» » Fotogalereya: Sudlangan yoki tergov qilingan davlat rahbarlari

Fotogalereya: Sudlangan yoki tergov qilingan davlat rahbarlari


2018-yilning 20-mart kuni Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi Nanter shahrida uning 2007-yildagi saylovoldi kampaniyasining moliyalashtirilishi bilan bog‘liq ish yuzasidan qo‘lga olindi. U 2007—2012-yillarda Fransiya prezidenti bo‘lgan. Prezidentlikdan ketganidan so‘ng Sarkozi uning saylovoldi kampaniyasini moliyalashtirish bilan bog‘liq manbalar yuzasidan turli tekshirishlar markazida bo‘lgan. U Liviyaning sobiq rahbari Muammar Kaddafiydan mablag‘ olganlikda gumonlanmoqda. “Vedomosti” ana shu mavzuga bog‘liq ravishda, shu vaqtga qadar sudlangan yoki tergov qilingan davlat rahbarlariga e’tibor qaratdi.

Janubiy Koreya sudi 2018-yilning fevral oyida mamlakatning sobiq prezidenti Choy Sun Silni 20 yillik qamoq jazosi va 16,6 million dollar miqdorida jarima to‘lashga hukm qildi. U korrupsiya, poraxo‘rlik, mansabni suiiste’mol qilish va davlat sirini oshkor qilishda aybdor deb tan olingan.

Kuritiba federal sudi 2017-yilning iyul oyida Braziliyaning sobiq prezidenti 71 yoshli Luis Inasiu Lulu da Silvani to‘qqiz yarim yilga qamoq jazosiga hukm qildi. Mamlakatning sobiq prezidenti “passiv korrupsiya va pul yuvish”da, shuningdek, 1,2 million dollar miqdorida pora olishda aybdor deb topilgan.

Argentinada mamlakatning sobiq prezidenti Kristina Fernandes de Kirshner ustidan sud jarayoni davom etmoqda. U byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish maqsadida til biriktirishda, Argentina markaziy bankidagi qallobliklarda ishtirokchilikda, noqonuniy boyish va korrupsiyada ayblanmoqda.

Peru 2018-yilning fevral oyida AQShdan mamlakatning sobiq prezidenti Alexandro Toledoni ekstradatsiya qilishni rasman so‘radi. Bu so‘rov 2017-yilning boshida ham yuborilgan edi. Peru sudi 2017-yilning fevralida Toledoni hibsga olishga order bergan. U Braziliya qurilish kompaniyasidan 20 million dollar miqdorida pora olganlikda ayblanmoqda. Bu ish bo‘yicha Peruning amaldagi prezidenti Pablo Kuchinski ham korrupsiyada gumonlanmoqda.

2012-yilning may oyida Syerra-Leone bo‘yicha maxsus sud Liberiyaning sobiq prezidenti 64 yoshli Charlz Teylorni 50 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Hukumat tepasida 1997—2003-yillarda bo‘lgan sobiq diktator harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlarda, shu jumladan, qiynoqqa solish, qotillik va zo‘rlashlarga aloqadorlikda ayblangan.

Insoniyatga qarshi jinoyatlarda Keniyaning amaldagi prezidenti Uxuru Keniata ayblangan. Jinoiy ishlar bo‘yicha xalqaro sud prokurori Keniatani Keniyada 2007—2008-yillarda yuz bergan siyosiy inqiroz vaqtida insoniyatga qarshi jinoyatlarni amalga oshirganlikda gumonlagan, biroq sud uni aybsiz deb tan olgan. 2017-yilning mart oyida Keniata ikkinchi muddatga Keniya prezidenti etib saylangan.

Ukrainada mamlakatning sobiq prezidenti Viktor Yanukovichga nisbatan davlatga xiyonat va Rossiya hukumatiga ishlash yuzasidan tergov olib borilmoqda.

Fransiyaga 1997—2007-yillarda rahbarlik qilgan Jak Shirak 2011-yilda shartli ravishda ikki yillik qamoq  jazosiga hukm qilingan. Bunda u Parij shahri meri bo‘lgan vaqtida soxta ishchi o‘rinlari yaratganlikda ayblangan. Shirak ishonch va mansabni suiiste’mol qilganlikda, jamoat mablag‘larini ishlatib yuborganlikda aybdor deb topilgan.

Tel-Aviv okrug sudi 2011-yilning mart oyida Isroilning sobiq prezidenti Moshe Katsavni nomunosib axloq, jinsiy tegajoqlik va qo‘l ostidagilarni zo‘rlashda, shuningdek, oliy sudlovga to‘sqinlik qilishda aybdor deb topgan. Sud unga yetti yillik qamoq jazosini tayinlagan.

2011-yilda hukumatdan chetlatilgan Misrning sobiq prezidenti Husni Muborak 2017-yilning mart oyida olti yillik qamoqdan so‘ng ozodlikka chiqdi. “Arab bahori”dan so‘ng u korrupsiya va 125 million Misr funtini (16 million dollar) ishlatib yuborganlikda ayblangan.

Husni Muborakdan so‘ng Misr rahbarligini Muhammad Mursi egallagan. Biroq u hokimiyatda uzoq qolmagan. Qohira prokuraturasi uni Muborakni hukumatdan ketishiga sabab bo‘lgan tartibsizliklarda va Qatar uchun josuslik qilganlikda ayblagan. Sud Mursini umrbod qamoq jazosiga hukm qilgan.

Fidel Kastro Kubaga rahbarlik qilgan diktator Fulgeniko Batistani ag‘darishga urinishda ayblanib, 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. 1955-yilda yangi muddatga qayta saylangan Batista mahkumga amnistiya e’lon qilgan. 1959-yilda inqilobdan so‘ng Kastro mamlakat rahbarligiga kelgan.

Saddam Husayn AQShning harbiy bosqinidan keyin hukumatdan ag‘darildi. Sud uni 1982-yilda Iroq qishloqlaridan biridagi aholiga nisbatan ommaviy qotillikda aybdor deb topdi. Husayn o‘lim jazosiga hukm qilindi. 2006-yilning dekabr oyida hukm ijro etilgan.

Gruziya prokuraturasi 2014-yilning dekabr oyida sobiq prezident Mixail Saakashviliga nisbatan budjet mablag‘larini shaxsiy ehtiyojlariga ishlatganlik va 2007-yil noyabr oyidagi namoyishlarni bostirishda o‘z vakolatlaridan chiqib ketganlik ayblovini e’lon qilgan. Gruziya hukumati bir necha marta Saakashvilini Interpol tarmog‘i orqali xalqaro qidiruvga berishga urinib ko‘rdi.

Janubiy Afrika Respublikasining sobiq prezidenti Nelson Mandela 25-yildan ortiq vaqtni qamoqda o‘tkazgan. U 1964-yilda davlat to‘ntarishi uyushtirishga urinishda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. 27 yillik qamoqning 17 yilini Mandela bir kishilik kamerada o‘tkazgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (21-03-2018, 15:28)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 73) ( 0) ( 72) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют