» » “Daryo” surishtiruvi: Rishtonlik Dima Qayumning kutubxonasi buzilishidan kim manfaatdor?

“Daryo” surishtiruvi: Rishtonlik Dima Qayumning kutubxonasi buzilishidan kim manfaatdor?


Ijtimoiy tarmoqlarda Dima Qayum nomi bilan mashhur bo‘lgan rishtonlik tadbirkor Dilshod Boltaboyev Rishton dehqon bozori hududida xayriya mablag‘lari hisobiga qurilgan xalq kutubxonasini 10 kun ichida boshqa joyga ko‘chirish to‘g‘risida ogohlantirish xati olganini aytib, Facebook’dagi sahifasi orqali Prezidentdan yordam so‘ragach, bu mavzu ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilindi. Tanigan-tanimagan yuzlab odamlar Dilshod Boltaboyevning tarafini olib, izoh qoldirdi.

Xo‘sh, aslida muammo nimada? Kutubxonaning buzib tashlanishidan kim manfaatdor? “Daryo” muxbiri bunga aniqlik kiritish maqsadida rishtonlik tadbirkor bilan uchrashdi.

Sobiq hokimimiz shu joyni ko‘rsatib, kutubxonangni quraver, o‘zim senga yordam beraman, deganidan keyin qurilishni boshladim. Arxitektorimiz ham, bozor rahbarlari ham bu gaplarni eshitdi, hech qanday e’tiroz bildirmadi. Odamlarning xayriya pullari bilan qurildi bu kutubxona. 30 million so‘mdan ko‘p pul ishlatdik, yetmaganiga o‘zim ham qo‘shdim.

Kitoblarni ham nashriyotlar, tanish-bilishlar, yozuvchi-shoirlarning o‘zlari yig‘ib berdi. Hozirgacha odamlar kitob berib yuboryapti. Hozir kutubxonada mingdan ortiq kitob bor. Har kuni 50–60 ta kitob o‘qish uchun olinyapti.

Yaqinda bozor rahbarlari kelib, kutubxona yoniga zamonaviy qilib ayvon qur, dedi. Kecha qurib, bitirdik shu ayvonni. Endi bugun 10 kun ichida kutubxona va ayvonni buz, deb xat chiqarishibdi.

“Kutubxona bilan ayvon noqonuniy qurilgan, deyishdi. Axir joy o‘zimniki bo‘lsa, yerto‘la va ombor uchun kadastr hujjatlari bor. Eski hokim va bozor rahbarining o‘zi ruxsat bergan-ku qurilishga. Yig‘imlarni vaqtida to‘layman. Nima qilishni, kimga dardimni aytishni bilmay qoldim. Prezidentga videomurojaat qilishga majbur bo‘ldim”, — deydi Dilshod Boltaboyev.

Bir narsa aniq, bu kutubxona bir kunda osmondan tushmagan. Bu tashabbusni ovoza qilmagan sayt, yozmagan gazeta, ko‘rsatmagan telekanal, muhokama qilmagan odam qolmadi-ku! Uning qurilishini qancha inson qo‘llab-quvvatladi, qanchasi moddiy ko‘mak berdi? Uch-to‘rtta kitob ko‘tarib borib, nechta odam Dima Qayum bilan selfiga tushib kelmadi, deysiz? Kutubxona qurilganidan beri qancha muddat o‘tdi? Uning noqonuniy qurilganini bozor mutasaddilari endi bildimi?

Bugun izlagan kitobingizni kitob do‘konlaridan, savdo rastalaridan topishingiz mumkin. Lekin ularni sotib olishga hammaning ham qurbi yetmaydi-ku? Dilshod Boltaboyev hech qanday moddiy manfaatni ko‘zlamay, xalqqa bepul kitob tarqatayotgan bo‘lsa, uni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga oyog‘idan chalish kerakmi?

Ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan bu savollarga javob topish maqsadida Rishton dehqon bozorining boshqaruv raisi o‘rinbosari Isomiddin O‘rinboyev bilan uchrashdik.

“Kutubxonani buzish niyatimiz yo‘q. Uning qurilishini o‘zimiz qo‘llab-quvvatlaganmiz. Yaqinda yoniga ayvon qurishga ham ruxsat berdik. Faqat bularning hammasi og‘zaki buyruq bilan bo‘lgan. Hech qanday rasmiy hujjat yo‘q. Kutubxona qurilishi uchun tuman hokimligining ruxsatini olib, qaror chiqartirish kerak. Shunda unga hech qanday e’tiroz bo‘lmaydi, kutubxona ham buzilmaydi. Ogohlantirish xatini ham shu maqsadda berdik”, — deydi I. O‘rinboyev.

Bu orada Rishton tumani hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sodiqjon Haydarov ham xalq kutubxonasiga yetib keldi. Hokim o‘rinbosari kutubxonani saqlab qolishda tadbirkorga yordam berishga tayyor ekanligini aytib, Dilshod Boltaboyevga hujjatlarni qanday rasmiylashtirish kerakligini tushuntirdi. Yong‘in xavfsizligi bo‘limi hamda davlat sanitariya va epidemiologiya nazorati markazi rahbarlari bilan telefon orqali bog‘lanib, hujjatlarni rasmiylashtirish uchun ularning roziligini oldi. Tuman bosh arxitektori Farhod Rahmonov ham shu yerga chaqirtirildi. U binoni ko‘zdan kechirib, kutubxona joylashgan yerdan vaqtincha foydalanish uchun tuman hokimining qarori chiqarilishiga e’tirozi yo‘qligini aytdi. Dilshod Boltaboyev shu yerning o‘zida tuman hokimi nomiga ariza yozib berdi.

Barcha hujjatlar tez orada rasmiylashtirilishi va kutubxona o‘z o‘rnida qolishini aytgan hokim o‘rinbosari, tuman arxitektori va bozor rahbarining gaplari samimiy ekaniga, va albatta, ular bergan va’dalarida turishiga ishondik. Rishtonga yetib borganimizda ko‘zlarida yosh miltillab turgan Dilshod Boltaboyev ham biz bilan a’lo kayfiyatda xayrlashdi.

“Daryo” voqealar rivojini kuzatib boradi va bu mavzuga yana qaytadi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (6-04-2018, 08:13)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 100) ( 0) ( 100) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют