» » Andijonlik 39 yoshli ayol 11-farzandini dunyoga keltirdi

Andijonlik 39 yoshli ayol 11-farzandini dunyoga keltirdi


Andijon shahridagi “Yangi hayot” mahallasida istiqomat qiluvchi Shukurjon va Nasibaxon Qodirohunovlar xonadonida 11-farzand dunyoga keldi. 7-sentabr kuni Andijon viloyati perinatal markazida tug‘ilgan qiz farzandning ham, onaning ham ahvoli yaxshi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov xabar bermoqda.

“Dunyodagi eng baxtli onaman”

“O‘zim ham serfarzand oilada tug‘ilib, o‘sganman. Yetti qiz va bir o‘g‘ilning beshinchisiman. 21 yoshimda turmushga chiqqanman. O‘sha paytda juda kech oila qurdim, degan fikrda yurardim. Negaki, sinfdosh qizlarning deyarli barchasi oilali bo‘lgan edi-da. 22 yoshga to‘lganimda ilk farzandim tug‘ildi. Unga Shukrona ismini qo‘ydik. To‘ng‘ichim hozir 18 yoshda. Shundan so‘ng Yaratgan bir etak – 8 qiz, 3 o‘g‘il ato etdi.

Xo‘jaynimning ismi Shukrullo bo‘lganligi bois farzandlarimiz ismini ham o‘z ismi bosh harfiga atay mos keltirib qo‘ygan. Shukrona, Shunqorbek, Shohidbek, Shukufa, Shukura, Shoniso, Shahina, Shavqiya, Shayhullo va Shamsinurning safi yana bir nafarga kengayganidan behad xursandmiz. 3,9 kilogramm vaznda tug‘ilgan sakkizinchi qizimizga Shodiyona ismini qo‘yish niyatidamiz.

Ko‘pchilik o‘n bir nafar farzandning onasi ekanligimga ishonmaydi. Hozir ham men bilan bir palatada yotgan onalarning ishongisi kelmayapti. Balki yosh ko‘ringanim uchun ayrimlarda shubha uyg‘onsa kerak, deb o‘ylayman.

Ba’zi odamlar nechanchi ro‘zg‘oringiz bilan yashaysiz, buncha o‘g‘il-qiz orasida boqib olganlaringiz ham bormi, egizaklar-chi, deya turli savollarni berishadi. Yaratganga shukr, barcha bolalarimning otasi bir inson. Ular ichida hech birini qaramog‘imizga olmaganmiz, hammasi o‘zimizning farzandlar. Dunyodagi eng baxtli ona ekanligimdan sevinaman!”, dedi u.

“Hokimiyat qachon avtomobil berarkan?”

Suhbat jarayonida Qodirohunova 2019-yili tug‘ilgan qizi va uning atrofida tarqalgan avtomashinaga oid gap-so‘zlarga ham to‘xtalib o‘tdi.

“O‘tgan yili 10-farzandimni dunyoga keltirganim to‘g‘risidagi xushxabar internet saytlari va telekanallarda chiqqach oilamizga davlat tomonidan mashina berilgani haqida gap-so‘zlar tarqaldi. Ko‘cha-ko‘yda mashina qulluq bo‘lsin, deya tabrik bildirganlar ham ko‘p bo‘ldi. Ammo bizga bunday sovg‘a hadya qilinmagandi.

O‘shanda Andijon shahar hokimligidan Ominaxon ismli ayol bir qancha vrachlar va kamera ko‘targan operator bilan kelib, hokim oilaviy sharoiti hamda chaqaloq va onaning holatini o‘rganib kelinglar. 3-4 kundan so‘ng alohida xabar olamiz, deb bizni yubordi, deya syomka qilib ketishgan. Shundan keyin qaytib qorasini ko‘rsatishmadi. Qo‘ni-qo‘shnilar anchagacha hokimiyat qachon avtomobil berarkan, degan savol bilan yuzlanishdi”, — dedi serfarzand ona.

“Biror tashkilotdan yordam so‘ramaganmiz”

Nasibaxon Qodirohunovaning ta’kidlashicha, karantin davrida ularga MFY va hokimlik tomonidan bir necha marta yordam ko‘rsatilgan.

“Biz hamisha Xudoga shukr qilib yashaymiz. Men umr yo‘ldoshimga ishonib tug‘yapman va ular doim bekam-u ko‘st sharoit yaratib beradi. Hech qachon biror tashkilotga oilaviy ahvolimizni yaxshilashga yordam berishini so‘rab, murojaat qilmaganmiz. Ularning o‘zlari ham hol so‘rab kelishmagan. Balki biz haqimizda eshitishmagandir. Yana kim bilsin, deysiz? Shuncha farzandni qiyinchilik bilan bo‘lsa ham, o‘zimiz parvarishlayapmiz.

Karantin vaqtida MFY va hokimlik tomonidan yordam sifatida bir marta naqd pul ko‘rinishida hamda ikki marta oziq-ovqat mahsulotlari berildi. Farzandlarimdan eng kenjasiga 480 ming so‘m miqdorda 2 yoshgacha nafaqa puli olamiz, xolos. Mahalla raisiga hech yo‘q katta farzandlarimning birini 16 yoshgacha nafaqa puliga o‘tkazib qo‘ysangiz, bir million so‘mga yaqin davlatdan moddiy yordam olardik, deya har yili aytaman. Ammo u kishi iloji yo‘qligini ta’kidlaydi.

Bag‘rimiz keng ekanligi va aziz ne’mat bo‘lgan o‘g‘il-qizlarni yaxshi ko‘rganimiz uchun yaratgan bizga farzand beryapti, nazarimda. Oramizda tug‘ishni to‘xtatsa bo‘lardi, buncha farzandni katta qilib, o‘zini qiynamasa yaxshi edi, deya fikr bildiruvchilar ham ko‘p, albatta. Bu kabi e’tirozlarni aytadigan insonlar, uzoq yillardan beri farzand ko‘rish orzusida yurganlarga ham biz kabi serfarzand bo‘lish nasib qilishini tilayman. Yurtimizdagi har bir oilada sog‘lom o‘g‘il-qizlar o‘yin-kulgisi hamisha yangrasin, ilohim”, — dedi Qodirohunova.

“Hamisha yosh ko‘rinadi”

Andijon viloyati perinatal markazi oliy toifali akusher-ginekologi Umida Najmiddinovaning aytishicha, Nasibaxon Qodirohunova hech qachon biror bolasini kesarcha kesish yo‘li bilan tug‘magan.

“Nasibaxonning besh nafar farzandini tug‘dirish jarayonida qatnashganman. Barcha hamkasblar uni yaxshi taniymiz. Har gal tug‘ruq jarayonida qiynalmay, tabiiy yo‘l bilan dunyoga keltiradi. Bu safar ham o‘z kuchi bilan tug‘di. Hech qachon kesarcha kesish holati kuzatilmagan. U shifokorlarga ham tez-tez murojaat qilmaydi, juda ham sog‘lom ayol. Turmush o‘rtog‘i yaxshi parvarish qilgani bois 11 farzandning onasiga sira o‘xshamaydi. Hozir ona-bolaning holati yaxshi. Nasibaxonga ko‘plab yosh onalar havas qilishadi”, — dedi shifokor.

Mavzuga doir:



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (9-09-2020, 20:10)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 117) ( 0) ( 115) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют