» » Shavkat Mirziyoyev — eski MXX haqida: “Bular, kerak bo‘lsa, ‘stolba’ni ham olib borib qamardi”

Shavkat Mirziyoyev — eski MXX haqida: “Bular, kerak bo‘lsa, ‘stolba’ni ham olib borib qamardi”


O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida 16-fevral kuni Peshku tumanida viloyat faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Prezident Milliy xavfsizlik xizmatining o‘tgan faoliyatini tanqid ostiga olgan. Prezident tanqidi yozilgan audio “Kun.uz” tomonidan e’lon qilindi.

Barcha rahbarlar xotirjamlikka berilmasdan, ko‘zini kattaroq ochadigan vaqt keldi. Ayniqsa, shu to‘rtta rahbar. Hozir beshinchisi ham qo‘shilgan. Bizda bitta tashkilot bor: milliy xavfsizlik degan. Hammangiz bilasiz, O‘zbekistonda qanday o‘zgarishlar bo‘layotganini. Davlatning bir idorasiga shuncha vakolat berish — bu davlatga bo‘lgan qip-qizil xiyonatchilik.

Qilgan o‘zgarishlarimiz birovga yoqadimi-yo‘qmi, menga baribir. Xalqqa yoqsa bo‘ldi, boshqasi hech kimmas. Buxoroda ham norozichilik. Menga kelgan xatlarning mualliflari juda norozi. Tadbirkorlarni boshini yegan o‘sha tashkilotlar hali ham bor. Bitta salgina ko‘kargan odamni otang kim, onang kim, deb tekshiraverib, hammani o‘ldirdi. Hamma ishbilarmon Buxorodan ko‘chib ketdi. Boshqa davlatlarda, boshqa yurtlarda, boshqa shaharlarda sargardon bo‘lib yuribdi. Bu ham haqiqat

Shuning uchun bu janoblarni ham joyiga qo‘yib, mana o‘tiribdi ko‘pi yerga qarab. Bular bunday majlislarga kelmasdi. Bular go‘yoki o‘zlari kattakon edi. Xuddi ota-onasidan qolgan bir vakolati borday. Amir Olimxon ham tug‘ilganida bularga buncha vakolat bermasdi. Bularga hech kim bunday vakolat bermagan, lekin o‘zlari oldi. Agar adolat kerak bo‘lsa, mana shu adolatni, albatta, qonun ustuvor bo‘ladimi, jazo muqarrar bo‘ladimi, tartib bundan ham qattiq bo‘ladi, lekin adolatli bo‘ladi. Mana shuni hamma bilishi kerak

Bitta pogon kiygan noinsoflarga birorta davlatda unday vakolat berilmaydi. 1937-yilda ham bunday bo‘lmagan. Shuning uchun hamma narsa joy-joyiga tushadi. Ularning ko‘pi qonun oldida javob berishni boshladi. Bulbulday sayrayapti, bulbulchadek! Hali ular ko‘p fuqarolarni kirgizgan joylariga o‘zlari kirgani yo‘q. Buxorodan menda juda ko‘p manba bor. Tadbirkorlarni aybsiz qamagani, qanday qiynagani, rasmlari ham bor menda. O‘sha ishni qilgan tergovchilarning hammasining familiyasi bor. Xudo xohlasa, sog‘-salomat yursak, vaqt keladi, televizorda ko‘rasizlar. Ularni ham xuddi shu kuyga soldiraman. Nima uchun? Adolat bo‘lishi kerak! Yigirma yil bo‘lsa, yigirma yil qamaladi.

Mana, bir-ikkitalari umrbod qamoqqa ketdi, hamma pogonini olib tashladik. Bularni ham shunday qilamiz. Nega desangiz, eng yomon illatli tashkilot Surxondaryo bilan Buxoroda bo‘lib, bular juda quturgan edi. Kechirasizlar, qo‘polroq bo‘lsa ham. O‘tiribdi, mana, shu tashkilotning forma kiygan rahbarlari. Hech yoqqa bormaydi bular endi, shunday ishlaydiki, o‘h-ho‘, ko‘rasiz hali. Buxoroda boshlayapmiz tozalashni.

Buxoroda bu tashkilot quturgan it edi. Xohlagan odamini nima qilsa, qilardi. Kerak bo‘lsa, “stolba”ni ham olib borib qamardi. Bu narsalarni nima uchun aytyapman? Bular o‘ylardiki, vakolati ota-bobosidan qolgan. Hech birining ota-bobosidan qolgan vakolati yo‘q. Bunaqa bo‘lmaydi ham! Adolatni baribir o‘rnatamiz. Mana uch-to‘rttasining jilovini ushlab ichkariga kirgizuvdik, 10 kun bo‘lgani yo‘q, Buxoro to‘g‘risida kim topshiriq bergan, nima qilgan, bulbulday sayrayapti.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Bu Prezident tomonidan MXXning o‘tgan faoliyati tanqid qilinishi bilan bog‘liq birinchi hodisa emas. Avvalroq, 19-yanvar Qiziriqda Surxondaryo viloyati faollari bilan bo‘lgan yig‘ilishda ham Shavkat Mirziyoyev MXXning bir qator sobiq mulozimlarini xoin deb atagan edi.

Mavzuga doir: Shavkat Mirziyoyev — MXXning eski mulozimlari haqida: “Bizga odamlarni poylab yuradigan MXX kerak emas”



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (19-02-2018, 12:28)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 52) ( 0) ( 51) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют