» » Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi

Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Erkin iqtisodiy zonalar samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun vazirliklar, idoralar va joylardagi davlat hokimiyati organlarini muvofiqlashtirishni kuchaytirish va ularning mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matnini O‘zA keltirdi.

Qaror hududlarni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini ko‘paytirishda erkin iqtisodiy zonalar hissasini oshirish, loyiha bo‘yicha boshqarish tamoyillari asosida hamda 2017—2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq vakolatli vazirlik, idora va joylardagi davlat hokimiyati organlarini muvofiqlashtirish hamda ularning mas’uliyatini oshirish maqsadida qabul qilindi.

Quyidagilar erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

EIZ hududida, birinchi navbatda, klaster yondashuvlardan keng foydalangan holda EIZ ishtirokchilari o‘rtasida yaqin kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish, mahalliy xomashyo va materiallar asosida raqobatbardosh tayyor mahsulotlar va butlovchi buyumlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha yuqori texnologiyali zamonaviy korxonalar tashkil etish;

EIZ hududida joylashgan sanoat korxonalari va infratuzilma obyektlarida yangi malakali ish o‘rinlari tashkil etishni ta’minlash, shu asosda respublika mintaqalari aholisining bandlik darajasini va daromadlarini oshirish;

mahalliy mineral-xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash va dunyoda tanilgan brendlar ostida yuqori qo‘shilgan qiymatli raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish uchun hududida EIZlar tashkil qilingan mintaqalar ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks va samarali foydalanishni ta’minlash;

yetakchi xorijiy kompaniya va korporatsiyalar ishtirokida yuqori texnologiyali zamonaviy innovatsion ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun xorijiy investitsiyalar, avvalambor, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha eng qulay sharoitlar yaratish;

ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport va ijtimoiy infratuzilmani yanada rivojlantirish, shuningdek, sifatli logistika xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha zamonaviy infratuzilmani shakllantirish;

EIZ yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlarga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqib va ularning EIZ hududida joylashgan sanoat korxonalari va infratuzilma obyektlarida ishlab chiqarish amaliyoti o‘tashini nazarda tutgan holda, oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish.

EIZ faoliyatining qayd etilgan yo‘nalishlarini muvofiqlashtirish va kompleks ravishda hal etishni ta’minlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni muvofiqlashtirish bo‘yicha Davlat maslahatchisi xizmati tarkibida erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimi joriy etildi, shuningdek, erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha umumiy soni 5 kishidan iborat sektor tashkil etildi.

Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha maxsus idoralararo komissiya tuzildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimi, ularning birinchi o‘rinbosarlari yarim yil va yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga erkin iqtisodiy zonalar hamda kichik sanoat zonalarini rivojlantirish va ularning faoliyati samaradorligini oshirishga doir amalga oshirilayotgan ishlar haqida shaxsan hisobot beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi V.A.Golishev Maxsus komissiya a’zolari bilan birgalikda joylarga chiqib, har oy mazkur qaror ijrosini, har bir EIZ hududida investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini, EIZ ishtirokchisi bo‘lgan xo‘jalik subyektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyati samaradorligini monitoring qilib boradi.

EIZ ishtirokchisi bo‘lgan xo‘jalik subyektlariga EIZ hududida investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha kredit-moliya yordamini ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklarining tijorat banklarini erkin iqtisodiy zonalarga biriktirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilindi.

Vakolatli tijorat banklari investitsiya loyihalarini amalga oshiradigan EIZ ishtirokchisi bo‘lgan xo‘jalik subyektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi, loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini, samaradorligi va o‘zini qoplashini puxta ekspertizadan o‘tkazishga alohida e’tibor qaratgan holda, ularga biznes-rejalar ishlab chiqishda amaliy ko‘maklashadi.

O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (Sh.A.Vafoyev) vakolatli tijorat banklariga EIZ hududida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun umumiy hajmi 100 million AQSh dollari miqdorida kredit liniyalari ochilishini ta’minlaydi.

“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!

Опубликовано: admin (9-08-2017, 10:12)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 109) ( 0) ( 106) ( 3)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют