» » Haydovchilar taksini sariq rangga bo‘yash talabidan nega norozi?

Haydovchilar taksini sariq rangga bo‘yash talabidan nega norozi?


Vazirlar Mahkamasining “Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Unga ko‘ra, 2012-yilning 1-yanvaridan boshlab Toshkent shahridagi taksilar qaymoqrang, viloyatlardagi esa sariq rangda bo‘lishi, ularning haydovchilari litsenziya olgani haqidagi guvohnoma va tibbiy varaqaga ega bo‘lishlari lozim. Bu haqda O‘zA muxbiri Sayyora Shoyeva fikr yuritgan.

Yaqinda xizmat safari bilan Jizzax shahriga bordik. Kundalik tashvishlar bilan ko‘chaga chiqqan odam borki, taksiga ishi tushadi. Shaharda ulov ko‘p, lekin sariq rangli avtomashinalar deyarli ko‘rinmaydi. Duch kelgan mashinalardan birini to‘xtatib, manzilni aytdik.

Ketayotib, haydovchi mehmonga o‘xshaysizlar, nima yumush bilan keldinglar, deya so‘rab qoldi. U yoqdan, bu yoqdan gap ochilib, mavzu taksilarga borib taqaldi.

— Qariyb 30 yildan buyon avtomobil boshqaraman. Hatto tadbirkorlik bilan shug‘ullanish niyatida 2010-yilda Jizzax shahrida yo‘lovchi tashish transporti uyushmasini ham tashkil etganman. 120 ta ishchi o‘rni yaratdim. Bugun korxona gullab-yashnab, xizmat ko‘rsatish sifati ham oshib ketgandir, dersiz? Yo‘q, aksincha jamoamizda hozirda 30 nafargina haydovchi qoldi, — hikoyasini boshladi haydovchi.

— Nega? Yurtimizda yangidan yangi ish o‘rni ochish uchun imkoniyatlar yaratilayotgan bir paytda sizda ish o‘rni kamayib ketadi, maoshini o‘z vaqtida bermagan bo‘lsangiz kerak-da? – deya fikrimizni aytdik.

— Ey, yo‘q, — dedi u. — Chetdan qarab, kimnidir ayblash oson. Lekin sohani ichida yurgan odam buni yaxshi tushunadi. O‘zimdan qiyos: tadbirkorlikni boshlaganimda uyushmaga a’zo bo‘lish oson, notarial to‘lovlar arzon, eng muhimi esa avtoulovni sariq rangga bo‘yash yo‘q edi. Biz bu xizmatlarni joriy etib, nima yutdik-u, nima yutqazdik? 30 yillik haydovchilik stajim, rahbarlik jarayonida shuni bildimki, yo‘lovchi tashish xizmatida o‘zini oqlamaydigan ko‘pgina jarayonlar, to‘siqlar bor.

Haydovchi bu muammolarni sanay boshladi:

Birinchidan, taksi haydovchilariga bir yillik majburiy sug‘urta to‘lovi belgilangan. Uning to‘lovi davlat narxida 90 dollar, ya’ni 360 ming so‘m. Dala ishlari kamaygan vaqtlarda, misol uchun, qish mavsumida vaqtincha ish so‘rab murojaat qilishadi. Ular uch oy, olti oy yoki yetti oy ishlash istagini bildiradi. Ana shunda bir yillik majburiy sug‘urta aytilganda, e’tiroz bildirishadi: bir yil ishlamaymanku, shu davrga yarasha to‘lov qilsam bo‘lmaydimi? Afsuski, bir oy ishlagan haydovchi ham, bir yil ishlagani ham ushbu summani bir xilda to‘lashi shart.

Ikkinchisi: yaqinda hisoblab ko‘rdik, viloyatimizda sariq rangdagi taksilar soni 600 taga ham yetmas ekan. Biroq, kuzatuvlarimiz Jizzax shahrida 4 ming nafardan ko‘proq shaxs noqonuniy tarzda “taksichilik” bilan shug‘ullanayotganini ko‘rsatdi.

Endi hisoblab ko‘ring. Agar 600 ta o‘rniga 4 mingta odam ishga olinsa, davlatga qancha tushum bo‘ladi? Haydovchi yo‘lga chiqishdan oldin avtotransport vositasining belgilangan tartibda texnik ko‘rikdan, haydovchilarning tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi yo‘l varaqasi uchun kuniga 10 ming so‘m to‘lasa, davlat bujetiga bir kunda 40 million so‘m tushadi. Bu ko‘rsatkich bir oyda 1 milliard 200 million so‘mni, bir yilda 14 milliard 400 million so‘mni tashkil etadi. Bundan tuman, shahar byujeti qancha foyda ko‘radi?

Yana bu haydovchilarga to‘langan oylik ish haqidan olinadigan soliq bujetga tushum emasmi? Eng muhimi, yangi ish o‘rni ochilishi, yoshlarning bandligi ta’minlanishi-chi? Bu oddiy arifmetikani Iqtisodiyot yoki Moliya vazirligida o‘tirgan mutasaddilar bilishmaydimi?

Biz uchun yana bir og‘riqli nuqta bor. Mana, 6 yilki avtoulovlarni sariq rangga bo‘yash yaxshi samara bermayotgani isbotlandi. Axir yillab pul yig‘ib, qancha orzular bilan olingan mashinani kim ham bo‘yab, rangini o‘zgartirgisi keladi? Bizdan buni talab qilayotgan rahbarlarning o‘zi shunday qiladimi? Yo‘q. Natija bermagan talablardan voz kechish vaqti kelmadimi?

Viloyatimizda 4 ming nafardan ko‘proq noqonuniy faoliyat yuritayotgan takschilar borligini aytdim. O‘ylaymanki, bu borada vaziyat boshqa viloyatlarda ham bundan yaxshi emas. Yana bir gap. Bugun taksi qilib, hech joyda ishlamayotgan, davlatga nafi tegmayotgan yigitlar vaqti kelib, pensiya talab qiladi. Ana shunda ularga nafaqa qaysi mablag‘dan olib beriladi? Agar ulardan mashina rangini o‘zgartirishni talab qilmasdan, ishga qabul qilsak, jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasi ochiladi. Bu ham bujetga foyda emasmi?

Prezident bizni uyg‘onishga chorlayotgan bir fursatda, vatanimiz ravnaqini o‘ylayotgan bir fuqaro sifatida sohaga joriy etilayotgan yangi me’yorlarda, avvalo, fuqarolar manfaati hisobga olinishini juda-juda istayman... Haydovchi bu so‘zlarni aytayotganda, manzilimizga ham kelib qoldim.

Shu tariqa poytaxtga qaytib, bu mavzuda ko‘p o‘yladim. Internetdan bu boradagi xalqaro tajribalarni o‘rganishga harakat qildim. Shunda dunyoda taksi avtomobillari uchun yagona rang aslida qabul qilinmagani, ammo ko‘pgina mamlakatlarda sariq rang keng joriy etilgani haqida ma’lumot topdim. Sabab esa oddiy: yorqin sariq rangdagi avtomobillar boshqa transport vositalari orasida yaqqol ajralib, qorli, yomg‘irli, tumanli kunlar va qorong‘ida ham ko‘zga tashlanar ekan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (9-03-2018, 16:58)
+1 (голосов: 1)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 67) ( 0) ( 65) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют