» » Farg‘ona viloyati hokimi: qizi to‘yda kiyadigan bir necha soatlik oq ko‘ylak uchun million topib bera olmagan otaning iztirobidan ortiqroq dard yo‘q

Farg‘ona viloyati hokimi: qizi to‘yda kiyadigan bir necha soatlik oq ko‘ylak uchun million topib bera olmagan otaning iztirobidan ortiqroq dard yo‘q


Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevning to‘y marosimlari haqidagi fikrlarini “Daryo”ning Farg‘onadagi muxbiri “Farg‘ona haqiqati” gazetasiga tayanib keltirib o‘tdi.

“To‘y inson umrining mazmunini belgilaydigan, orzu-armonlari ushaladigan, hayotida ma’lum ma’noda yorug‘ izlar qoldiradigan ajoyib bayram. Aslida o‘zbekning o‘ziga to‘qligini to‘ylari ifodalaydi, to‘ylarni umrlarga berilgan ta’rif deydilar.

Ammo keyingi paytlarda to‘ylarimiz xarajati, yangi to‘qib chiqarilgan rasm-rusumlar hashamati me’yordan oshib ketdi. Bu haqda ko‘p aytilsa, matbuotda ko‘p yozilsa ham, ba’zi bir hamyurtlarimiz to‘y ko‘ngil ishi, qabilida ish tutib, pinak buzmasdan yoqimsiz odatlarga yo‘lboshchilik qilish holatlari hamon davom etmoqda”.

“To‘y va marosimlarni o‘tkazishda davlat organlari va muassasalarning rahbarlari shaxsan namuna bo‘lishlari shart. Kerak bo‘lsa, bu borada ularning shaxsiy mas’uliyati va javobgarligi oshiriladi”.

“Katta lavozimdagi rahbarning to‘y qilishi qiyin emas. Boz ustiga, uning to‘yi uchun hamma kamini qilishga tayyor laganbardorlari, shogirdlari, tanish-bilishlari bo‘ladi. U to‘yni to‘yona yig‘ish uchungina o‘tkazadi. Vakolatidan foydalanib, mansabini suiste’mol qilib, shaxsiy manfaati yo‘lida qo‘l ostidagilarga, quyi pog‘onalarga to‘yi yoki ma’rakasi uchun “soliq” ham soladi. Qizi yoki o‘g‘lining quyushqondan chiqqan talablari so‘zsiz bajariladi. Rafiqasining barchadan o‘tish kerak degan qoidasi amalda namoyon bo‘ladi. To‘yxona, to‘y, uy dang‘illama. Ammo o‘sha shuhratparast rahbarning mahallasi asfalt emas. Yoki qator o‘g‘illarini uylay olmayotgan qo‘shnisi ham bordir. Kimdir pulni ko‘kka sochyapti, sovuryapti, keraksiz dabdabalar uchun sarflab yuboryapti.

Boyning qizichalik bo‘lmasa ham eldan kam bo‘lmasin, deya yana kimdir umrini, vaqtini to‘yga sarflash uchun pul topgani bag‘ishlayapti. Umr bo‘yi Rossiya va boshqa davlatlarda halol mehnat qilib, hatto o‘sha joylarda ajal topganlar ham bor. Qizi to‘yda kiyadigan bir necha soatlik oq ko‘ylak uchun million topib bera olmagan otaning iztirobi, oilaning jarohatidan ortiqroq dard yo‘q.

To‘y-hashamlar va boshqa oilaviy marosimlarni kamxarj va tartibli o‘tkazish bo‘yicha xorijiy mamlakatlar, Sharq davlatlarining ibratli tajribalarini o‘rganish foydadan xoli emas.

Boshqa xalqlarda (eng milliarder bo‘lsa ham) nishonlanadigan to‘y marosimlarida  nari borsa 20—30 yoki undan sal ko‘proq odam qatnashadi. Mehmonlar tik turib, qarsak chalib, ikki yoshga baxt tilab, yengilgina tamaddi qilib qaytaverarkan.

Koreyada chog‘roqqina qahvaxonada to‘yboshilar milliy kiyimlarida eshik oldida turishar ekan. To‘yga kelganlar sovg‘alarini berib, bo‘sh stolga o‘tirarkan. Bu yerga ovqatlanish uchun emas, kelin-kuyovni tabriklab, dil izhor qilib, hadyasini berish uchungina kelishar va rahmat aytib chiqib ketishar ekan. To‘yga kelganlar xursand, yoshlar juda baxtiyor ularda. Bizda esa to‘y o‘tkazgan odamning yuki yengil bo‘lish o‘rniga battar og‘irlashadi. Olgan qarzlarini to‘lashni to‘yning ertasidan boshlab o‘ylab, yuragi siqiladi. Dabdabali to‘y o‘tkazgan hamyurtlarimizning ayrimlari Toshkent, Samarqand yoki Buxoroni ko‘rishmagan. Dunyoning qanaqaligini esa, hatto, bilishmaydi. Ammo kim o‘zarga bahslashishda bir-biridan qolmaydilar. To‘ylarimiz tufayli o‘z qobig‘imizga o‘ralib qolyapmiz. Endi hashamatlarni bas qilish fursati keldi! To‘yga to‘kib-sochish kerak degan ahmoqona bid’atdan tezda, keskin voz kechish zarur”.

“Viloyatimiz mahallalarida to‘ylarni kamchiqim o‘tkazish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarida, aholi o‘rtasida keng tushuntirish ishlarini olib borishda hammamiz faol ishtirok etishimiz kerak”, – deydi viloyat hokimi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (30-03-2018, 10:43)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 81) ( 0) ( 79) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют