» » Bobomurod Abdullayevga sud-tibbiy ekspertizasi tayinlandi. U o‘zini qiynoqqa solgan MXX xodimlariga jinoiy ish ochishni so‘radi

Bobomurod Abdullayevga sud-tibbiy ekspertizasi tayinlandi. U o‘zini qiynoqqa solgan MXX xodimlariga jinoiy ish ochishni so‘radi


Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida 7-mart kuni Jinoyat kodeksining 159-moddasi      4-qismida (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan sudlanuvchilar Bobomurod Abdullayev, Hayotxon Nasriddinov, Shavkat Olloyorov va Ravshan Salayevga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.

Jinoiy ish sudya Zafar Nurmatov raisligi ostida ko‘rib chiqilmoqda. Sud tomonidan jarayon ishtirokchilarining hozir bo‘lgani tekshirildi, sud tarkibi, tomonlar e’lon qilindi, rad qilish huquqi tushuntirildi. Sudlanuvchilarning shaxsi va ularga ayblov xulosalarining nusxalari berilgan vaqt aniqlandi, ish bo‘yicha sudlanuvchilar va tomonlarning huquq hamda majburiyatlari tushuntirildi.

Sud tergovini boshlashdan oldin raislik etuvchi arizalar va iltimosnomalar bor-yo‘qligi to‘g‘risidagi masalani aniqladi.

Advokat Sergey Mayorov tomonidan sudlanuvchi Bobomurod Abdullayevga nisbatan sud-tibbiy ekspertizasini tayinlash to‘g‘risida iltimosnoma kiritildi. Ushbu iltimosnoma tegishli tartibda sud tomonidan qanoatlantirildi.

Sergey Mayorovning ma’lum qilishicha, u 2017-yil 27-sentabrda qo‘lga olingan Bobomurod Abdullayev bilan Milliy xavfsizlik xizmatining tergov izolyatorida ikki marta uchrashgan.

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, himoyasi ostidagi shaxs “MXX xodimlari bir necha marta uni qiynoqqa solib urishgani, tan jarohatlari yetkazishgani, jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik qo‘llab, u sodir etmagan jinoyatlarni amalga oshirganini tan olishga majburlangani, boshqa shaxslarga nisbatan yolg‘on ko‘rsatmalar berishiga urinishgani” haqida unga aytgan. Ushbu tafsilotlar O‘zbekiston bosh prokurori Ixtiyor Abdullayevga yuborilgan arizada ko‘rsatib o‘tilgan.

“Arizada uni urib, qiynoqqa solgan MXX xodimlari ism-shariflari keltirilgan. Abdullayev shu munosabat bilan ularga nisbatan jinoiy ish ochishni so‘ragan. Uni qiynashgan, lekin faqat 27-sentabrdan 5-noyabrgacha. Shundan so‘ng qiynoqqa solishmagan. Bugungi majlisda ish materiallariga qo‘shish uchun mazkur arizani qabul qilish to‘g‘risidagi da’voim qondirildi”, — dedi Mayorov.

Bobomurod Abdullayevning asosan chap qo‘lida gematoma va shilinish ko‘rinishidagi qiynoq asoratlari saqlanib qolgan.

“U yerda ko‘karish emas, gematomalar bor. U nima uchun chap qo‘lida ekaniga oydinlik kiritdi: uni o‘ng qo‘lidan kishanlab, chap qo‘liga urishgan va ‘hujjatlarga qo‘l qo‘yishing uchun o‘ng qo‘ling bizga kerak’, deyishgan”, — dedi advokat.

Sergey Mayorovning qayd etishicha, uning himoyasi ostidagi shaxsni 6 sutka davomida o‘tirish, yotish va uxlashga qo‘yishmagan. “Unda umurtqasi bilan bog‘liq katta muammolar bor. Egilgan holda o‘tiradi, to‘g‘ri o‘tira olmaydi. Sudyaning qaroridan shikoyat qilmoqchiman, chunki u umurtqa to‘g‘risidagi murojaatimni hisobga olmadi”, — ta’kidladi himoyachi.

Sudyalar tan jarohatlari, ularning xarakteri va og‘irligini aniqlash uchun sud-tibbiyot ekspertizasini tayinladi. Ekspertiza o‘tkazilishi bilan kelgusi majlis to‘g‘risida xabar qilinadi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (8-03-2018, 09:13)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 91) ( 0) ( 91) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют