuzish, davlat xazinasini ta’sis etish va mamlakat budjetini belgilash, poytaxtda bosmaxona ochish, sanoat va savdoni rivojlantirish, soliqlarni tartibga solish, amaldorlar ustidan nazorat o‘rnatish va ularga mo‘yana to‘lash kabilar tilga olingan edi.

Ammo xalq Yosh buxoroliklarni istamadi va ularni xalq qo‘liga topshirishni talab qilib namoyishga chiqdi. Natijada, Amir 14-aprel kuni farmonni bekor qildi va Yosh buxoroliklar partiyasi a’zolari Buxoro shahrini tark etib, Yangi Buxoro (Kogon)ga ketdi. Partiya tarkibi qayta tashkil etildi, natijada, partiyada bo‘linish yuz berdi. Partiya asosan o‘nglardan iborat bo‘lib qoldi va ular tinchlik yo‘li bilan amirga yetib borishni, buning uchun Rossiya vositachiligidan foydalanishni ma’qul ko‘rdi. Lider Muhiddin Mansurov ham faqat tinch yo‘l tarafdori edi. Ular amir hokimiyatini saqlagan holda islohotlarga erishishni maqsad qilgan edi.

Ikkinchi guruh tarafdorlari bu yo‘lni ma’qullamadi va ular faqatgina qurolli yo‘l bilan amir hokimiyatini ag‘darib tashlash va Buxoroda respublika tuzishni yoqlab chiqdi. Buning uchun partiyani maxfiy ravishda qurollantirish taklifini ilgari surdi. Bu fikr tarafdorlari Fayzulla Xo‘jayev, Abduqodir Muhitdinovlar edi.

Amir bilan uchrashishga bo‘lgan urinishlar xalqning qattiq qarshiligiga uchradi. Yosh buxoroliklar esa Yangi Buxorodan ham chiqib ketib, Turkiston o‘lkasiga qarab yo‘l oldi. U yerda Yosh buxoroliklarning Turkiston bo‘limini ochdi. 1918-yil sentabr oyiga kelib, Yosh buxoroliklar partiyasi kommunistik partiya deb e’lon qilindi.

Sovet Rossiyasining Buxoroni egallashga bo‘lgan ilk urinishi 1918-yilda yuz berdi. 1917-yilgi oktabr inqilobi va Turkiston muxtoriyatining qonga botirilishi ortidan Rossiya va Buxoro munosabatlari sovuqlashdi. Turkiston XKS raisi bo‘lgan Kolesov 1918-yil fevralning oxirida Qo‘qon shahrida Yosh buxoroliklar liderlari bilan uchrashdi va ularga amir hokimiyatini ag‘darib tashlash uchun “yordam”ini taklif qildi.

Kolesovga qo‘shilish maqsadida rahbari Fayzulla Xo‘jayev o‘laroq yetti kishidan iborat inqilobiy qo‘mita tuzildi. Shunday qilib, 1918-yil 1-mart kuni Kolesov armiyasi Buxoro ostonlariga yetib keldi. Ammo kutilganidek, Buxoro xalqi Yosh buxoroliklar boshlab kelgan Kolesov armiyasini qo‘llab-quvvatlamadi, aksincha, ularga dushman sifatida qaradi va amirga yordamga oshiqdi. Natijada, Kolesov yurishi muvaffaqiyatsiz yakunlandi.

Shundan keyin amir Rossiyaga qarshi muqarrar urushga hozirlana boshladi. 1920-yilning avgust oyining boshlarida amir mamlakatdagi qo‘shinlarni tayyorgarlikdan o‘tkazishni boshlab yubordi. Hal qiluvchi janglar oldidan amir qo‘shinlari ikki joyda to‘plandi. Asosiy doimiy qo‘shin Buxoro shahri va uning atrofidan o‘rin olgan bo‘lsa, bekliklar qo‘shinlari Shahrisabz va Kitobda Taxtaqoracha dovonini to‘sib turdi. Aynan shu yerdan mamlakat ichkarisiga Samarqanddan eng yaqin yo‘l bor edi.

Sovet davlatining Buxorodagi vakili A.E Akselrod Buxoroga qurolli hujum to‘g‘ri yo‘l emasligini aytgan edi. Armiyani muammosiz yengish mumkin, ammo 2,5 millionlik tog‘ aholisini bajarib bo‘lmasligidan ogohlantirdi. Ammo Turkistondagi Sovet hukumati bunga boshqacha ko‘z bilan qarar edi. Ayniqsa, Turkfront qo‘mondoni Mixail Frunze Buxoroda xalqning ko‘tarilishini yillab kutish kerakligini aytib, qurolli hujum bilan Buxoro masalasini hal qilishni taklif qildi.

U 1920-yil yoz bo‘yi mazkur masala bo‘yicha politbyurodan ruxsat so‘radi va bunga erishdi. Qizil Armiya urushga kirishi uchun u Yosh buxoroliklardan foydalanishni maqsad qildi va ularni o‘ziga qo‘shilishga chaqirdi. Amirga muxolif bo‘lgan yosh buxoroliklar unga qo‘shildi. Bu orqali Frunze o‘zining Buxoroga yurishini inqilobchilarga yordam berish bahonasi ila oqlashni maqsad qildi.

Shunday qilib, harbiy operatsiyalar 1920-yilning 28-avgustdan 29-avgustga o‘tar kechasi Chorjo‘yda boshlandi. Besh kun davomida Qizil Armiya bir nechta nuqtada urush qilib, mamlakat hududlarini egallab oldi. Eski Buxoroga hujum 29-avgust kuni boshlandi va 2-sentyabrgacha davom etdi. Shahar qattiq mudofaa qilindi. Amir Olimxon Qizil armiyaning kutilmagan hujumi sababli himoyani yaxshi tashkil qila olmadi. Zotan, Sovet aeroplanlariga qarshi tura oladigan vositalarga ega emas edi.

Buxoro shahri samolyotlardan bombardimon qilindi. Shaharga 12 mingta snaryad otildi. Shuningdek, Qizil armiya tomonidan kimyoviy qurollar ham ishlatildi. Bu haqda Moskva vakili Mashitskiy o‘z xotiralarida yozib qoldirgan. Bunday ma’lumotlarni Aleksadr Genisning hujjatli materiallar asosida yozilgan “Buxoroni bir yoqlik qilish kerak” kitobida uchratish mumkin: “Inqilob hech qanday tayyorgarliksiz ekani ayon bo‘ldi va u Qizil Armiyaning hujumiga aylandi. Yashirib o‘tirishning hojati yo‘qki, u Buxoro xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash haqidagi huquqini poymol qildi va Buxoro bosib olingan hududga aylandi.

Buxoroga bir necha millionta o‘q, ko‘pchilik qismi kimyoviy bo‘lgan bir necha mingta snaryadlar otildi. Artilleriya va piyodalarning otishmalarining kuchi shu qadar katta ediki, Buxoro askarlarini inqilob tomoniga o‘tkazish imkoniyati o‘z-o‘zidan yo‘qoldi. Buxoro markaz va vokzalga olib boradigan unga tutash hududlarda butunlay vayron etildi. Tarixiy obidalar vayron qilindi. Masjidlar vayron etilib, qolganlari (uchdan ikki qismi) kazarma va otxonalarga aylantirildi. Boshlangan yong‘inlar va talonchilik nafaqat ommaning kayfiyatiga, balki Buxkomga (inqilobning eng sodiq o‘rtoqlari) ham salbiy ta’sir qildi, ularning jahli chiqib va ochiqchasiga “bolsheviklar Buxoroni talashmoqda” deb aytdi.

Buxoroga qilingan hujum katta yong‘in keltirib chiqardi va 6-sentyabrgacha Buxoro olov ichida qoldi. Voqea guvohlarining so‘zlariga ko‘ra, Buxoroga hujum natijasida shaharda mingta do‘kon, 20 ta saroy, 29 ta masjid, uch mingta aholi uylari vayron etildi. Ark va uning atrofidagi 300 ta bino jiddiy talafot ko‘rdi. Baljuvoniyning yozishicha, Buxoro o‘z tarixida bunday vayronagarchilikni ko‘rmagan edi.

Amir esa 31-avgust kuni ming kishilik guruh bilan oila a’zolarini olib Buxorodan chiqib ketdi. Dastlab G‘ijduvon, keyinchalik sharqiy Buxoro (Tojikiston), undan keyin esa Afg‘onistonga amir Omonullaxon huzuriga ketishga majbur bo‘ldi.  Shunday qilib, XVI asrda tashkil topgan Buxoro davlatida monarxiya ag‘darildi. Ammo Amir Olimxon Buxoro mujohidlarini qo‘llab-quvvatlab turdi. Dastlab, sharqiy Buxorodan, keyinchalik esa Afg‘onistondan turib ularni Sovet hokimiyatiga qarshi kurashga da’vat etib keldi.

Amir hokimiyati o‘rnida 6-sentyabr kuni ba’zi manbalarda 8-oktyabr kuni Buxoro Xalq sovet respublikasi tuzildi. Sovet Rossiyasi uni mustaqil davlat sifatida e’lon qilgan bo‘lsa-da, ortidan V.V. Kuybishev RSFSR vakili sifatida yuborildi va partiya ishlari uning qo‘l ostida amalga oshirildi. Bu esa amalda Buxoroning Sovet Rossiyasiga qaramligini anglatar edi.

Buxorodan ayrilgan Amir Olimxon 1929-yil “Buxoro xalqining hasrati tarixi” deb nomlangan kitobini e’lon qildi. Bu, aslida, Millatlar Ligasiga qilingan murojaat edi va amir bu orqali Buxoroni qaytarib olishga umid qilgan edi. U bir necha bor Yevropa davlatlariga murojaatlar yo‘llab, sovet hokimiyati Buxoroda noqonuniy hukumatga kelganini isbotlashga harakat qildi. Ammo o‘sha paytdagi geosiyosiy sharoit tufayli uning barcha urinishlari zoye ketdi. Afg‘onistonda uning harakatlari cheklab qo‘yildi. Ikkinchi jahon urushi paytida ham Olimxon Sovet hokimiyatiga qarshi kurashga harakat qilib ko‘rdi. Biroq buning uddasidan chiqa olmadi. Umrining oxirida ko‘zlari ojiz bo‘lib qolgan Buxoroning so‘nggi amiri Olimxon 1944-yilda Kobulda vafot etdi.

Yuqorida aytganimizdek, Sovet davrida Buxoro voqealariga inqilob tusi berildi. Buni odamlar ongiga singidirish, amirlarni yomon otliq qilish kampaniyalari uyushtirildi. Buning uchun har turli usullardan foydalanildi. Hatto, XIII asrda yashagan tasavvuf shayxlaridan Xo‘ja Nasriddindanda bu ishda foydalanildi. Adabiyot, kino orqali xalqni qadimgi ajdodlarga nisbatan nafrat tuyg‘ulari bilan sug‘ordilar. Buxoro voqelari haqida esa 1955-yilda “Amirning qulashi” (Rej: Vladimir Basov va Latif Fayziyev), 1970-yilda “Qora konsulning o‘limi” (Rej: Komil Yormatov) kabi badiiy filmlar ishlandi.

Jahongir Ostonov tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (6-09-2020, 11:25)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 109) ( 0) ( 106) ( 3)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют