Myunxendagi “Qora sentabr”. Falastinlik terrorchilarning isroillik sportchilarga hujumi va olingan qasos tarixi
1972-yil 5-sentabr kuni erta tongda Myunxendagi Olimpiya qishlog‘ining panjaralari ustidan oshib o‘tgan “Qora sentabr” nomli Falastin ekstremistik guruhi a’zolari Isroil delegatsiyasi joylashgan kvartalga kirib bordi. Bosqinda bir nafar isroillik o‘ldirildi va boshqa isroillik sportchilarning katta guruhi garovga olindi. “Daryo” voqea tafsilotlari haqida hikoya qiladi.
Quyidagi sportchilar terrorchilar tomonidan garovga olingan edi: og‘ir atletikachilar Zev Fridman, Yosef Romano va Devid Berger, kurashchilar Eliezer Halfin, Mark Slavin va Gadi Tsabarilar, klassik kurash bo‘yicha hakam Jozef Rutfreynd va og‘ir atletika bo‘yicha hakam Yakov Shpringer, murabbiylar Andre Shpitser (qilichbozlik), Kehet Shor (o‘q uzish), Moysha Vaynberg (kurash), Amipur Shapiro (yengil atletika). Bosqindan faqatgina Gadi Tsabari qochib qutulishga muvaffaq bo‘ldi, u butun boshli zinadan bir sakrashda tushib, zulmat ichra g‘oyib bo‘ldi.
Olimpiya qishlog‘ining panjaralari oldida juda ko‘p odam yig‘ilgandi, ular Isroil delegatsiyasi yashagan balkonlar va uyning tomida boshiga niqob kiygan va avtomatlar bilan qurollangan odamlar turganini ko‘rdi. Birgina ehtiyotsiz harakat va ular o‘t ochishni boshlashlari mumkin edi. Germaniya hukumati tez orada falastinliklar bilan muzokaralarga kirishdi, ular esa o‘z navbatida Isroil qamoqxonalaridagi 234 nafar falastinlik mahbusni va g‘arbiy Yevropa qamoqxonalaridan yana 16 kishini zudlik bilan ozod qilishni talab qildi. Olimpiya qishlog‘ining meri Valter Treger, Germaniya olimpiya qo‘mitasi prezidenti Villi Daume va Bavariya ichki ishlar vaziri Bruno Merklar sportchilar o‘rniga o‘zlarini garovga taklif qildi, ammo terrorchilar bunga rozi bo‘lmadi.
Kunning o‘rtasida terrorchilar Moysha Vaynbergni o‘ldirdi va uning jasadini ko‘chaga uloqtirdi. Bu bilan ular o‘zlarining maqsadlari jiddiyligidan dunyo hamjamiyatini ogohlantirmoqchi edi. Kunning oxiriga kelib Germaniya kansleri Villi Brandt Isroilning Olimpiya o‘yinlarini tugatish to‘g‘risidagi talablarini rad etdi.
Terrorchilar bilan muzokaralar 16 soat davom etdi. Natijada Germaniya ichki ishlar vaziri Xans Ditrix Gensher falastinliklarning shartlariga rozi bo‘ldi. Asirlar saqlanayotgan uy yoniga uchta vertolyot qo‘ndirildi. Vertolyotlarga terrorchilar va garovga olinganlar chiqdi, ular Fyurstenfeldbryuke harbiy aerodromi tomon yo‘l oldi, keyin ularni Yaqin Sharqqa jo‘natish rejalashtirilgan edi. Ammo besh nafar qurollangan terrorchi vertolyotlardan tushishi bilanoq snayperlar ularga qarata o‘q uzdi.
Umuman olganda, ushbu qutqarish operatsiyasi to‘liq muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Sakkizta terrorchidan ikkitasi yo‘q qilindi, qolganlari tartibsiz ravishda o‘q uza boshladi. Jangarilardan biri to‘rt nafar garovga olinganlarni otib tashladi, ikkinchisi esa besh nafar isroillik sportchi o‘tirgan vertolyot tomon qo‘l granatasini uloqtirdi. Qisqa jangdan so‘ng yana uch nafar terrorchi yo‘q qilindi, shuningdek, Germaniya Federativ Respublikasining ikki fuqarosi – politsiyachi va portlagan vertolyotning uchuvchisi halok bo‘ldi.
Bavariya politsiyasining kechikkan va noto‘g‘ri o‘ylangan harakatlari o‘n bir isroillik sportchi va murabbiylarning o‘limiga sabab bo‘ldi. Besh nafar terrorchi o‘ldirildi, yana uch kishi qo‘lga olindi.
Isroil xalqi qasos olishni talab qila boshladi. Tel-Aviv va Quddus kafelarida odamlar asosan qasos haqida gaplashardi. Nufuzli universitet professorlari ham qasos olishga chaqirdi. Qasos olish hukumatning favqulodda yig‘ilishida ham muhokama qilindi. Isroil hukumati ushbu terroristik harakatga aloqador barcha shaxslarni qidirish va yo‘q qilishga qaror qildi. Isroil bosh vaziri Golda Meyer Knessetdagi nutqida: “Xalqimizga berilgan barcha kuch va qobiliyatlarni terrorchilarni qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar topib yo‘q qilishga qaratamiz”, dedi.
Shunday qilib, Isroil hukumati Myunxen fojiasiga aloqasi bo‘lgan har har qanday odam borki jazolashga qaror qildi. Buning uchun jinoyatchilarni topish va yo‘q qilish bo‘yicha misli ko‘rilmagan operatsiya tashkil qilindi va amalga oshirildi. Golda Meyer hukumati va Mossad tomonidan amalga oshirilgan ushbu operatsiya “Xudoning qahri” deb nomlandi. Bir necha yil davomida Isroil razvedkasining agentlari butun dunyo bo‘ylab falastinlik jangarilarini qidirib topib, to‘g‘ridan to‘g‘ri bosh vazir Golda Meyerdan olingan yo‘q qilish sanksiyasini amalga oshirdi.
Golda Meyer Mossad rahbari Svi Zamirga Myunxendagi teraktni sodir etganlar, “Qora sentabr” guruhi a’zosi bo‘lganlar va bu ishlarga aloqador har qanday odamlar ro‘yxatini tuzishni buyurdi. Asosiy maqsad Yevropadagi butun terroristik tarmoqni yo‘q qilish edi.
Ushbu vazifani bajarish uchun Golda Meyer va Mudofaa vaziri Moshe Dayan boshchiligida “X-qo‘mita” tashkil qilindi, ushbu qo‘mitaning buyrug‘iga binoan Mossad maxsus guruhi tuzildi. Shunday qilib, “Qora sentabr” terroristik guruhi a’zolari va hujumga bevosita yoki bilvosita aloqador bo‘lganlarga qarshi “ov” boshlandi.
Terakt tashkilotchiligida gumon qilinganlardan birinchisi – Abdul Vayl Zuaytar 1972-yil 16-oktabrda otib o‘ldirildi. 1973-yil iyuniga kelib, Mossad o‘z ro‘yxatidagi 17 kishidan 13 nafarini yo‘q qildi. “Qora sentabr” tashkilotining yetakchisi Abu Ayyod 1991-yilda, Myunxen fojiasidan 19 yil o‘tib o‘z sheriklari tomonidan o‘ldirilgan.
Ammo Livan va Norvegiyada o‘tkazilgan operatsiya davomida terrorizmga aloqador bo‘lmagan bir nechta shaxslar ham o‘ldirilgan. Masalan, Norvegiyaning Lillexammer shahrida Mossad agentlari homilador rafiqasi bilan kinoteatrdan uyga qaytayotgan ofitsiant Ahmad Bushikini o‘ldirgan. Agentlar uni “Qora sentabr” guruhining yetakchisi Ali Hasan Salame bilan adashtirib yuborgan.
Mossadning ba’zi agentlari Norvegiya politsiyasi tomonidan ushbu qotillik uchun hibsga olingan va 2,5 yildan 5 yilgacha qamoq jazosiga mahkum etilgan, boshqalari, shu jumladan, operatsiya rahbari qochishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq mahkumlarning hech biri 22 oydan ortiq qamoqda o‘tirmadi; keyinchalik ular amnistiyaga tushib, Isroilga deportatsiya qilindi. Isroil hukumati vafot etgan ofitsiantning oilasiga tovon puli to‘lagan, ammo qotillik uchun javobgarlikni tan olishdan bosh tortgan.
Umuman olganda, ushbu vazifa to‘liq bajarilmagan, terroristik hujumning mafkurachi va tashkilotchisi bo‘lgan Abu Dovud hayotiga qilingan bir necha suiqasdlardan omon qolgan. 1993-yilda Isroil Abu Dovudning Iordan daryosining g‘arbiy sohiliga tashrif buyurishiga ruxsat berdi va 1996-yilda u G‘azo sektoriga tashrif buyurib, Falastinni ozod Qilish tashkilotining yig‘ilishida qatnashdi. Abu Dovud 73 yoshida, 2010-yilning 3-iyulida Damashqning “Andalus” kasalxonasida vafot etdi.
Ushbu voqealar asosida Gollivud kinoijodkorlari tomonidan “Myunxen” deb nomlangan mashhur film suratga olingan. Filmni rejissor Stiven Spilberg ishlagan bo‘lsa, unda bosh rollarni Gollivud yulduzlari Erik Bana va Deniyel Kreyglar ijro etgan.
Yillar davomida tinchlik ramzi bo‘lib kelgan Olimpiya o‘yinlarida to‘kilgan qon Olimpiya harakatining tarafdorlarini dahshatga soldi. Ertasi kuni Olimpiya stadionida fojiadan halok bo‘lgan isroilliklarni xotirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosim Myunxen opera orkestri tomonidan Lyudvig van Betxovenning “Egmont” operasiga yozgan uvertyurasi bilan ochib berildi.
O‘sha fojiali soatlarda Olimpiadaga bo‘lgan qiziqish so‘na boshladi. Ushbu voqea munosabati bilan o‘yinlarni vaqtincha to‘xtatib turish to‘g‘risida takliflar bo‘lgan. Ammo Xalqaro olimpiya qo‘mitasining navbatdan tashqari sessiyasi bir ovozdan o‘yinlarni to‘xtatmaslik to‘g‘risida qaror qabul qildi. Musobaqa o‘z yakuniga yetkazildi. Garovga olingan sportchilarni ozod qilishni Germaniya hukumati isroil maxsus kuchlariga topshirmay, o‘zi amalga oshirdi va natija juda achinarli bo‘ldi. Balki bu narsa isroilliklarga topshirilganda operatsiya muvaffaqiyatli kechgan bo‘lar edi, chunki ular Entebbe aeroportida shunga o‘xshash vaziyatdan juda mohirlik bilan chiqishgan. Ammo bu endi umuman boshqa hikoya...
Nurbek Alimov tayyorladi.
Manba: Daryo.uz
Добавить комментарий!






- отсутствуют
