» » 26—27-mart kunlari Toshkent shahrida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi o‘tkaziladi

26—27-mart kunlari Toshkent shahrida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi o‘tkaziladi


O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan Afg‘oniston bilan hamkorlikda joriy yilning 26—27-mart kunlari Toshkent shahrida “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasini o‘tkazish tashabbusining ilgari surilishi O‘zbekiston rahbariyatining mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha umumiy strategiyasining ajralmas bo‘lagi hisoblanadi. Konferensiyaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani so‘zga chiqadi, deb yozadi O‘zA.

O‘zbekiston Afg‘oniston muammosini hal qilishda o‘zining maqsad va prinsipial pozitsiyasiga sodiq qolmoqda. O‘zbekiston Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga ko‘mak berishda tinchliksevar loyihalarni amalga oshirish, qo‘shni davlatning uzoq muddatli urushdan vayron bo‘lgan iqtisodiyotini tiklashda ishtirok etish orqali o‘z qat’iyatini namoyish qilib kelayapti.

19-yanvar kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Xavfsizlik Kengashining Markaziy Osiyo va Afg‘oniston masalalariga bag‘ishlangan muhokamalarida O‘zbekiston tomoni joriy yil mart oyining oxirida Toshkentda “Afg‘oniston — tinch kelajak sari yo‘l” mavzuida xalqaro vazirlar konferensiyasi o‘tkazilishini ma’lum qildi. Xalqaro anjuman Afg‘onistondagi tinchlik muzokaralarining asosiy tamoyillarini muvofiqlashtirish, Afg‘oniston hukumati hamda qurolli muxolifat o‘rtasida muzokaralar olib borish mexanizmini ishlab chiqish, muzokaralar jarayonini qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro qo‘shma tadbirlarni muvofiqlashtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Toshkent konferensiyasining samaradorligi va natijadorligini ta’minlash maqsadida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, BMT Bosh kotibining Afg‘onistondagi maxsus vakili Tadamichi Yamamoto, Yevropa ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik masalalari bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini, shuningdek, Rossiya, Xitoy, AQSh, Hindiston, Eron, Pokiston, Turkiya, Saudiya Arabistoni hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarining tashqi ishlar idoralari rahbarlari qatnashishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidentidan joriy yil 26—27-mart kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyaga oid maktub keldi. AQSh Prezidenti O‘zbekiston Prezidentining Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya ta’rifi bayon etilgan maktubini olganidan mamnun bo‘lganini qayd etdi. Maktubda AQShning Janubiy Osiyodagi strategiyasi mintaqa mamlakatlarini Afg‘onistondagi nizoni tartibga solish va vaziyatni barqarorlashtirish uchun birdek mas’uliyat his qilishga undashi ta’kidlangan. Donald Tramp O‘zbekiston Prezidentining mintaqaviy yondashuvga doir tashabbusini qo‘llab-quvvatlashi, bu esa o‘z navbatida, vaziyatni tinch muzokaralar yo‘li bilan hal qilish uchun sharoit yaratishi, iqtisodiyot, jumladan, Afg‘oniston bilan savdo aloqalarini rivojlantirishini qayd etdi.

O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida diplomatik aloqalar 1992-yil 13-oktabrda o‘rnatilgan. Ikki tomonlama hamkorlik 2016-yilga kelib, izchil rivojlana boshladi. 2017-yil yanvarda Toshkentda ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning birinchi davrasi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili tayinlangani mamlakatning ikki tomonlama munosabatlarga ajratayotgan e’tibori namunasi bo‘ldi.

O‘zbekistonlik quruvchi va mutaxassislar tomonidan “Termiz — Hayraton — Mozori Sharif” temir yo‘li qurilib, foydalanishga topshirilganini alohida ta’kidlash kerak. O‘zbekiston mutaxassislari tomonidan “Mozori Sharif — Hirot” temir yo‘li va “Surxon — Puli Xumri” elektr uzatish liniyasi qurish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi Afg‘oniston iqtisodiyoti rivojlanishiga xizmat qiladi.

Termiz shahridagi ixtisoslashgan shifoxonada Afg‘oniston fuqarolariga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoitlar yaratildi. Afg‘onistonliklar uchun o‘zbek tilini o‘rgatish, temir yo‘l hamda boshqa sohalar mutaxassislarini tayyorlash maqsadida Surxondaryo viloyatida maxsus ta’lim markazi tashkil etilgan. Joriy yilning 21-yanvar kuni 100 nafarga yaqin afg‘onistonlik yoshlar Termiz xalqaro aeroportida kutib olindi. Ular O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Afg‘on fuqarolarini o‘qitishga mo‘ljallangan o‘quv markazida tahsil olish uchun tashrif buyurdi. Afg‘onistonlik yoshlar mazkur markazda ikki yil davomida o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishida pedagogik tahsil olishadi. Shundan so‘ng o‘z yurtlariga qaytib, sohalari bo‘yicha afg‘on o‘quvchilariga dars berishadi. Markazda dastlabki bosqichda o‘zbek tili va adabiyoti bakalavriat ta’lim yo‘nalishida 97 nafar talaba, shu jumladan, 86 nafar o‘g‘il bola va 11 nafar qiz bolani o‘qitish nazarda tutilgan.

O‘tgan yili dekabrida Toshkentda Shavkat Mirziyoyev va Ashraf G‘ani ishtirokida bo‘lib o‘tgan muzokoralarda umumiy madaniy-ma’naviy meros ramzi bo‘lgan Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa allomalar qadamjolarini birgalikda qayta tiklash, ta’mirlash va obodonlashtirish bo‘yicha kelishib olindi. 2018-yil Afg‘onistonda Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosini o‘rganish bo‘yicha xalqaro konferensiya, Toshkentda olima ayollarga bag‘ishlangan xalqaro simpozium o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

O‘zbekiston Afg‘oniston uchun zarur mutaxassislarni mamlakat oliy o‘quv yurtlarida o‘qitishga tayyorligini bildirdi.

Tadbirda samimiy do‘stlik munosabatlarining ifodasi sifatida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 25 dona Isuzu rusumli avtobus va New Holland markali 3 ta traktor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan birodar Afg‘onistonga hadya etilgani e’lon qilindi. Shu yilning 10-yanvar kuni Afg‘oniston Islom Respublikasining Hayraton shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan 25 avtobus, 3 traktor va tirkama texnika Afg‘oniston xalqiga hadya qilinishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston rasmiy delegatsiyasi a’zolari, Afg‘oniston Prezidenti ma’muriyati va hukumati, ushbu mamlakat jamoatchiligi va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbek va afg‘on xalqlarini yaqin qo‘shnichilik va azaliy do‘stlik rishtalari o‘zaro bog‘lab turadi. Afg‘onistonda tinchlik va osoyishtalikni o‘rnatish, o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlash, savdo, iqtisodiy, transport, madaniy va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan keng ko‘lamli sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (16-03-2018, 14:13)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 82) ( 0) ( 82) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют