» » “Toshkent to‘ylarida ‘kelin-navkar’ degan balo chiqibdi”. Shavkat Mirziyoyev to‘y o‘tkazishda musobaqalashayotgan “pul topib aql topmaganlar”ni tanqid qildi

“Toshkent to‘ylarida ‘kelin-navkar’ degan balo chiqibdi”. Shavkat Mirziyoyev to‘y o‘tkazishda musobaqalashayotgan “pul topib aql topmaganlar”ni tanqid qildi


O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-avgust kuni mamlakatning ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvda to‘y-ma’rakalardagi isrofgarchilik, dabdababozlik holatlarini tanqid qildi.

Prezidentning yig‘ilishdagi nutqi O‘zA tomonidan e’lon qilingan.

Joylarda bo‘layotgan uchrashuv va muloqotlarda ko‘p-ko‘p odamlar menga aytayapti, Virtual qabulxonaga yozyapti, “To‘y-ma’rakalarimizni bir tartibga solib beringlar”, deb murojaat qilyapti. Haqiqatan ham, ayni shu masala necha yillar, hatto asrlardan beri kun tartibidan tushmasdan keladi. Jadid bobolarimiz ham to‘y-ma’rakalarimizdagi isrofgarchilik, dabdababozlik, maqtanchoqlik millatimizni ma’naviy tanazzulga yetaklaydigan illat ekani haqida qanday kuyunib o‘tganlarini yaxshi bilamiz.

Mana, o‘zinglar ko‘ryapsizlar, soppa-sog‘ yurgan ayrim odamlar 50 ga kirmasdan turib to‘satdan insult bo‘lyapti, infarkt bo‘lyapti. Sababini surishtirsangiz, boshqalardan qolmaslikka tirishib, katta to‘y qilaman, deb qarzga botgan bo‘ladi. Hali qarzidan qutulmasdan, yana to‘y qilishi kerak. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, to‘y-hashamlar bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlar ming-minglab oilalarning nafaqat iqtisodiy ahvoliga, balki, butun hayotiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bugun hayotimizda ko‘payib borayotgan oilaviy mojarolar, urush-janjallar, ajralishlar, qudalar o‘rtasidagi sovuqchilik sabablari ham aksariyat hollarda xuddi shu narsaga borib taqaladi.

Eng yomoni, ayrim pul topib aql topmagan, ma’naviy saviyasi past kimsalar to‘y-hashamlar, ma’rakalarni o‘tkazish bo‘yicha musobaqa o‘ynab, turli-tuman yangi odatlarni o‘ylab topyapti. Bularni eshitib, ba’zan odam hayratdan yoqasini ushlab qoladi.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Prezident o‘z nutqida Toshkent shahridagi to‘ylarda paydo bo‘lgan “kelin-navkar” odatini alohida tanqid qilib, “yoshlar bunday bemaza qiliqlarni kimdan o‘rganyapti?”, deb savol qo‘ygan.

Mana, Toshkentdagi to‘ylarda “kelin-navkar” degan yana bir balo chiqibdi. Nima emish, endi kelinning ota-onasi qiziga qo‘shib uning o‘nlab dugonalarini ham bir xil kiyintirishi, yasantirishi kerak ekan. Bunday bemaza qiliqlar qayerdan chiqyapti? Yoshlarimiz kimdan o‘rganyapti buni?

Yaqinda o‘tgan “Kamolot” qurultoyida men yoshlarning og‘zini poyladim. Birorta yigit yoki qiz chiqib, “Ey, do‘stlar, tengdoshlar, biz uylanamiz, turmushga chiqamiz deb ota-onalarimizni nihoyatda qiynab qo‘ydik. Kelinglar endi, ularni bunday og‘ir tashvishga qo‘ymaylik, kelajagimizni, millatimizning sha’nini o‘ylab, to‘ylarimizni kamtarona, ixcham qilib o‘tkazaylik”, degan gaplarni aytarmikan, deb kutdim. Afsuski, ulardan bu masalada hech qanday fikr eshitmadim.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Prezident Shavkat Mirziyoyev oilaviy marosimlarni tartibga solish, ularni ixcham, isrofgarchilik va dabdabaga yo‘l qo‘ymasdan o‘tkazish bo‘yicha tegishli tashkilotlar bilan birgalikda bir oy muddatda Prezident qarori loyihasini tayyorlash vazifasini bosh vazir Abdulla Aripov, bosh vazir o‘rinbosari Tanzila Norboyevaga topshirdi.

“Daryo”ning YouTube’dagi rasmiy sahifasiga obuna bo‘ling

Опубликовано: admin (4-08-2017, 17:57)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 101) ( 0) ( 100) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют