» » Tug‘ilayotgan Rossiya imperiyasining ilk katta g‘alabasi. Kulikovo maydonidagi jang haqida

Tug‘ilayotgan Rossiya imperiyasining ilk katta g‘alabasi. Kulikovo maydonidagi jang haqida


1380-yil 8-sentabr kuni Don daryosi bo‘yidagi Kulikovo maydonida Oltin O‘rda hamda Moskva knyazi qo‘shinlari to‘qnashdi. Ushbu jangda ruslarning qo‘li baland keldi va bu tarixda Oltin O‘rdaning rus knyazlaridan qabul qilgan ilk yirik mag‘lubiyat edi. “Daryo” jang bo‘lib o‘tganiga 540 yil to‘lgani munosabati bilan uning tarixiy ahamiyati haqida hikoya qiladi.

Bugungi Rossiyaning ko‘plab hududlari singari Moskva ham XIII asrda Chingizxonning nabirasi Botuxon tomonidan egallangan edi. Moskva Oltin O‘rdaga o‘lpon to‘laydigan qaram knyazliklardan biri edi. Knyazlik Dmitriy I hukmronligi yillarida barcha rus knyazliklari orasida eng kuchlisiga aylandi.

1370-yilga kelib qudratli Oltin O‘rda davlati zaiflashib borayotgan edi. Shu davrda beklarbegi lavozimidagi Mamay o‘z nufuzini ko‘tarib oldi. Yosh xonning nomidan davlatni idora qilishga erishdi. 1370-yillar davomida ruslar va o‘rdaliklar o‘rtasida bir qancha to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi. Rus knyazliklari o‘lpon to‘lashdan bosh tortdi. 1378-yilda Mamay Moskvaga qo‘shin yubordi. Ammo qo‘shin Voja daryosi bo‘yida mag‘lub bo‘ldi.

Ikki yildan so‘ng Mamayning shaxsan o‘zi Moskvaga qo‘shin to‘plab borishga qaror qildi. Uning qo‘shini XIII asrdagi mo‘g‘ul qo‘shinlaridan ham ko‘p edi va tarkibida turli xil elatlardan vakillar bor edi. Qo‘shin tarkibida mo‘g‘ullar, bo‘ysundirilgan xalqlar qo‘shinlari, yollanma jangchilar, armanlar, genuyaliklar kabi turli xalqlar bor edi. Jangdan oldin Mamay Litva knyazi hamda Ryazan knyazi bilan ittifoq tuzdi. Litva va Ryazan qo‘shinlari Don daryosi bo‘yidagi Mamay qo‘shinlariga kelib qo‘shilish maqsadida yo‘lga chiqdi.

Dmitriy ham o‘z qo‘shinlarini to‘pladi va Kolomnada ittifoqchilari bilan birlashdi. Litva va Ryazandan qo‘shinlar kelayotganini eshitgan Dmitriy kutib o‘tirmasdan Mamayga hujum qilishni maqsad qildi va 7-sentabr kuni Don daryosini kesib o‘ta boshladi.

Rus solnomalarida ruslar qo‘shini 400 minggacha deb ko‘rsatilgan. Lekin o‘rta asr mualliflarida ko‘pincha qo‘shinlar soni mubolag‘ali tarzda ko‘paytirib ko‘rsatilgan. Bu keyinchalik qilingan izlanishlar, aholining tarkibini aniqlash borasida olib borilgan ishlar natijasida ancha ishonarli raqamlar ko‘rsatilgan. Y.A Razin, V.N Tatishovlar ruslar qo‘shinini 50–60 ming atrofida deb ko‘rsatgan.

S.B Veselovskiy esa dastlabki ishlarida 200–400 ming atrofida raqamlarni keltirgan bo‘lsa, keyinchalik bu fikridan qaytgan va rus qo‘shinlarini 5–7 ming kishi atrofida deb yozgan. Shunday qilib, bu boradagi aniq raqamlar mavjud emas. O.V. Dvurechenskiy esa rus qo‘shinlari sonini sakkiz ming, Mamay qo‘shini sonini yetti ming deb ko‘rsatadi.

Oltin O‘rda qo‘shini haqida shunday bir qancha ma’lumotlar mavjud. Rus dostonlarida Mamay qo‘shini 800 ming kishidan iborat bo‘lgani yozilgan. Zamonaviy tarixchilar ancha ishonarli ma’lumotlar qoldirgan. Jumladan, B.S. Urlanis Mamay qo‘shinlarini 60 ming kishi bo‘lganini qayd etgan bo‘lsa, M.N. Tixomirov, L.V. Cherepnin va V.I.Buganovlar O‘rda qo‘shinini 100–150 ming atrofida ekanini yozib qoldirgan.

8-sentabr tongi tumanli bo‘lgani sababli jang boshlanishi biroz kechikdi. Soat 12 ga yaqin jang an’anaviy yakka kurashlar bilan boshlandi. Bunday ma’lumotlar “Mamay bosqini haqida ertak” deb nomlangan adabiyotda uchraydi. Jang kuni Moskva knyazi ayyorlik qiladi va o‘z kiyimlarini Mixail Brenok ismli yosh boyar bilan almashtiradi. O‘rdaliklar esa Brenok jang qilayotgan bo‘linmaga hujum qildi va uni o‘ldirdi. Knyaz ham jang vaqtida jarohat oldi.

Uch soatlik to‘qnashuvdan keyin og‘ir zarbalarni qabul qilgan va katta yo‘qotishlarga uchragan ruslar chekina boshladi. Ammo Dmitriyning jiyani Serpuxov qo‘mondonligidagi otliq bo‘linma jang borishini o‘zgartirib yubordi. Sababi, ular jangdan oldin pistirmaga qo‘yilgan edi va chekinayotgan ruslarni ta’qibga olgan o‘rda qo‘shini ortidan hujum qildi. Kutilmagan zarbadan esankirab qolgan o‘rdaliklar qochishga tushdi va tungacha ta’qib qilindi. Ruslar bir necha o‘n ming o‘rdaliklarni qirish uchun yubordi. Mamay esa Qrimga qochib ketishga muvaffaq bo‘ldi va o‘sha yerda genuyaliklar tomonidan o‘ldirildi.

Jangda halok bo‘lganlar haqida ham xuddi qo‘shinlar sonida bo‘lganidek mubolag‘aga borilgan. Rus qo‘lyozmalari 800 mingdan 1,5 millionga yaqin o‘rdaliklar halok bo‘lganini yozib qoldirgan. Jang davomida to‘rt rus knyazi halok bo‘lgan. Shuningdek, zamonaviy manbalarda rus qo‘shining uchdan ikki qismi, yoki 25–30 ming askar halok bo‘lgani qayd etilgan. O‘rdaliklar esa o‘z qo‘shining to‘qqizdan sakkiz qismidan ayrilgan.

Mazkur jang bir qator tarixchilar fikricha, rus yerlarining birlashuviga zamin yaratgan voqelik sifatida baholanadi. Bunday fikrlarni Nikolay Karamzin, Feliks Shabuldo kabi tarixchilar ilgari surgan. Shabuldo fikricha, mazkur jangdagi g‘alaba Moskvaga barcha rus knyazliklarining markazlashuvida markaz rolini o‘ynash imkonini bergan. Bundan tashqari, ushbu g‘alaba Moskva va boshqa bir qator rus knyazliklariga Oltin O‘rdaga o‘lpon to‘lamaslik huquqini bergan.

Ammo shunga qaramay jangdan ikki yil o‘tib, Oltin O‘rdani qayta birlashtirishga muvaffaq bo‘lgan To‘xtamishxon Moskvaga yurish qildi va uni yoqib yubordi. Knyaz Dmitriy esa Oltin O‘rdaga vassalligini qaytadan tan oldi hamda o‘lpon to‘lash majburiyatini oldi.

Shu bilan birga, A.A. Gorskiyning fikriga ko‘ra, na Dmitriyning o‘zi va na uning merosxo‘rlari (Ivan III ga qadar) Oltin O‘rda xonlarining hukmronligiga qarshi to‘liq kurashishga intilmagan.

Jahongir Ostonov tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (8-09-2020, 10:40)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 72) ( 0) ( 71) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют