» » “Hissiyotga berilib, boshqalarni obro‘sizlantirish — noo‘rin”. XPK vakili “bir kuni zoye ketgan” vazir o‘rinbosariga javob qaytardi

“Hissiyotga berilib, boshqalarni obro‘sizlantirish — noo‘rin”. XPK vakili “bir kuni zoye ketgan” vazir o‘rinbosariga javob qaytardi


Xalqaro press-klub moderatorlaridan Jaloliddin Usmonov O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Alisher Sa’dullayevning Facebook’dagi muhokamalarga sabab bo‘lgan postiga javob qaytardi.

Alisher Sa’dullayev 25-dekabr kuni Facebook’dagi sahifasida o‘tkazgan kunidan qoniqmagani, vaqti bekor ketib, biror foydali ish qilmaganini bayon qilgan edi. Sa’dullayev o‘z postida yetti soatdan ko‘proq Xalqaro press-klub sessiyasida o‘tirganini ma’lum qilgan.

Vazir o‘rinbosariga javob qaytargan Jaloliddin Usmonov ba’zi bir o‘rinlarda Xalqaro-press klub nomidan fikr bildirib, “bunday vaziyatda hissiyotga berilish, jamoatchilik o‘rtasida boshqalarni obro‘sizlantirish noo‘rin”ligini Alisher Sa’dullayevga eslatib o‘tgan. “Agar Siz xalqqa fikringizni yetkazishni bekor ketgan vaqt deb bilsangiz, xato qilasiz”, — deb ta’kidlagan Usmonov.

XPK vakilining alohida ta’kidlashicha, 25-dekabrdagi anjuman press-klub tarixidagi “eng katta tadbirlardan biri” bo‘lgan — unga 170 kishi taklif qilingan va tadbir qariyb 11 soat davom etgan.

Jaloliddin Usmonovning qayd etishicha, tadbirning cho‘zilib ketishiga sabab — “jarayon yangi studiyada tasvirga olingani va tasvirga olish jarayonida bir necha bor yuz bergan texnik nosozliklardir” va “bunday holat birinchi bor” kuzatilishi. “Bu na press-klubga, na Mediamarkazga va na ‘O‘zbekiston 24’ telekanaliga bog‘liq. Afsuski, XXI asrda inson texnikaga qaram bo‘lib qoldi”, — deb yozadi Usmonov.

Jaloliddin Usmonov nima uchun Alisher Sa’dullayevga kech navbat berilishi rejalashtirilganini ham tushuntirib o‘tgan. “Sizga navbat kechroq kelishi Sizdan yoshi ulug‘lar, elchilar, senatorlar, imkoniyati cheklangan insonlarga ertaroq navbat berishimiz bilan bog‘liq”, — deb yozgan XPK moderatori.

Jaloliddin Usmonov o‘z javobini shu so‘zlar bilan tugatgan: “Aynan XPK mas’ul lavozimdagi birinchi kunlaringizdan boshlab siz bilan birga bo‘lganligini unutmasligingizni so‘ragan bo‘lardim”.

Vazir o‘rinbosari Facebook’dagi postni Xalqaro press-klubni obro‘sizlantirish uchun emas, balki bir kunini qanday o‘tkazgani va undan qoniqmagani haqida bildirish uchun chiqarganini ta’kidlagan.

“(XPK raisi) Sherzod aka (Qudratxo‘jayev) doim rostini aytishga, haqiqatni olib chiqishga va rivojlanishga harakat qiladigan inson. Men ham shunday fikrlayman. Bu holatda men his-hayajonimni ko‘rsatish uchun emas, balki istiqbolda XPK bunday holatlarga ko‘proq e’tibor qaratishini istagan edim”, — deb yozgan Alisher Sa’dullayev.

Ayni vaqtda, Sa’dullayev kichik bir tushunmovchilik bo‘lgani — u XPK sessiyasiga nega kelganini o‘zi ham yaxshi bilmaganini ma’lum qilgan.

Xalq oldiga chiqib, Prezident Murojaatnomasi haqida XPKda gapirar ekansan, deyishganida, bu gaplar yo‘q edi. Muammo shundaki, biz shunchaki kuzatib o‘tirdik va bizning borligimizni payqashmadi ham. Yonimdagi tengdoshlarim savol bera boshladi: “Biz hozir (soat 11:00 da) keldik, siz qachon keldingiz?”, — deb. Men: “Soat 9:15 da”, — dedim (vaholanki, ularda mening zimmamdagi vazifalar yo‘q, ular — talaba do‘stlarim).

Soat 16:00 da: “Aka, (Yoshlar Ittifoqining) tadbiriga qachon borasiz, axir bugun mukofotni topshirishingiz kerak”, — deyishdi. Men ularga Prezidentimiz Murojaatnomasi barchasidan muhim ekani va uni yakunlab, chiqishimizni aytdim.

Soat 16:20 bo‘lganda XPKning bu sessiyasi mensiz ham yakunlanishini tushunib yetdim va sekin chiqib keta qoldim. Shaxsan meni shu safar XPKga foydam tegmadi. Shunchaki kelib-ketdim, xolos.

Menga berilgan vaqtga xiyonat qilishga haqqim yo‘q — bu davlat haqiga, Prezidentimiz olg‘a surayotgan tizim, siyosatga xiyonat bo‘ladi.

Alisher Sa’dullayev, xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari

Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari o‘z javobini quyidagi so‘zlar bilan yakunlagan: “XPK bundan keyin ham meni qo‘llab-quvvatlashiga ishonaman... Men xalq oldida hisobot berishni bekorchilik deb hisoblamayman, ammo hisobotga chaqirilib, hisobot bermasdan ketishni bekorchilik deb bilaman”.

Jaloliddin Usmonov Alisher Sa’dullayevning bu fikrini ham javobsiz qoldirmay, XPKning 25-dekabrdagi sessiyasida qatnashgan barcha-barchaga minnatdorchilik bildirgan hamda, bu anjuman “kimningdir kunlik rejalariga ta’sir o‘tkazgan bo‘lsa-da”, XPK bu voqeani “asrga tatigulik kun” bo‘lishiga harakat qilganini aytib o‘tgan.

“Siz ham Prezident komandasining yosh vakili sifatida ushbu sessiyada qatnashganingizdan mamnun bo‘lganingizga ishonamiz!”, — deb o‘z javobini yakunlagan Jaloliddin Usmonov.

Опубликовано: admin (26-12-2017, 19:29)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 66) ( 0) ( 65) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют