» » Haftalik dayjest: Taqiqlangan tunnellar, “Buyuk Qo‘qon” konsentratori, prezidentga hindistonlik maslahatchi

Haftalik dayjest: Taqiqlangan tunnellar, “Buyuk Qo‘qon” konsentratori, prezidentga hindistonlik maslahatchi


Koronavirus yuqishi holatlari ortib biror nuqtaga yetgach, yana qat’iy karantin kiritiladimi-yo‘qmi, deya tortishib turgan vaqtimizda cheklovlar yoppasiga bekor qilina boshladi. Mart oyida kiritilgan cheklovlar bekor qilinishi haftaning eng asosiy voqealaridan bo‘ldi.

Dayjestimizni “pulli” xabardan boshlaymiz. Shveysariya Gulnora Karimovaga taalluqli bo‘lgan hisob-raqamlardagi mablag‘lardan 131 million dollarga teng aktivlarni ma’lum shartlar bilan O‘zbekistonga qaytarishga rozilik berdi. Shveysariya hukumati bayonotida aytilishicha, O‘zbekiston qaytarilgan aktivlarni aholining turmush sharoitlarini yaxshilash, barqaror rivojlanish loyihalariga sarflashi kerak. Bundan tashqari, ushbu mablag‘lar xarajati ustidan shaffof monitoring o‘rnatilishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, Gulnora Karimova va u tashkil etgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni 2020-yil 18-mart kuni nihoyasiga yetgan bo‘lib, u 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Oldin ko‘rilgan jinoiy ishlar, shuningdek, so‘nggi jinoiy ish doirasida yetkazilgan zarar miqdori 3,8 trillion so‘m va 165 million dollarni tashkil etgandi.

* * *

Chaktabarti familiyasi milliy OAVlarimizda tez-tez tilga olina boshladi, ammo gap kinoaktyor Mitxun Chakraborti haqida emas. Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining sobiq prezidenti Suma Chakrabarti O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlanadigan bo‘ldi.

2012—2020-yillar davomida Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki prezidenti etib saylangan Chakrabarti asli hindistonlik, yoshi 61 da. Suma o‘rta ta’limni London maktabida, bakalavr darajasini Oksfordda, magistraturani esa Sasseks universitetida olgan. U sal oldinroq Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha shtatdan tashqari maslahatchisi bo‘lgan edi. Iyul oyida Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining sobiq prezidenti Suma Chakrabartini “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlagan edi.

* * *

Garchi rasmiy xabarlarga ishonuvchilar soni “qizil kitob” sari odimlayotgan bo‘lsa-da, koronavirus yuqtirishlar sonini eslatib o‘tamiz: bu haftada yuqtirishlar soni 400-450 nafar orasida bo‘ldi. Afsuski, koronavirusning eng yosh qurbonining ham guvohi bo‘ldik. Bo‘stonliqda yashovchi 11 yashar bolani koronavirus olib ketdi. Shuningdek, bu hafta Farg‘ona viloyati hokimining akasi, shifokor Avaz G‘aniyev, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulloh Turmatov, bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev koronavirusdan vafot etdi. Shuningdek, Shahrixon tumani hokimi Hikmatillo Dadaxonov, Xonobod shahar hokimi Musaxon Mamadaliyev, Paxtaobod tumani hokimi Mahmudjon Bozorov va Oltinko‘l tumani hokimi Nazirjon O‘rinboyev ayni paytda pnevmoniyadan davolanmoqda.

O‘zbekistondagi maktablarning to‘rtdan bir qismi ochildi. O‘qituvchilar paydar-pay testdan o‘tkazilmoqda. Afsuski, yuzlab ta’lim xodimlarida koronavirus aniqlanyapti. Ammo ularning ko‘pi rasmiy statistikaga kiritilmayapti (bu haqdagi batafsil maqolamizni o‘qing). Buyoqda esa Prezident “haqiqiy holat bo‘yicha raqamlarni yashirishga urinish jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan qat’iy choralarga olib kelishi mumkin”ligidan ogohlantiryapti. Darhaqiqat, g‘alati holat.

Darvoqe, haftamizning eng muhim voqealaridan biri aksar karantin cheklovlari bekor qilindi. 2020-yil 1-oktabrdan mavjud karantin va sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya etgan holda O‘zbekiston Respublikasiga aviatsiya, temiryo‘l va avtoyo‘l o‘tkazish punktlari orqali kirib-chiqishga ruxsat beriladi. Barcha turdagi xalqaro qatnovlar (avia, temiryo‘l, avtobus qatnovlari) sonini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berildi. O‘zbekistonga keluvchi shaxslarni qabul qilishning yangi tartibi joriy etiladi. “Yashil” davlatlardan kelgan mehmonlar to‘g‘ri O‘zbekistonga kirib kelaveradi. “Sariq” va “qizil” davlatlardan kelganlar esa so‘nggi 72 soat davomidagi koronavirusga PZR testi manfiy natijalari to‘g‘risida ma’lumotnoma taqdim etgan holda O‘zbekiston hududiga kiritiladi. Shuningdek, xalqaro turizmga qo‘yilgan cheklovlar ham oktabrdan bekor bo‘ladi.

Yarim yil davomida ustimizdan suyuqlik sepgan dezinfeksion tunnellar endi taqiqlandi. Uning o‘rniga korxona, tashkilot, muassasa, jamoat joylari, bino va inshootlarga kirish qismida teri uchun antiseptik eritmalari bo‘lgan sanitayzer-dispanser qurilmalari o‘rnatiladi. Dezinfeksion tunnellar samarasizmi, unga sarflangan mablag‘ endi nima bo‘ladi? Mutaxassisning aytishicha, dezinfeksion tunnellar AQSh, Rossiya, Fransiya singari ko‘plab davlatlar qatorida O‘zbekistonda ham uzoq muddat davomida qo‘llanib kelindi. Hozir ham ba’zi davlatlarda, xususan, Italiya, Singapur, Malayziyada ham dezinfeksion tunnellardan foydalanishga ruxsat berilgan. Ulardan foydalanmaslik qaroriga JSST tavsiyasi asosida kelingan.

Xo‘sh, karantin choralarini takroran kuchaytirilishi mumkinmi? Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi, respublika bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov 18-sentabr kuni bunga asos bo‘ladigan sabab yo‘q, deb aytdi.

* * *

“O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” degan yorliq yopishtirilgan murakkab uskunani yasaganlarga qarata “Yashavor, Vasiliy”, deb xitob qilishga ham ikkilanib qoldik. Boisi bu hafta bahslarga sabab bo‘lgan Great Kokand kislorod konsentratorlaridir.

“Ozodlik” radiosi tarqatgan xabarga ko‘ra, Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasida ishlab chiqarilganligi iddao qilinayotgan konsentratorlar asli Xitoydan keltirilib, Great Kokand yozuvi yopishtirilgan xolos. Uni asli Beijing Shenlu Medical Device Co. Ltd kompaniyasi yasab, mijoz xohishiga ko‘ra uning yorlig‘ini ham yopishtirib beradi.

Farg‘ona viloyati hokimligi va Qo‘qon EIZ rahbariyati bu xabarga e’tiroz bildirdi. Ularning aytishicha, “Greyt Qo‘qon” MChJ kislorod konsentratorini Xitoydan to‘liq sotib olib kelmagan, balki MIC Medical Co. Ltd kompaniyasi bilan imzolangan shartnomaga ko‘ra, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan konsentratorning 40 foiz qismi (kislorodni ajratuvchi filtrlar, sensorli boshqaruv tizimi va kompressor) Xitoydan import qilinayotgani, so‘ngra “Qo‘qon” EIZda yig‘ilmoqda. Konsentratorning 60 foiz qismi (korpuslar, turli o‘lchamdagi elektr uzatish kabellari, havo uzatuvchi shlanglar, o‘chirib yoqish qurilmalari, suv quyish idishi va turli o‘lchamdagi bolt va shuruplar, qadoqlash qutisi va pena) esa kooperatsiya usulida O‘zbekistonda ishlab chiqarish korxonalaridan sotib olib yig‘ilmoqda.

* * *

O‘zbekistonda o‘quv yurtlari soni ko‘paymoqda. Toshkentda elektronika va elektrotexnika sohasida mustaqil o‘quv yurti tashkil etiladi. Koreyaning Ilg‘or texnologiyalar instituti (KAIST), Tokio Ilg‘or texnologiyalar instituti (Yaponiya), “Nanyang” texnologiya universiteti (Singapur), “Sinxua” universiteti (Xitoy) vakillari bilan muzokaralar o‘tkaziladi.

Shuningdek, Urganchda Malayziyaning Binary universiteti filiali tashkil etilishi haqida ikki kun muqaddam xabar qilindi. Filial nodavlat oliy ta’lim tashkiloti bo‘lib, o‘qish ingliz, rus va o‘zbek tillarida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Filialda bakalavriatning kunduzgi va sirtqi ta’lim shakllari hamda magistratura bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. Binary universiteti diplomi Malayziyada ham tan olinadi.

Bu hafta Toshkent shahrining Sergeli tumanida Minerva World of Knowledge xalqaro universitetining tamal toshi qo‘yildi. Asosiy bino 2021-yilning sentabr oyida qurib bitkaziladi va keyingi besh yil davomida boshqa kampuslar, sport majmuasi, kutubxona va talabalar turar joylari bunyod etiladi. 500 million dollarlik ushbu loyiha Hindiston bilan hamkorlikda bajarilmoqda.

“Daryo”da qoling va eng so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling. Karantin talablariga rioya qiling.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (21-09-2020, 08:25)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 66) ( 0) ( 65) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют