» » Yuriy Syomin va o‘zbekistonlik futbolchilar o‘rtasidagi muammo. Endi navbat Vitaliy Denisovgami?

Yuriy Syomin va o‘zbekistonlik futbolchilar o‘rtasidagi muammo. Endi navbat Vitaliy Denisovgami?


O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Vitaliy Denisov faoliyatini Turkiyada davom ettirishi mumkinligi borasida xabarlar chiqqan bo‘lib, himoyachiga “Fenerbaxche” jiddiy qiziqayotgani aytilgandi. Boisi, Moskvaning “Lokomotiv” klubida Denisov tobora zaxira futbolchisiga aylanib qolmoqda.

“Championat.asia” nashri Denisovning nima sababdan zaxirada qolib ketayotganini “Lokomotiv” bosh murabbiyi Yuriy Syomin bilan izohlashga harakat qildi. Boisi, Syomin bunga qadar ham O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari uchun muammoga aylangandi, deyiladi Maqsud Yaxyoyev tomonidan yozilgan maqolada.

2001-yil terma jamoaga boshchilik qilgan Vladimir Salkov to‘rt nafar xorijiy futbolchini O‘zbekistonga olib kelgandi. Ularning ikkitasi rossiyalik, yana shunchasi bolgariyalik edi. Ular orasidan Vladimir Maminov muxlislar yodida ko‘proq qoldi.

JCh—2002 saralashining 1-bosqichida Maminov Mirjalol Qosimov bilan juftlikda maydon markazida harakat qildi. Ammo Osiyo saralashining 2-bosqich o‘yinlari FIFA kunlariga to‘g‘ri kelmadi. Oqibatda futbolchilarni termaga qo‘yib yuborish ixtiyori klublarning o‘zida qoldi.

Vladimir Maminov aynan termadagi o‘yinlari sabab Moskvaning “Lokomotiv” klubida asosiy figuralardan biriga aylana olgandi. Shunga qaramay, jamoa rulida bo‘lgan Yuriy Syomin O‘zbekiston uchun muhim uchrashuvlarga Maminovni qo‘yib yuborishni istamaydi. O‘zbekistonlik qolgan legionerlarda esa holat bunday emasdi. Misol uchun, Kiyev “Dinamo”sining afsonaviy ustozi Valeriy Lobanovskiy Maksim Shatskixga termaga yordam berish imkoniyatini berardi, “Krilya Sovetov” murabbiyi Tarxanov esa Qosimov yo‘liga g‘ov bo‘lmasdi. Shu tariqa Maminov faqatgina Xitoyga qarshi safar uchrashuvi startiga sanoqli soatlar qolganidagina termaga kela oldi. Agar u qolgan uchrashuvlarda ham o‘ynaganida, O‘zbekiston termasining saralashdagi natijalari yaxshiroq bo‘larmidi...

Qizig‘i, keyinchalik ham aynan Syomin Maminov va “Loko”dagi boshqa o‘zbekistonliklar —Pashinin hamda Polyakovlarni terma jamoaga qo‘yib yuborishni unchalik istamaydi. Oqibatda ular termadagi faoliyatiga ancha erta yakun yasashga qaror qildi.

Uni bemalol Syominning “qurboni” bo‘lgan deyish mumkin. Kiyev jamoasida 1999-yildan buyon o‘ynab kelgan hujumchi, xoh Lobanovskiy davrida bo‘lsin, xoh Sabo yoki Demyanenko, tarkibning birinchi raqamli hujumchisi edi. Syomin kelgach esa vaziyat butunlay o‘zgardi. Dastavval Maksimni sekin-asta zaxiraga moslashtirgan Syomin, keyinchalik uni o‘rindiqqa “mixlab qo‘ydi”. Bu qaror natijasida O‘zbekiston termasi ham zarar ko‘rdi. JCh—2010 saralashining hal qiluvchi o‘yinlarida Maksimdagi o‘yin amaliyotining kamligi yaqqol ko‘rinib qoldi.

Mavsum so‘ngida Syomin Shatskixni zaxiradan bo‘lsa-da maydonga tushirib, unga o‘z muxlislari bilan xayrlashib olish imkonini berishi mumkin edi. Biroq mutaxassis shu ishni ham Maksimga ravo ko‘rmadi. Shu tariqa futbolchi kiyevlik muxlislar yasagan va “Qiruvchi—16” so‘zlari yozilgan katta bannerni zaxira o‘rindig‘idan turib tomosha qildi va “Dinamo” bilan alamli xayrlashdi.

Denisovni muxlislar o‘zgacha hurmat qiladi va e’zozlaydi. Uning terma tarkibidagi uchrashuvlarda o‘zini ayamay, jon-jahdi bilan to‘p tepishi, sir emas. Yaqingacha ham Vitaliy “Loko”ning yetakchilaridan biri edi. U o‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra, Rossiyada eng yaxshi 33 futbolchi qatoridan ham joy olgandi.

Biroq ayni vaqtda Denisovning klubdagi ishlari joyida deb bo‘lmaydi. Mavsum avvalida jarohati sabab bir necha uchrashuvlarni o‘tkazib yuborgan Vitya, tuzalib ham zaxirada qolib ketmoqda. Shu vaqtga qadar Moskva “temiryo‘lchilar”ini kim boshqarmasin, 2014-yildan buyon “Loko” safida o‘ynayotgan himoyachini asosiy tarkibga muntazam kiritib kelgan. Jamoaga bosh murabbiy etib tayinlangan Syomin esa uni tobora zaxira futbolchisiga aylantirib qo‘ydi.

Ha, Moskvaning “Lokomotiv” klubi uchun mavsum yaxshi o‘tmoqda. Jamoa Rossiya chempionatida karvonboshi, Yevropa Ligasining esa pley-off bosqichiga yo‘l olgan. Bu muvaffaqiyatlarda tajribali Syominning ham mehnatlari yotibdi. Biroq o‘zbekistonliklar uchun Vitaliyning o‘yin amaliyoti muhimroq. Uning boshiga ham Shatskix ko‘rgan kunlar tushishini hech kim istamasdi. Denisovning hozirgi yoshidan kelib chiqqanda ham, unga o‘yin amaliyoti juda kerak. Agarda Denisov Syominning kelgusi rejalariga to‘g‘ri kelmasa, qishki tanaffus vaqtida uni boshqa jamoaga qo‘yib yuborgan ma’qulroq. 30 yoshli futbolchi yangi klubida Syominning qarori xato ekanini isbotlashga urinib ko‘radi.

Опубликовано: admin (4-01-2018, 12:15)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 69) ( 0) ( 66) ( 3)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют