» » “Bepul klinikalar haqida gapirmayapman, hatto pulga ham bo‘sh koyka topish qiyin”. Toshkentda koronavirusdan davolanayotgan “Navbahor” bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis intervyusi

“Bepul klinikalar haqida gapirmayapman, hatto pulga ham bo‘sh koyka topish qiyin”. Toshkentda koronavirusdan davolanayotgan “Navbahor” bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis intervyusi


Namanganning “Navbahor” klubi bosh murabbiyi Andrey Kanchelskisning koronavirusga chalingani haqida avvalroq xabar berilgandi. Kanchelskis esa kasalxonada yotgan vaqtida rus nashrlaridan biri — “Sport-Ekspress”ga koronavirusdan davolanish jarayoni, markazlashgan formatda o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionati, Oston O‘runov va Jasur Jaloliddinovning Rossiya Premyer Ligasidagi istiqbollari haqida intervyu berdi. “Daryo” quyida ushbu intervyuni o‘zbek tilida taqdim etadi.

— Andrey, o‘zingizni qanday his qilyapsiz?

— Rahmat, hozir yaxshi. Payshanba kunidan (3-sentabrdan izoh — “Daryo”) boshlab kasalxonada davolanmoqdaman. Tabletkalar, ukollar.

 Ukollar ko‘pmi?

— Kuniga uch marta. Koronavirus uchun ijobiy testdan o‘tganimdan so‘ng to‘g‘ri kasalxonaga borishni xohladim. Ammo hozirda Toshkentda bu borada qiyinchiliklar mavjud.

 Kasallanganlar shu darajada ko‘pmi?

— Haddan ziyod! Bepul klinikalar haqida gapirmayapman — pulga ham bo‘sh koyka topish qiyin. Tomografiya qilish uchun navbatda bir soat kutishimga to‘g‘ri keldi.

 Dahshat.

— Yakunda do‘stlarim COVID-19’ga ixtisoslashgan xususiy klinikaga joylashtirishdi. Bu yerda juda malakali shifokorlar bor. Ular meni to‘liq tekshirdi, ko‘plab testlar topshirdim. Kompyuter tomografiyasida o‘pkaning 20 foizi zararlanganligi aniqlandi. Shifokor vaqtida kelganimni aks holda jiddiy muammolar paydo bo‘lishi mumkinligini aytdi.

 Qachon kasal bo‘ldingiz?

— 28-avgust. Birinchi kunlarni mehmonxona xonasida o‘tkazdim. O‘zimni yaxshi his qildim, yo‘tal ham, isitma ham yo‘q edi. Keyin esa birdan 39 ga chiqdi. Shundan so‘ng hamma kasalxonaga ehtiyoj borligini tushundi.

 Hid sezish yo‘qoldimi?

— Yo‘q. Ammo hech narsa qilishni xohlamadim. Na yeyishni na ichishni va na gapirishni. Faqat shiftga qarab yotdim. Ishtaha yo‘qoldi. Bir necha kun ichida besh kilogramm vazn yo‘qotdim.

 Xo‘sh, xo‘sh.

— Ammo kasalxonada tezda sog‘ayib ketdim. Hozir qandaydir quvnoqlik paydo bo‘ldi va ishtaha qaytdi. Tana haroratim ham joyida, qon bosimi ham. Men ayniqsa, asoratlar oldi olinganidan xursandman. Shu tariqa tuzalmoqdaman.

 Kasalxonada yana qancha yotasiz?

— Uch kun (suhbat 5-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan) — aniq. Keyin yana test topshiraman. Agar dinamika ijobiy bo‘lsa va shifokorlar ruxsat bersa, men darhol Namanganga ketaman.

 Tashxisni qachon eshitdingiz, qo‘rquv bo‘lmadimi?

— Rostini aytsam, yo‘q. Menimcha, bunday vaziyatda eng muhimi, vahimaga va umidsizlikka tushmaslik kerak. Aksincha, odam yaxshilikka umid qilishi va shifokorlarning barcha ko‘rsatmalariga amal qilishi lozim. Ishonchim komilki, ularning yordami bilan virus mag‘lub bo‘ladi va yaqin orada men o‘zimning sevimli ishimga qaytaman.

 Eshitishimcha, “Navbahor”da ko‘pchilik kasallangan.

— Ha, yetti nafar futbolchi, massajchi va videotasvirchi. Asosiysi, biz Namanganda yashaganimizda hammasi joyida edi. Ular bazada izolyatsiya qilingan, kontaktlar minimallashtirilgandi. Shu bilan birga uchrashuvlarni xotirjam o‘tkazayotgandek. To‘satdan avgust oyida federatsiya navbatdagi to‘rtta tur aynan bir shaharda o‘tkazilishini e’lon qildi.

— Qaysi shahar?

— Toshkentda. Men bunga qat’iyan qarshilik bildirdim, ayniqsa, u yerda koronavirus tarqalishi avj olgandi. Afsuski, boshqa klublardagi hamkasblarim buni qo‘llab-quvvatlamadi. Bu yerda hamma liga rahbariyati bilan bahslashishdan, o‘z fikrlarini ochiq aytishdan qo‘rqadi. Istisnolar bor: “Paxtakor” ustozi Shota Arveladze va men.

 Natijada barcha jamoalar Toshkentga keldimi?

— Ha. Birinchi uchrashuvni o‘tkazdik, bitta futbolchimiz kasal bo‘lib qoldi. Va keyin — zanjirni uzishning imkoni bo‘lmadi. Yettita o‘yinchimiz kasal bo‘ldi. Shundan so‘ng o‘yinlarni qoldirishni so‘radik, ammo liga bunga rad javobini berdi. Xudo hammasini ko‘rib turibdi.

— Vaziyatdan qanday chiqdingiz? “Rostov” kabi maktab o‘quvchilarini tushirdingizmi?

— Bu darajagacha yetib bormadi. Ilgari kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lgan yosh yigitlarga imkoniyat berdik. Va ular o‘zlarini yaxshi tomondan ko‘rsatdi. Masalan, biz chempionat yetakchisi “Paxtakor” bilan 1:1 o‘ynadik. “Sochi” “Rostov” uchrashuvi esa shunchaki sharmandalik! “Sochi” rahbarlari, yumshoq qilib aytganda judayam xunuk ish qildi.

— Hali ham O‘zbekiston chempionati o‘yinlari muxlislarsiz o‘tkazilmoqdami?

— Ha. Bu qancha davom etishi ham noma’lum.

— “Navbahor”ning rossiyalik legionerlarining barchasi sog‘mi?

— Ulardan koronavirusga chalingan faqat Ivan Solovyov. U ikkita uchrashuvni o‘tkazib yubordi, uchinchisida esa, taxminan, 15 daqiqa yugurdi va uni maydondan faqat olib chiqib ketish mumkin edi. Ammo Vanya kuchli futbolchi, xarakterli, u oxirigacha kurashdi. U “Navbahor”ning yetakchi futbolchilaridan biri va klub u bilan shartnomani uzaytirmoqchi. Rossiyadan kelgan boshqa yigitlar — Pasha Golishev, Ruslan Bolov va Igor Golbandan ko‘nglim to‘q. Darvoqe, Golban bahorda O‘zbekiston fuqaroligini oldi.

 Oston O‘runovning “Spartak” istiqbollarini qanday baholaysiz?

— U menda, “Navbahor”da bo‘lgan. Juda qobiliyatli bola. Baland bo‘yli, kuchli, texnikasi va tezligi ham yaxshi. O‘yinni o‘ziga olishdan qo‘rqmaydi. Agar taktik jihatdan ishlansa, u “Spartak”ka katta yordam beradi.

 Qaysi pozitsiyada?

— Bizda O‘runov hujumkor yarim himoyachi edi. U to‘pni olib qo‘yar, raqib darvozasi tomon ketayotganida esa bemalol ikki yoki uchtasini aldab o‘tardi yoki sheriklariga ajoyib pas berardi. Yoshlar jamoasida esa O‘runov yarim himoya markazida ishlatilgan. U yerda unga hamma narsaga ruxsat berilgandi, erkalatib yuborishgan. Shunday qilib u aldashga kirishib ketardi va to‘pni yo‘qotardi. Men Ostonga kattalar futbolida talablar boshqacharoq ekanligini tushuntirdim. Misol tariqasida Roy Kin, Pol Ins, Stefan Shvarts, Jennaro Gattuzoni keltirdim. Bu yigitlar bir-biridan farq qilmasdi.

— Ularni nima bog‘laydi?

—Maydon o‘rtalarida ularning barchasi ehtiyotkorlik bilan, ammo fantastik darajada ishonchli harakat qiladi. Va, albatta, kutilmaganda to‘pni yo‘qotib qo‘yavermaydi. O‘runovning bunga moslashishi qiyin bo‘ldi, shuning uchun uni hujumga yaqinlashtirdim. U o‘zini insayder sifatida namoyon qildi va har bir uchrashuvda kamida ikkitadan imkoniyatga ega bo‘lardi.

Oston kibrlimi?

— Bu nima deganingiz! Aksincha, u kamtar, xotirjam yigit. Insoniy fazilatlarga kelsak, hech qanday savolga o‘rin yo‘q. Intizomli. Bu borada O‘zbekiston futbolchilari orasida muammolar yo‘q.

— O‘runov “Spartak” bilan shartnoma imzolaganidan keyin birinchi qilgan ishi Instagram’ga qimmatbaho xaridlari fotosuratini joylash bo‘ldi.

— Nima uchun bu rasmga yopishib olinganini tushunmayapman. Nima boshqa futbolchilar do‘konga bormaydimi? Brend buyumlarni sotib olmaydimi? Ha, paketlar soni bo‘yicha Oston oshirib yuborgan bo‘lishi mumkin. Ko‘zlari yonib ketgan, hamma narsani sotib olgisi kelgan. Yoshlikda bo‘lib turadi.

— “Lokomotiv” yozda sotib olgan Jasur Jaloliddinovga qaraganda O‘runovga ko‘proq ishonasiz, shundaymi?

— Albatta. Jaloliddinov ham texnikali, to‘p bilan muomala qilishni yaxshi ko‘radi, driblingi joyida. Ammo RPL uchun fikrimcha, u hali yoshlik qiladi. Unga “Lokomotiv”dagi raqobatda g‘olib chiqish juda qiyin bo‘ladi. Oston jismonan kuchliroq, bo‘yi 20 santimetrga baland, umuman olganda futbolchi sifatida shakllanib bo‘lgan. 18 yoshli Jasur haqida bunday deyish qiyinroq.

— Yuriy Belous (Jaloliddinovning agenti) Jasurni Joau Mariudan kuchliroq deb ishontirmoqda.

— Dadil aytilgan gap. Biroq bu menda tabassumdan boshqa narsani uyg‘otmadi.

 Bugungi kunda O‘zbekiston chempionatida Rossiyaning top-klubini kuchaytira oladigan futbolchi bormi?

— Menga Jaloliddin Masharipov juda yoqadi. U juda zo‘r insayd, “Paxtakor” yetakchilaridan biri. Yaqinda uni Qatarga taklif qilishdi, ammo klub uni qo‘yib yubormadi. Kuchli beshtalikning boshqa jamoalarida ham qiziqarli o‘yinchilar bor. Ularning birortasi Shomurodov va O‘runov darajasida Premyer Ligada o‘ynab ketsa ajablanmayman.

Mavzuga doir:



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (7-09-2020, 19:55)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 81) ( 0) ( 80) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют