» » Bobomurod Abdulla ishi: Hayotxon Nasriddinov aybini tan olmadi

Bobomurod Abdulla ishi: Hayotxon Nasriddinov aybini tan olmadi


2-aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida jurnalist Bobomurod Abdullayev, bloger Hayotxon Nasriddinov hamda tadbirkorlar Shavkat Olloyorov va Ravshan Salayevga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ikkinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Ular Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi (O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish va qonuniy saylangan hukumatni qurolli yo‘l bilan ag‘darishga urinish) bo‘yicha ayblanmoqda. Dushanba kuni Bobomurod Abdullayev o‘z ko‘rsatmasiga qo‘shimcha kiritdi, Hayotxon Nasriddinov esa avvalroq unga nisbatan ayblovni tan olgan bo‘lsa, bu safar ayblovlarni rad etdi, deb xabar berdi “Gazeta.uz”.

Bobomurod Abdullayev o‘z ko‘rsatmasiga qo‘shimcha kiritib, tergov uning “Usmon Haqnazarov” taxallusi ostidagi materiallarini har tomonlama tahlildan o‘tkazmaganini ma’lum qildi.

“Hatto men yozmagan bo‘lsam ham, birorta maqola bo‘yicha hokimiyatni qurolli yo‘l bilan ag‘darishga chaqiriq borligi yuzasidan tekshiruv o‘tkazilmadi. Bitta maqoladan — “MXX raisi lavozimiga nomzodlar to‘g‘risida”gidan tashqari”, — dedi u. Qolgan maqolalar bo‘yicha savollar bir xil bo‘ldi: “Ma’lumotlarni kim berdi? Ma’lumotlarni kimdan olding? Ularning mazmuni bo‘yicha hech narsa so‘rashmadi”.

Shundan so‘ng jurnalist boshqa sudlanuvchilarga yuzlanib, bir-birlariga emas, 159-modda 4-qismiga qarshi turishga chaqirdi. Sudya sudlanuvchidan baho bermaslik hamda sudya va advokatlar majburiyatlarini zimmasiga olmasligini so‘radi.

Sobiq maktab o‘qituvchisi Hayotxon Nasriddinov birinchi sud majlisida unga nisbatan ayblovlarni tan olgan bo‘lsa, bu safar aybni to‘liq rad etdi.

“Men, Hayotxon Nasriddinov — qonunga itoatkor fuqaroman va hozirda sizlarga ma’lum qilaman — men fitna ishtirokchisi emasman. Menga yuklanayotgan ayblarni to‘liq rad etaman. Men erkakcha so‘z beraman, men haqiqatni gapiraman va hech kim yolg‘onchiga chiqarmaydi va hech kim meni qizartira olmaydi. Men ozodlikka chiqishni juda xohlayman, biroq buni munosib tarzda qilaman va o‘zimni yerga urmayman va prinsiplarimga xiyonat qilmayman. Men uchun to‘rt kishining hurmatini saqlash muhim, men ular uchun bu dunyoda hayotman”, — dedi u.

“Bu to‘rt kishi — uning turmush o‘rtog‘i, uni eng yaxshi an’analar asosida yaxshi fazilatlarga ega inson qilib tarbiyalagan onasi, otasi jinoyatchi bo‘lgani uchun familiyasini o‘zgartirmasligi kerak bo‘lgan o‘g‘li va 2004-yilgi namunadagi “Quyoshli O‘zbekiston” guruhini sevuvchi, hozirda boshqa joyda bo‘lgan xolasidir. “Men ularni juda qattiq sevishimni bilsinlar va mendan ko‘ngillari qolmasligi kerak”, — dedi u.

Nasriddinov muxolifatchi Muhammad Solih bilan tanishuviga olib kelgan omillar haqida ham to‘xtalib o‘tdi. 2003-yilda u Toshkentdagi xorijiy bank rahbari o‘rinbosari bo‘lib ishlagan va jiddiy valyuta jinoyatlari hamda qallobliklarini aniqlagan. U bunga jim qarab turishni xohlamagan. Uni sotib olishga harakat qilishgan, biroq baribir huquqni muhofaza qilish organlariga ariza bilan murojaat qilgan, shundan so‘ng uni ishdan bo‘shatishgan.

“10 yil adolatsizlikka qarshi kurashdim, o‘z pok sha’nimni tiklashga urindim. Mana shu xiyla-nayranglar bir yuqori lavozimli shaxs tomonidan yopib yurildi va men bu urushda g‘alaba qozona olmadim. Gap shundaki, bu odam nafaqat jismoniy — mening karatem meni qutqaradi — balki ma’naviy tomondan ham zarba beradi. Ya’ni men ishsiz qoldim, mehnat daftarchamga tupurishdi, uni hech kim ochib ko‘rmadi va ishlashga berishmadi”, — dedi Nasriddinov.

2003-yilning o‘zida u avtomobilini urib oladi. U bilan onasi ham bo‘lgan. Kuchli asabiylik natijasida nevrastenik sindromni orttirib oladi.

“U hamma zarbani o‘ziga oldi. Menga qarang, menda biror tirnalgan joy yo‘q, men yaqinda 50 yoshga kiraman, men karate bilan shug‘ullanaman va hech narsadan qo‘rqmayman. Mening onamga qarang, men uning sog‘lig‘ini barbod qildim, uni bemajol qildim. Bunday gunoh bilan inson qanday yashashi mumkin? Men bor kuchim bilan bu gunohni yuvishga harakat qildim, imkon qidirdim va shuning uchun 2013- yilda Muhammad Solih bilan birlashdim”, — dedi ayblanuvchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Muhammad Solih ijtimoiy tarmoqlarda Hayotxon kabi insonlar taqdirini kuzatib borib, bunday odamlarni hukumatdan alamzada deb hisoblab, o‘z tomoniga og‘dirishga harakat qilgan.

2009—2010-yillarda Nasriddinov migrantlar, Rossiyadagi neofashizm va boshqa mavzularda internetda maqolalar yozishni boshlaydi.

“U (Solih — tahr.) mening maqolalarim, fikrni ifodalash usullari unga yoqqanini aytdi. 2013-yilda oktabr boshida Nigora Hidoyatovadan (jurnalist va tadbirkor — tahr.) taklif tushdi, u mening muammolarimdan xabardorligi, yordam berishi mumkin bo‘lgan odam borligini aytdi. Ijtimoiy tarmoq orqali bog‘landik, qisqa yozishma o‘tkazdik”.

Nasriddinov taklifni qabul qiladi va 27-oktabr kuni Istanbulga uchadi. Unga investitsion broker sifatida ishga joylashish va onasining davolanishi uchun yordam beradigan odam kerak edi. Solih rozi bo‘ladi va evaziga maqolalar yozishni talab qiladi. Kelishuv shunday tuziladi: “Men maqolalar yozaman, u onamning davolanishiga pul to‘laydi”.

Solih Nasriddinovning maqolalaridan ko‘ngli to‘lmaydi va Toshkentda jurnalistika instrumentlarini ko‘rsatib bera oladigan tanish jurnalist bilan uchrashishni taklif qiladi. “Men ikki sababga ko‘ra rozi bo‘ldim: o‘qishning kechi bo‘lmaydi va men rad etsam, u yordam berishga bosh tortishidan qo‘rqdim”.

Nasriddinovning so‘zlariga ko‘ra, u Solihdan qizining tug‘ilgan kuniga deb emas, balki jurnalist bilan uchrashuv uchun kechki ovqatga deb 100 dollar olgan, deydi Abdullayev. Dastlab uchrashuvga harbiy xizmat xodimi Kenja Musayev kelgan, Abdullayev esa kech qolgan. Abdullayev telefonlarni o‘chirishni va batareykalarini chiqarib qo‘yishni so‘ragan. Shundan so‘ng u Nasriddinovni taqiqlangan saytlarga kira olishga o‘rgatgan, keyin esa bo‘lib o‘tgan uchrashuv to‘g‘risida xabardor qilib qo‘yish uchun Solih bilan bog‘lanishni taklif etgan.

“Va shu joyda haqiqiy safsatabozlik boshlandi. Ular hokimiyatni egallash haqida muhokamani boshlab yubordilar, xalq ko‘chaga chiqishga tayyor turganini aytdilar. Solih chegara yaqinida belgi berilishini kutib turgan va O‘zbekiston hududiga kirib kelishga tayyor qo‘shinlar haqida so‘z ochdi. Har kimning o‘z vazifasi bor edi. Mening vazifam Solihning g‘oyalarini yoshlar orasida yoyishdan iborat edi. Boshqa birovniki — kim qayerga biriktirilishi to‘g‘risidagi sirlarni aniqlashtirish bo‘lgan. So‘ng safsatabozlik tugadi, ular ketdi”, — deydi u.

Nasriddinov bu uchrashuv uning Solihga sadoqatini tekshirish deya hisoblaydi. Sudlanuvchi Solih uni faqatgina jurnalist sifatida emas, balki bankir sifatida ham ko‘rgani, katta rejalari bo‘lganiga amin. “U mening bankdagi faoliyatim haqida, men katta-katta summalarni kichiklariga bo‘la olishim, jo‘natishim, keyin esa bitta hisobda jamlay olishim mumkin yoki yo‘qligini so‘radi. Men buning barchasini eplay olaman”, — aniqlik kiritadi ayblanuvchi.

Hokimiyatni egallashda ayblanayotgani haqida so‘zlarkan, Nasriddinov sudlanuvchilarning mutlaqo hukumatga qarshi til biriktirganlar bo‘lishi mumkin emasligini bildirib o‘tadi. “Maktab o‘qituvchisi, zo‘rg‘a yurgan qari otaxon, faqat o‘zining oshxonasi bilan xayoli band restoran oshpazi, ishsiz taksichi — nima bular fitnachimi? Agar biz to‘rtovlon hokimiyatni egallay olishimiz mumkin ekan, bunday hokimiyatning qadr-qimmati ham bir tiyin”, — deydi u.

Nasriddinov aminki, yuqorida yozilganlarning bari tashviqot bo‘lgan xolos va hech kim buni amalga oshirmoqchi bo‘lmagan.

2014-yilda Nasriddinov O‘zbekistondagi parlament saylovi to‘g‘risida tahliliy maqola yozadi. Unda partiyalar siyosiy shiorlar, va’dalar va saylovoldi kampaniyadan kelib chiqqan holda nechanchi o‘rinni qanday egallashi mumkinligini taxmin qiladi. Amaldagi partiyalardan tashqari, u muxolif bo‘lgan “Erk” va “Birdamlik” partiyalarini ham kiritadi. 2015-yilda u prezident saylovi haqida yozib, nomzodlar ro‘yxatiga Muhammad Solihni ham kiritadi.

Solih Nasriddinovning maqolasini qaytarib, ularning tahliliy va tishsiz ekani, “Usmon Haqnazarov” kabi “o‘tkir” yozish kerakligini aytadi. Sudlanuvchi maqolalar yozishni to‘xtatadi va O‘zbekistonda Muhammad Solihni targ‘ib qiluvchi kanal ochishni, unda mobil ilova orqali Solihning filmlarini e’lon qilish, shuningdek, u haqdagi yangiliklar berib boriladigan mobil radio ochishni taklif qiladi. “U rad edi va hozircha bu kerak emas, dedi”, — qo‘shimcha qildi u.

“Usmon Haqnazarov” kabi yozishdan bosh tortgani uchun Nasriddinov onasi bilan Istanbulga davolanishga bora olmaydi. Shundan beri Solih uchun hech narsa qilganim yo‘q,—dedi sudlanuvchi.

Savollarga javob berar ekan, 2017-yil oktabrida hibsga olingan Nasriddinov Muhammad Solihning muxolifatchi siyosatchi, Islom Karimovning muxolifi deb bilishi, uning qidiruvda ekanidan bexabarligini ma’lum qildi. U Bobomurod Abdullayevga hech qanday ma’lumot bermagan va “O‘rim” loyihasi haqida bilmagan, hukumatni ag‘darishni maqsad qilmagan, tadbirkorlar Shavkat Ollayorov va Ravshan Salayev bilan tanish bo‘lmagan.

Hayotxon Nasriddinov o‘zining maktabda, o‘quv markazlarida va repetitorlik mashg‘ulotlarida “yoshlarni siyosiy yo‘ldan ozdirib, yetakchilarining fikrlarini targ‘ib qilgan hamda ularga psevdodemokratizmni, plyuralizmni va hokimiyatni tutib turish, uni nazorat qilish uchun amaldagi hukumatga muxolif kuchlar bo‘lishi zarurligini singdirgan” degan ayblovni “bema’nilik” deb hisoblaydi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u 2008-yildan beri — Muhammad Solih bilan uchrashgunga qadar — repetitorlik bilan shug‘ullanmaydi. Bundan tashqari, u 2012-yilda — bunda ham Solih bilan uchrashgunga qadar — o‘quv markazida ishlagan. 2014-yilda poytaxtdagi 94-maktabga ishga kirishi masalasiga kelganda, uning so‘zlariga ko‘ra, ayblov “unchalik aqlga to‘g‘ri kelmaydi”.

“Men 14?15 yoshli bolalarga dars o‘tganman, ularning barchasi baribir hech narsani tushunmasdi. Har yili men oltita to‘qqizinchi va oltita sakkizinchi sinflarga dars berganman, bolalar soni 300 nafar atrofida. Ularning birortasi ham maktabdan uyga qaytganida ota-onasiga nimalar bo‘lganini aytadi-ku. Bundan tashqari, har bir darsda yo direktor, yo direktor o‘rinbosari, yoki sinf rahbari qatnashgan. Shuningdek, mahalla, militsiya va hokimiyat vakillari ham bo‘lar edi”, — dedi u.

Nasriddinov 159-modda 4-qism bo‘yicha ayblovni ko‘rib chiqishni taklif qildi. U ushbu mavzuda suhbatlashishganini inkor etmadi va suhbatlari stenogrammasining bir qismini ko‘rganini aytdi. Sudlanuvchi kvartirada bo‘lib o‘tgan o‘sha uchrashuv audio yoki videoyozuvini eshitishni taklif qildi.

Ayblov xulosasida keltirilishicha, Nasriddinov telegraf va pochtani qo‘lga olishni taklif qilgan. U bu jumlani jiddiy qabul qilmaslikni aytdi. “Bu jumla Vladimir Ilich Lenindan olingan. Telegraflar yuz yildan beri mavjud emas. Messenjerlar va telefonlar bor. Pochta masalasida ham xuddi shunday. Pochtani qo‘lga olish ahmoqlikdan boshqa narsa emas, u bugun faqat posilkalarni yetkazib berish bilan shug‘ullanayapti”, — dedi u.

Nasriddinov o‘zining uzoq muddat ikkinchi “Usmon Haqnazarov” ekaniga shubha qilishganini ma’lum qildi. Uning 42 ta maqolasi va Bobomurod Abdullayevning 100 ga yaqin maqolasi tekshirilgan. Sud-politolog-lingvistik ekspertiza xulosasi Nasriddinovning ikkinchi “Usmon Haqnazarov” emasligini ko‘rsatdi.

Nasriddinov MXX tergov hibsxonasida unga nisbatan qiynoq yoki ruhiy bosimlar o‘tkazilmaganini va u ko‘rsatmalarni ko‘ngilli ravishda berganini ma’lum qildi. Biroq uchinchi sud majlisida Nasriddinovni himoya qilayotgan advokat Umidbek Davlatov bosh prokurorga himoyasi ostidagi shaxsga nisbatan qiynoqlar va har qanday bosimlarni to‘xtatish to‘g‘risida da’vo kiritilganini ma’lum qilgan edi.

Sudlanuvchi onasining oldida qiynoqlar haqida gapirishni istamasligini aytdi. Sudya uning bir muddat chiqib turishini so‘radi, biroq Nasriddinov baribir qiynoqlar bo‘lmaganini ma’lum qildi. “Hibsxonada bo‘lgan vaqtimda ovqatdan zaharlandim, ahvolim yomonlashdi, o‘zimni timdaladim. Ehtimol mening so‘zlarim noto‘g‘ri talqin qilingandir va biz (advokat bilan — tahr.) bir-birimizni noto‘g‘ri tushundik”, — dedi u.

Jinoiy ish bo‘yicha navbatdagi sud majlisi 4-aprel kuni bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga doir: Bobomurod Abdullayev: Men tuya emasligimni isbotlashga majbur bo‘lyapman



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (4-04-2018, 11:58)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 96) ( 0) ( 94) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют