» » The Cranberries’ni eshitadigan haydovchi

The Cranberries’ni eshitadigan haydovchi


Kecha, 15-yanvar kuni Irlandiyaning The Cranberries guruhi amalda o‘z faoliyatini tugatgani ma’lum bo‘ldi — guruh yakkaxoni Dolores O’Riordan Londondagi mehmonxonalarning birida kutilmaganda vafot etibdi. O‘zbekistonda uncha tanilmagan jahon miqyosidagi mashhurlarning o‘limi — ko‘p ham e’tiborga molik voqea emas, bunga munosabat ham oddiy — o‘lim haq... Shu jihatdan, bu haqda yozib, odamlarning vaqtini o‘g‘irlash to‘g‘riga o‘xshamaydi ham.

O‘zimni The Cranberries’ning ashaddiy muxlisi deb ayta olmayman — O‘zbekistonga kelib konsert bergan taqdirida ham unga tushmagan bo‘lardim; men “Ummon” va boshqa taniqli guruhlarimizni yaxshi tanimaganim, musiqa olamininng barcha ishtirokchilarini baribir hech qachon to‘liq bilolmasligim sabab, uzoqdagi The Cranberries’ni bilmaganlarni ham qoralamayman (albatta, bunga hech qanday haqim ham yo‘q). Bu musiqiy guruhning men uchun ahamiyatli jihati — qo‘shiqlarini eshitib “katta bo‘lganimda”; uning musiqalaridagi marom, qandaydir sokinlik va quvvatbaxsh jo‘shqinlik, xonandaning noodatiy, o‘zicha sehrlaydigan ovozi xotiralarimni “uyg‘otishida”.

Shunday qilib, kim uchundir “Bolalar” guruhi xotira kaliti, kim uchundir — The Cranberries. Aybga buyurmasangiz, bundan salkam to‘rt yil avval — 2014-yil 28-yanvarida shaxsiy blogimda e’lon qilganim blogpostni e’tiboringizga havola etaman.

...Yangi kunni metroda kutib olish odatga aylangan. “Milliy bog‘”, “Hamza”ga kelganimda, vagondan metro soatlariga qarayman — tablo 0:01 yoki 0:03 ni ko‘rsatayotgan bo‘ladi. “Chilonzor”da, metrodan chiqayotganimda soat 0:05 yoki 0:07 ga kelib qolgan bo‘ladi; tashqarida esa Matiz, Nexia yoki eski “Jiguli”siga to‘rttadan yo‘lovchini “tiqib”, “Qaydasan, Sergeli!” deb uchadigan uchar kirakashlar kutadi.

Odatda Sergelining aynan qayeriga ketayotganingga Do‘mbiroboddan o‘tganidan keyin qiziqadigan bu kirakashlardan ko‘p narsa kutmaysan. Sergelidagi “bulbulning inidek” uyiga ketayotgan bu kirakashlar ham sendan ko‘p narsa kutmaydi — bor-yo‘g‘i 2,5 ming so‘m pul. Lekin soat 0:07 da “Chilonzor”ga kelguvchi metroda manzili Sergeli bo‘lgan yo‘lovchilar soni ularni kutayotgan mashinalardan ancha kam bo‘ladi. Shuning uchun, ba’zi kirakashlar zarariga, 2-3 yo‘lovchi bilan ham ketib qolaveradi. Yuragi baquvvatroqlari esa so‘rab ko‘radi: “3 mingdan bo‘lsa, ‘srazu’ ketamiz”. Qorin och, charchagansan, pul bemalol bo‘lsa — 500 so‘m ko‘zga ko‘rinarmidi?

Kecha (aniqrog‘i, bugun) ham odatdagi tun edi. Kirakashimiz uch yo‘lovchi bilan 3 ming so‘mdan ketishga kelishib bo‘lgan joyida to‘rtinchi yo‘lovchi 2 ming so‘mga Yarmarkaga tashlab qo‘yishni iltimos qildi. Tezroq ketsak bo‘ldi. Har doimgidek, kirakashdan ko‘p narsa kutmayman, eng ko‘p kutayotganim — odatdagidek 9—10 daqiqada Chilonzordan uyga yetkazib qo‘ysa. Lekin birinchi bo‘lib qulog‘im hayron qoldi — kirakashning “mafoni”da — Depeche Mode. “Termalari orasiga adashib tushib qolgan bo‘lsa kerak”, — deb o‘yladim.

Janubiy vokzaldan o‘tgan ham edik, yarmidan boshlangan Depeche Mode tugab, Cranberries’ning Zombie’si boshlanib qoldi-ku! “Mafon”ga ataylab qaradim, “Balki bu qandaydir bir radiokanaldir”, deb. Yo‘q, disk aylanyapti. Kirakashga past nazar bilan qaraganimdan uyaldim-u, unga nisbatan hurmatim birdan oshdi. Odatda “Ummon”ning “Vaqtim yetmadi, sani erga bervorishdi” mazmunidagi ashulalari qo‘yiladigan bunday mashinalarning birida maktab-litsey davrlaringni yodga soladigan qo‘shiqni eshitib qolishing... odamga juda bir yoqarkan.

Cranberries’ning qo‘shig‘ini ikki yoki uch daqiqa eshitdim, lekin shuning o‘ziyoq litseydagi so‘nggi yillar, universitetning dastlabki kurslari — bir necha yillik davr ko‘z oldimdan o‘tishi uchun yetarli bo‘ldi. Avvallari SOAD’ni eshitardim, Linkin Park’ning chinqirib aytgan qo‘shiqlari ham yoqardi. Lekin hozir SOAD’ni umuman eshitmayman — qabul qilolmayman; Linkin Park’ning ham 2—3 ta nisbatan sokinroq kompozitsiyalarini yoqtirib tinglayman, xolos. Cranberries ham deyarli shu yo‘nalishda, lekin uning 10 ga yaqin qo‘shiqlarini o‘sha litseychi vaqtimdagi kabi mazza qilib eshitaman.

Cranberries bilan musiqashunos sinfdoshim Sarvar tanishtirgan. 17-18 yoshingda o‘zing pul topging, mustaqil bo‘lging keladi. Kecha (aniqrog‘i, bugun) taksida uyga kelayotganda Zombie’ni eshitayotib, bundan 7—8 yil avval “Sporttovar”dagi “Do‘mboq jo‘jalar” (yo “Yumshoq”midi?)da o‘sha sinfdoshim bilan birga ofitsiant bo‘lib ishlashga tayyor bo‘lganim, gulchilik qilmoqchi bo‘lganimiz, sayt “yasab”, sotmoqchi bo‘lganlarim esimga tushib ketdi. Cranberries’ni eshitayotib uning boshqa qo‘shiqlari ham menga juda yoqishini esladim, ayniqsa “21” universitetning birinchi va ikkinchi kursidagi xira xotiralarning qo‘zg‘atuvchisi. Bir qarasang tushkun, bir qarasang ko‘tarinki kayfiyatda yuradigan vaqtlarim. Hozirgidan ancha kuchli xayolparast bo‘lgan, bir yilda Dubay, Praga va Istanbulga borishni orzu emas, aniq hisob-kitob bilan rejalashtirib yurgan vaqtlarim: “Mana shunday-shunday qilaman, shunda bunday-bunday bo‘ladi, keyin aylangani ketaman”. Eslasam, kulgim keladi.

O‘sha 2-3 daqiqa ichida “Football.Uz” degan mega-super-proyekt qilib (domen o‘zimda edi, ikki yil ustida saqlab o‘tirganman, hech kimga bermay), Xayrulla Hamidovdan tortib Abror Imomxo‘jayevlargacha hamma mashhurlar bilan birga ishlamoqchi bo‘lganlarim, “Toshkent sadosi” degan shahar yangiliklari haqida sayt, “Bakabum.com” degan faqat sport, shou-biznes va oldi-qochdi yangiliklar beradigan loyihalar qilmoqchi bo‘lganim, ertalabdan kechgacha shularni dizaynini yasash bilan vaqt o‘tkazganim esimga tushdi. O‘sha, xayolimga kelgan narsani qilgim kelaveradigan (qizig‘i, hozir o‘ylasam, o‘sha vaqtlarda xayolimga hech yomon narsalar kelmagan ekan) davrimda g‘irt erinmagan bo‘lgan ekanman. O‘ylaganlarimni o‘zim yaqin olgan insonlarga: “Kel, shunday qilaylik”, deb aytolgan, ularga taklif bilan chiqolgan ekanman. Litseydagi kursdoshlarim — Abror, Behzod va boshqalar bilan ishtiyoqimiz qandaydir kuchli edi, bir safar “mish-mish.net” degan loyihani ishga tushirib (sal qolsa ishga tushardi ham, deyarli hamma narsasi tayyor edi), uni Gulnora Karimovaning “Chag‘oniyon”miyey degan gazetada e’lon qilingan intervyulari bilan ochish niyatlarimiz bor edi.

Shunaqa, ishtiyoq kuchli edi, ko‘p narsa qilgim kelardi. Lekin tartib, intizom, mas’uliyat degan narsa yo‘q edi (hozir ham yo‘qligini ko‘pda ko‘pchilik sezadi, biladi). Kayfiyat bo‘lmasa, ko‘zimga Dubay, Pragalar bir yoqda tursin, dunyo ham ko‘rinmaydi, hech kim telefon qilib tusholmaydi, ustozlarim esa “Betayin!” deb SMS yozib yuboradi; “Ishimiz yurishib ketsa, birinchi bo‘lib sani ishdan haydayman”, — deb dag‘dag‘a qiladi boshqasi. Bundan battarlari ham bo‘lgan. Lekin bir ishlagim kelsa, gazetaning har sahifasida “Muhrim A’zamxo‘jayev” degan imzo turardi (maqtanchoqligim uchun uzr; yodimda, Qo‘qonda holvachi xola o‘zi bilmay holvani Muhrim A’zamxo‘jayevning maqolasi chiqqan sahifaga o‘rab bergandi).

Cranberries’ning Zombie’sini eshita turib, xotiralarim ko‘tarildi. Voqealar, odamlar, ishlar, rejalar ko‘z oldimdan o‘tib, bir kulaman, bir achinaman; juda ko‘pincha bekorga o‘tib ketgan, oqib ketgan vaqtlarga achinaman...

Irlandiyalik Cranberries’ning Bosniya haqida kuylangan “Bosnia” nomli qo‘shig‘i bor. Qo‘shiq davomida shunday bir baqiradi, lekin shu baqirishi, hayqirishi qandaydir yoqadi — nimagadir undaydigan, boshni ko‘tarishga majbur qiladigandek chorlov bordek. Balki sezgan-bilgan chiqarsiz, ancha-muncha bosniyalik bo‘lmagan mashhur san’atkorlar Bosniya haqida qo‘shiqlar kuylagan. Bosniya haqida juda ko‘p kuylangan. Cranberries’ning ham qo‘shig‘i shulardan biri.

Deylik, men “Mona Liza”ni soatlab tomosha qilib ham hech nimani tushunmasligim, etim bir gramm ham jiz etmasligi, “Nomi ulug‘ bir rasm-da”, deb o‘tib ketarman. Lekin ba’zida, bu gap qanchalik balandparvoz bo‘lmasin, juda jo‘n, qiymati hech qachon “Mona Liza” bilan tenglasha olmaydigan narsalar kishiga qattiq ta’sir qiladi. Masalan, men urush balosini haqiqatan-da yomon ko‘rishim uchun aynan Bosniya misoli, aynan Cranberries’ning “Bosnia” qo‘shig‘i va aktyor Richard Gir o‘ynagan “The Hunting Party” filmi sabab bo‘lganini aytishim joiz. Bungacha qanchadan-qancha urushlar haqida o‘nlab filmlarni ko‘rganman, urushning yomonligi to‘g‘risida sanoqsiz qo‘shiqlarni eshitganman, lekin bir og‘iz gap va birrov kadr hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatgan. O‘sha “The Hunting Party”da Sarayevo vayronalari yonidan o‘ta turib, film qahramonining: “Bu yerda Qishki Olimpiada bo‘lgan”, — degan gapni aytishi... Xirosima bombardimonining o‘nlab nuqtalardan olingan videolaridan-da kuchliroq ta’sir qilgan.

Kechagi (aniqrog‘i, bugungi) taksida Cranberries’ni eshitarkanman, 2-3 daqiqa ichida o‘sha Sarayevo ham xotiramda aylanib chiqqani bor gap. Bugun ham, ertaga ham, indinga ham yangi kunni metroda kutib olishim ehtimoli katta. Endi Cranberries’ning Zombie’sini yana eshitsam, kechagi (aniqrog‘i, bugungi) 2-3 daqiqadek xotiralarim ummoniga chuqur sho‘ng‘iy olmasligim mumkin, lekin yana o‘sha haydovchining mashinasida, o‘sha — hozirgidan ancha yaxshi, hozirgidan ancha samimiy, ko‘proq bolachalarga o‘xshaydigan, oxir-oqibat o‘zimga ham ko‘proq yoqadigan o‘sha Muhrimning yaxshi ko‘rgan musiqalarini eshitib ketishni xohlardim.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (16-01-2018, 19:43)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 105) ( 0) ( 104) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют