» » “O‘rtada nifoq bo‘lmagandek uchrashdik”: Bir-birlariga sayohat uyushtirgan o‘zbekistonlik va tojikistonliklarning taassurotlari

“O‘rtada nifoq bo‘lmagandek uchrashdik”: Bir-birlariga sayohat uyushtirgan o‘zbekistonlik va tojikistonliklarning taassurotlari


Navro‘z bayrami bilan bog‘liq dam olish kunlari bir-birlariga sayohat uyushtirgan o‘zbekistonlik va tojikistonlik foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqlarda taassurotlari bilan o‘rtoqlashmoqda. Bu haqda Asia-Plus ma’lum qildi, deya xabar beradi “Xalq so‘zi”.

“Qaror qabul qilindi: chegara ochiq! Qani, ketdik. Ertalab soat 8:00dan Tojikiston — O‘zbekiston chegarasiga yetib keldik. Hech qanday qarshilik yo‘q, faqat ma’lumot. Biz tomondagi chegarada ozgina tartibsizlikni hisobga olmaganda, hamma o‘tyapti. Qardosh O‘zbekiston tomonda 5-6 nafar chegara xizmati zobiti va 2 nafar bojxona xizmati xodimi avtoulovimni sinchkovlik bilan tekshirdi. Qat’iy, lekin muloyimlik bilan. Buning uchun ularga plyus”, — deb yozadi Farhod Sanginov.

Shuningdek, u O‘zbekistonda narx-navo arzonligini qayd etgan: “Bir porsiya kabobda — uchta six. Tuxum, un, mandarinlar, non — arzon”.

Dam olish kunlari O‘zbekistonga kelgan tojikistonliklarning mahsulotlar bu yerda mamlakatlariga nisbatan ancha arzonligi haqidagi fikrlari ijtimoiy tarmoqlarda asosiy o‘rinni egalladi, trendga aylandi.

Mehmonlar, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari tomonidan ko‘rsatilgan xushmuomalalikni alohida e’tirof etdi.

“Yigirma yildan ortiq vaqt ichida bir-birimizni ko‘rmagan edik, bir-birimiz haqida deyarli hech narsa bilmas edik. Endi xuddi o‘rtada nifoq bo‘lmagandek uchrashdik. Biz haqiqatan ham o‘zbeklar bilan birodarlarmiz, mintaqadagi eng yaqin xalqlarmiz”, — deb qayd etadi ParvizXZ nikli yana bir foydalanuvchi.

Ular qatorida Tojikistonga tashrif buyurgan o‘zbekistonliklar ham qo‘shnilar mehmondo‘stligidan xursand ekanligini yashirmagan.

“Tojikiston xalqiga mehmondorchilik uchun rahmat, — deb yozadi samarqandlik Nodir Ahmedov. — Kecha Samarqand tarafdan Dushanbega avtomobilimda bordim. DAN xodimlari yaxshi va xushmuomala. Qardosh Tojikiston xalqiga mehmonnavozlik uchun minnatdorlik bildiraman. Tojikistonda hech qachon bo‘lmaganman, mashinamda Dushanbe, Panjikent shaharlarini aylandim, hammasi a’lo — muammo yo‘q. O‘zbek va tojik xalqiga ehtiromim! Prezidentlarga rahmat!”

O‘z navbatida, Facebook’dagi Tojikistonning mashhur guruhlarida o‘zbekistonlik, O‘zbekistonning mashhur guruhlarida esa tojikistonlik ko‘plab yangi ishtirokchilar paydo bo‘ldi.

O‘zbekistonliklar qo‘shni yurtdan keladigan mehmonlarga qo‘lidan kelgancha on-layn ko‘mak berishga intilgan. “Bolalar, mana sizga Toshkent metrosi xaritasi”, — deb fotosuratlarni taqdim etgan o‘zbekistonlik Bobur Feniks.

Yana bir foydalanuvchi — Otabek Fatxullayev esa Toshkentning qaysi joyida ovqatlanish mumkinligi, O‘zbekistonning istalgan bankida valyuta ayirboshlash imkoniyati mavjudligi, xususan, dollarning davlat kursi haqida ma’lumot bergan.

Ayrim o‘zbekistonliklar yordam kerak bo‘lsa deb o‘z shaxsiy telefon raqamlarini, tojikistonliklar esa bunga javoban o‘z raqamlarini qoldirgan.

“Samarqandga mashinamda 79 yoshli buvimiz bilan bordik, — deb yozadi Nodir Ibrohiov Facebook’dagi sahifasida. — U kishi yo‘l bo‘yi jim ketdi. Samarqand buvimning Vatani, endi u yerga boshqa bora olmasligi haqida ko‘p gapirardilar. Lekin bordilar. Orzularini amalga oshirgan barchaga rahmat, birodar xalqlarimizga shon-sharaflar. Bundan buyon doim shunday bo‘laversin”.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (25-03-2018, 09:28)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 82) ( 0) ( 81) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют