» » O‘zbekiston sporti tubdan o‘zgaradi. Prezident o‘z farmonida sport rivojiga to‘sqinlik qilayotgan 9 ta tizimli muammoni sanab o‘tdi

O‘zbekiston sporti tubdan o‘zgaradi. Prezident o‘z farmonida sport rivojiga to‘sqinlik qilayotgan 9 ta tizimli muammoni sanab o‘tdi


Prezident Shavkat Mirziyoyev jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi.

Unda sportni rivojlantirishning mavjud tizimi talabga javob bermay qo‘ygani birinchi galda o‘z ifodasini topgan. Farmon matni sport va jismoniy tarbiya sohasida tizimli muammolar, kamchiliklar ko‘p ekanini aytish bilan boshlangan. Shuning uchun ham bu borada davlat siyosatini samarali olib borishning iloji yo‘q, deb yozilgan. Keyin esa sport rivojiga to‘sqinlik qilayotgan masalalar sanab chiqilgan.

Birinchi masala. Sport boshqaruvining yaxlit tizimi mavjud emas, deb yozilgan farmonda. Ya’ni, sohada davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyati muvofiqlashtirilmagan. Bu esa sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish va targ‘ib qilishni yetarli darajada ta’minlamayapti.

Ikkinchi masala. O‘zbekistonda professional va ommaviy sportda erishilishi kerak bo‘lgan yutuqlar, marralar bor. Biroq ularga erishish yo‘lida sportni rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilmagan. Konsepsiya esa o‘rta va uzoq muddatli istiqbolni ko‘zlab tuzilishi shart.

Uchinchi masala. Sportning zamonaviy moddiy-texnik bazasi, infratuzilmasini yaratish bo‘yicha nodavlat sektor bilan davlat o‘rtasidagi munosabatlar past darajada. Bu aslida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida vujudga kelishi kerak edi. Ish yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani uchun ham sportdagi muammolar samarali hal bo‘lmayapti.

To‘rtinchi masala. Yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni tanlab olishning, ya’ni, seleksiyaning samarali hamda shaffof tizimi mavjud emas. Terma jamoalar tarkibini sifatli kadrlar bilan to‘ldirish uchun — sport zaxirasini shakllantirish va yuqori malakali sportchilarni tayyorlash kerak. Aynan seleksiya talab darajasida emasligi, bunga to‘sqinlik qilayotgani aytilgan.

Beshinchi masala. Sportni rivojlantirish uchun O‘zbekistonda malakali kadrlar yetishmovchiligi bor. Chunki sport kadrlaridan tortib, sport tashkilotlarini boshqaruvchi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirishning mavjud tizimi yaxshi ishlamayapti, deyiladi farmonda.

Oltinchi masala. Sportning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishida alohida turlargagina e’tibor berilgan, oqibatda boshqa olimpiya sport turlari nazardan chetda qolib ketgan. Ayniqsa, qishki sport turlariga bo‘lgan qiziqish keskin pasayib ketgan.

Yettinchi masala. Sportchilarni tayyorlashda ularning tibbiy ta’minotiga, innovatsion tadqiqotlari va uslubiy ishlanmalariga e’tiborli bo‘lish kerak, deyilgan. Zamonaviy talablarga javob beradigan standartlarining mavjud emasligi oqibatida bugungacha sifatli o‘quv-mashg‘ulot jarayonining yo‘lga qo‘yilishi ta’minlamagani ko‘rsatilgan.

Sakkizinchi masala. Sportni rivojlantirishga yo‘naltirilgan moliyaviy mablag‘larning sarf etilishini nazorat qiluvchi mexanizm talab darajasida ishlamasligi ta’kidlangan. Vaholanki, pullarning sarf etilishi asoslimi, ular haqqoniy yo‘naltirilmoqdami kabi masalalar nazorat qilib borilishi kerak. Bu holat sportda suiste’molchilikka yo‘l qo‘ymaslik uchun ham shart, deyiladi.

To‘qqizinchi masala. O‘zbekistonda xalqaro standartlarga javob bera oladigan sport asbob-uskunalari va inventarlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmagan. Boisi, shu turdagi ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlaydigan mexanizmning o‘zi yo‘q.

Shavkat Mirziyoyevning farmonida mana shu masalalarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish uchun qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘rsatilgan. Farmon matni MOQ saytida ham e’lon qilindi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (6-03-2018, 17:58)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 51) ( 0) ( 50) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют