» » “Daryo” surishtiruvi: Qo‘qon teatri aktyorlari Prezident topshirig‘i bilan qurilgan uyga ko‘chib kirishni nega istamayapti?

“Daryo” surishtiruvi: Qo‘qon teatri aktyorlari Prezident topshirig‘i bilan qurilgan uyga ko‘chib kirishni nega istamayapti?


Qo‘qon musiqali drama teatri aktyorlari Prezident topshirig‘i bilan shaharda teatr, san’at va madaniyat xodimlari uchun qurilgan uylarni bank tomonidan belgilangan narx, boshlang‘ich badal va oylik to‘lovlar qimmatligi sabab sotib ololmayotganlaridan nolib, “Daryo”ga murojaat qildi. Muxbirimiz Azizbek Ermatov mazkur muammoni o‘rganish va vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida teatr xodimlari bilan uchrashdi.

Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning 22–23-iyun kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida Qo‘qon shahar teatrini ham borib ko‘rdi. Ijodkorlar bilan muloqotda teatrning xalq orasidagi obro‘yi va nufuzini oshirish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi. Ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun alohida ko‘p qavatli uy qurish va uni uzoq muddatli imtiyozli ipoteka krediti asosida, birinchi navbatda, teatr xodimlariga ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Shundan so‘ng viloyat hokimligi ijodkorlarga qulaylik yaratish maqsadida teatrga yaqin hududdan yer ajratdi. Farg‘ona viloyati hokimining 2017-yil 14-avgustdagi 413-sonli qaroriga asosan Qo‘qon shahar, Yangi Chorsu ko‘chasida “Farz” firmasi tomonidan yangi besh qavatli uy qurib bitkazildi. 36 xonadondan iborat uy Qo‘qon shahar hokimining 2018-yil 3-fevraldagi 66-sonli qarori bilan foydalanishga topshirildi.

Teatr aktrisasi Mavluda Dehqonovaning aytishicha, shahar hokimining uy foydalanishga topshirilishi haqidagi qarori chiqishidan ancha oldin — o‘tgan yil dekabr oyining oxirlarida ularga zudlik bilan bankka omonat mablag‘i qo‘yib, uyga ko‘chib kirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Hali uy narxi, boshlang‘ich badal miqdori rasman aniq bo‘lmagani uchun u bankka 21-dekabr kuni 12 million so‘m, 22-dekabr kuni esa yana 10 million so‘m to‘lov qildi va o‘zi tanlagan 2 xonali xonadonni jihozlab, shu kunning o‘zida ko‘chib kirdi. Shu tariqa bitta qavatdagi 3 xonadon teatr xodimlari bilan “to‘ldirildi” va uy foydalanishga topshirilgani haqidagi lavha televideniye orqali namoyish etildi.

Uy qurilishini moliyalashtirgan “O‘zsanoatqurilishbank”ning Qo‘qon filiali boshqaruvchisi teatr rahbariga 2018-yil 29-yanvar kuni 192/16-sonli aloqa xati orqali mazkur uydagi xonadonlarni sotib olish uchun ipoteka krediti uy-joy qiymatining 25 foiz miqdorida boshlang‘ich badal shakllantirilgan taqdirda yillik 18 foiz, 6 oylik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga ajratilishini ma’lum qildi.

Hamma muammo mana shundan keyin boshlandi. Ipoteka krediti muddati hamda foiz stavkalari teatr xodimlariga ma’qul kelmadi va ular xonadonlarni olishdan bosh tortdi. Bankda omonat hisob-varag‘i ochib, ma’lum miqdorda pul qo‘yganlari esa boshlang‘ich badalning qolgan qismini to‘lab, shartnoma tuzishni istamadi.

“Prezident tashabbusi bilan qurilgan uy 17 yildan 20 yilgacha eng arzon kredit bilan berilsin, deyilgan. Lekin unday bo‘lmadi. Masalan, mening oyligim 700 ming so‘m. Ikki xonali uyning boshlang‘ich badali 33 million bo‘lyapti, buni ham to‘liq to‘lay olganim yo‘q. Oylik to‘lovi 6 oyga 1 million 400 mingdan, keyin 2 million 400 mingdan tushyapti. Buni uddalay olmayman”, — deydi Mavluda Dehqonova.

Teatr xodimlarining aksariyati Beshariq, Bog‘dod, O‘zbekiston kabi tumanlardan Qo‘qon shahriga qatnab ishlaydi. Bunga qancha ortiqcha vaqt, qancha ortiqcha mablag‘ sarflaydi. Kunlik yo‘l haqi va tushlikka ketadigan pul ham 700 — 800 ming so‘m atrofidagi oylik maoshga kun ko‘radigan ishchi, ayniqsa, ijodkor uchun hisob-kitobli. Teatr yonida qad rostlagan zamonaviy uy esa ularning bu muammolariga eng yaxshi yechim edi.

“Qo‘qon teatrida aktrisa bo‘lib ishlayman, besh yildan beri. Bog‘dod tumanidan qatnab ishlayman. Bu uydan 2 xonalisini olmoqchiman. Lekin shu kungacha to‘lov qilolganim yo‘q. Sababi, juda qimmat. Iltimosim, 17 yildan 20 yilgacha qilib berishsa, shunda hamma yoshlarimiz olardi bu uyni”, — deydi Gulmira Xoldorova.

Ushbu vaziyatga munosabatini bilish maqsadida Qo‘qon shahar hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Bekzod Karimov bilan uchrashdik. Hokim o‘rinbosari muammodan xabardor ekani, bu masalani hal etish shahar hokimligining vakolatiga kirmasligi, kredit shartlari respublikadan tasdiqlanib kelganini ta’kidladi. Yanada to‘liq ma’lumot olish uchun teatr rahbari bilan bog‘lanishimizni maslahat berdi.

Teatr rahbari Husan Eshmatov bergan ma’lumotga ko‘ra, teatrda ishlayotgan 89 nafar ishchi-xodimdan 30 nafari mazkur uydan uzoq muddatli imtiyozli ipoteka krediti asosida xonadon sotib olish istagini bildirgan. Biroq hozircha ularning hech biri oldi-sotdi hujjatlarini rasmiylashtirmadi. Hatto boshlang‘ich to‘lovni to‘liq to‘lagan ayrim xodimlarga ham hanuzgacha hech qanday hujjat berilmagan.

“Birinchi bu uyga to‘lovni o‘zim boshlab berganman. Qurilgan uydan xursand bo‘lib, eski uyimizni sotib, shunga to‘lov qildik. Bir haftadan keyin bankdan telefon qilib, pulingizni quruvchiga o‘tkazib beramiz, deyishdi. Qo‘l qo‘yib berdim. Sizga hujjat qilib beramiz, deyishdi. Lekin hozir qo‘limda hech qanday hujjat yo‘q shu pulni topshirganim haqida. Bo‘ldi, shu bilan yashab kelyapman”, — deydi oliy toifali vokal artisti Zokir Mamajonov.

Bu muammodan jabr ko‘rayotgan bitta teatr xodimlari emas ekan. Uyni qurgan “Fayz” firmasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, xonadonlar o‘z vaqtida sotilmayotgani uchun “O‘zsanoatqurilishbank”dan olingan 4 milliard so‘m kredit uchun ortiqcha foiz to‘lab, moddiy zarar ko‘rilmoqda.

“Masalani hal qilishda yordam so‘rab shahar hokimiga, teatrga xat chiqardik. Foydasi bo‘lmadi. Teatrdagilar uyni olishni istamayapti, boshqa odamlarga sotishga bizda ruxsat yo‘q. Telekanalga ham faqat madaniyat xodimlari uchun, deb e’lon berganmiz. Uylarning narxi bozor bahosidan ancha arzon-ku? Har bir xonadon alohida isitish tizimi bilan jihozlangan. Zamonaviy gaz plitalari o‘rnatilgan. Pulini 10 yil bo‘lib to‘lashadi. Shahar hokimi, bank rahbari bilan birga harakat qilib, yillik foiz stavkasini 18 dan 14 foizga tushirdik. Buyam xodimlar uchun katta yordam. Bundan ortiq yana qanday imtiyoz bo‘lishi mumkin?”, — deydi qurilish firmasi vakili.

Bu uy davlat rahbarining ma’naviyat-ma’rifat, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan alohida e’tibori natijasida qad rostladi. Nahotki boshlab berilgan xayrli ishni ko‘ngildagidek yakunlashning imkoni bo‘lmasa? Ijodkorlarning dardiga quloq solish, belgilangan 10 yillik muddatni 15 yoki 20 yilga uzaytirish, shu orqali oylik to‘lov miqdorini kamaytirish shunchalik qiyin ishmi? Eng achinarlisi, bunday muammolar teatr xodimlarining ijodiy faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi?

Umid qilamizki, viloyat rahbarlari bu masalaga e’tibor qaratib, teatr ijodkorlari va qurilish firmasini qiynab kelayotgan muammoga tez orada ijobiy yechim topadi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (2-04-2018, 18:28)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 97) ( 0) ( 96) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют