» » Ra’no Shodiyeva: Bizning xalqimiz nogironlikni to‘g‘ri qabul qilmaydi, bunga tayyor emas

Ra’no Shodiyeva: Bizning xalqimiz nogironlikni to‘g‘ri qabul qilmaydi, bunga tayyor emas


O‘zDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi Xonzodabegim A’zamova O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Shodiyeva bilan intervyu uyushtirdi.

Suhbatdoshim Ra’no Shodiyeva ekanligini bilganimda biroz xayajonlandim. Ko‘rinishlaridan jiddiy, qattiqqo‘l tuyulgani uchun suhbatimiz qanday kecharkan, “til topishib” keta olarmikanman deb o‘ylagandim. Lekin ular bilan suhbatlashgandan so‘ng, jiddiylik ortida hokisorlikni, qattiqqo‘llikka berkingan mehrni his qildim. Bugun Ra’no Shodiyevni o‘zim uchun boshqatdan kashf qildim...

— Ra’no opa hozirda respublika “Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi”ga rahbar qilishni boshladingiz. Bu hammani hayratga soldi. Sizni ijodkor, ajoyib aktrisa va ona sifatida bilardik...

— 20 yildan buyon xayriya ishlari bilan shug‘ullanaman. Eshitish imkoniyati cheklangan bolalar bilan ishlashga mo‘ljallangan “So‘zlovchi qo‘llar” nodavlat notijorat markaziga rahbarlik qilganman. Markazda surdologlarni (eshitish qobiliyatini tiklaydigan shifokor) bir joyga yig‘ib, “Jayka” tashkiloti bilan aloqani yo‘lga qo‘yganmiz. Bir qancha xayrli ishlarni ham amalga oshirganmiz. Yoshlar ittifoqi qoshidagi markaz rahbarligiga nomzodlar ko‘p edi, lekin bu sohadagi faoliyatimni hisobga olib menga shunday mas’uliyatli vazifa topshirildi. Men esa bu ishni bajonidil qabul qildim. Lekin bunga men ish deb qaramayman. Kimgadir yordam berish, unga tayanch bo‘lishni hayotiy vazifam deb hisoblayman.

— Tashkilotining asosiy vazifasi nima?

— Imkoniyati cheklangan yoshlar qatlamini, xususan, ko‘zi ojiz, eshitish qobiliyati cheklangan yoshlar manfaatlarini himoya qilish. Qanchadan-qancha biron marta ko‘chaga chiqmagan, birov xabar olmaydigan yoshlarimiz bor. Asosiy vazifamiz ularni hayotga qaytarish, o‘qishiga va ishlashiga, hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lishlariga ko‘maklashish.

— Necha yoshdan boshlab bolalar sizlarga murojaat qilishi mumkin?

— Yoshlar ittifoqi 14 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni qamrab oladi. Ulardan farqli va yutuqli tomonimiz shundaki, biz bolalarni tug‘ilganidan boshlab, 35 yoshgacha g‘amxo‘rlik qilamiz. Nafaqat bolalar va yoshlar, balki ularning ota onalari bilan ham ishlaymiz. Chunki, aksariyat imkoniyati cheklangan yoshlar uyda o‘tiradi. Faqatgina ota-onalari bilan gaplashadi. Biz ular orqali bolalar bilan aloqani yo‘lga qo‘yamiz. Lekin shunday ota-onalar borki, “soqovcha”ni bilmaydi. Bolasini tilini bilmasa qanday tarbiya beradi, qanday gaplashadi, dardlashadi? Bolaku internatda o‘rganib ketadi, lekin ona o‘rganmaydi. Shunday oilalar borki, bolasi nevarali bo‘lsa ham bilmay yuraveradi. Fikrini tushuntirib berolmaydi. Qanaqadir ishoralar bilangina muloqot qila oladi. Lekin bu yerda ota-onalarni ham ayblamoqchi emasman. Chunki o‘rganishlari uchun sharoit yo‘q. Markazimizda shunday o‘quv kurslarini ochishni rejalashtirganmiz. Bundan tashqari ham ruhiy, ham huquqiy tarafdan yordam berish maqsadida atrofimizga malakali psixolog, huquqshunoslarni ham to‘plaganmiz.

— Markaz hozirgacha qanaqa loyihalarni amalga oshirdi?

— Hozir asosan, viloyatlarga borib, imkoniyati cheklangan yoshlar bilan tanishyapmiz. Ularning yashash sharoitlari qanday, nimaga ehtiyoji bor o‘rganyapmiz. Keraklicha amaliy yordam beryapmiz. Shuni afsus bilan aytamanki, yurtimizda nogiron yoshlar soni kamaytirib ko‘rsatiladi. Lekin chekka-chekka qishloqlarga borib, uyma-uy yurib aslida bunday bolalar safi tobora ortib borayotganiga guvoh bo‘lyapman. Bunga esa qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh, qizlarning erta turmush qurishi asosiy sabab bo‘lyapti. Viloyatlarda ko‘p kuzatdim. Begonaga qiz bermayman, jigarim, yaqinim deb, farzandini kelajagini barbod qilayotganini bilmaydi. Homilador kelinlarga bu naslimni davomchisi, uni hozir asrab avlaylashimiz kerak demasdan sog‘lig‘iga bee’tibor bo‘ladi. Qancha targ‘ibotlar qilinyapti, oqibatlari ko‘rsatilyapti lekin ba’zi ota-otalar, qaynotalar bunga hali hamon befarq qarayapti. Buning natijasida butun umr kamchiliklaridan uyalib, tengdoshlariga qo‘shilolmay yashaydigan yoshlar tug‘ilayapti. Sog‘lom tug‘ilgan chaqaloqlar ham onaning loqaydligi, ma’suliyatsizligi natijasida kar, soqovlikni orttirib olayapti.

— Hozir kasallikning bir qancha sabablarni keltirib o‘tdingiz. Aytingchi, qanday qilib bularning oldini olish mumkin?

— Televideniye orqali ko‘proq ko‘rsatuvlar tayyorlash kerak. Unga sohaga doir mutaxassislar, kuchli psixologlar hamda imkoniyati cheklangan yoshlarning o‘zini va oila a’zolari ham taklif etish kerak. Chunki nogironlik bitta farzandni yoki uni onasining emas, balki butun oilaning, millatning musibati. Agar ularni gapirtira olsak, odamlarga ko‘rsata olsak, ishonaman ishimiz yanada samarali bo‘ladi. Shundagina “kemamiz oldinga siljiydi”.

— Faoliyatingiz davomida sohada qanday qiyinchiliklarga duch keldingiz?

— Ba’zida soatlab ularning eshigini tagida qolib ketgan vaqtlarim bo‘lgan. Chunki ota-onalari bolasini oldiga kirgizmaydi. Gaplashishimni xohlamaydi. Ko‘pchilik imkoniyati cheklangan yoshlar ota-onalariga dardini aytolmaydi. Ularga yuk bo‘layotganidan uyaladi. Lekin o‘zini qiynayotgan gaplarini, dardlarini birovga aytishi mumkin. Ba’zi onalar “Oiladagi gap ko‘chaga chiqmasin”, deydida gaplashishimni xohlamaydi. Bizda eskitdan shunaqa qarash bor. “Odamlar gapiradi, keyin bizga qiz bermay qo‘yadi”, deydida bolani uydan ko‘chaga chiqarmaydi. Odamlardan ajratib qo‘yadi. Lekin nogironlik nasldan-naslga o‘tmaydigan, balki orttirilgan kasallik ekanini juda kam hollardagina nasl surishi mumkinligini bilishmaydi.

Boshqa davlatlarda imkoniyati cheklangan yoshlar tengdoshlari bilan birga o‘ynaydi, gaplashadi. Nimaga bizning yoshlar ulardek bo‘lolmaydi, bemalol o‘ynab kulolmaydi. Nima uchun odamlarning gapi deb ular hech kimga qo‘shilolmay, butun umrini to‘rt devor ichida o‘tkazishi kerak?! Ularni erkin yashashga haqqi yo‘qmi? Axir ular ham bola, ular ham odam! Boshqalar qatori o‘ynab kulishni, shirin so‘zlar eshitishni xohlaydi. Nimaga bizda bunday emas. Chunki bizning xalqimiz nogironlikni to‘g‘ri qabul qilmaydi, bunga tayyor emas. Misol uchun muruvvat uylariga borganimizda kap-katta yigitlar ham ularni ko‘rib o‘zini yo‘qotib qo‘yadi. Chunki ko‘zi o‘rganmagan. Ochiq aytaman ko‘pi hazar qiladi. “Ra’no bularni qanday quchoqlab, o‘pasiz”, deb savollar ham berishadi. Hayron qolaman... bu harakatlari bolajonlarga qanchalar og‘ir botishini bilmaydi.

Agar biz ular bilan do‘stlashib, aloqani yo‘lga qo‘yganimizda edi mustahkam irodasini his qilardik. Viloyatlarda shunday yoshlar bilan muloqot qildim. Ahvoli, yashash sharoiti og‘irligi ko‘rinib tursa-da, lekin hech biri ahvolidan nolimaydi, shikoyat qilmaydi. O‘tayotgan har bir kuniga shukr qilib yashaydi. Lekin ular his qiladi. Ota-onasiga yuk bo‘layotganidan afsuslanadi. Boshqalar qatori o‘qigisi, ishlagisi keladi. Shuning uchun biz ularga turtki berishimiz kerak. Ularga do‘st bo‘lib, chin dildan samimiy muloqot qilishimiz, ularga pul, o‘yinchoq, moddiy manfaat muhimmas, ularga e’tibor, mehr kerak. Chin dildan do‘stlashmoqchi, xolis yordam bermoqchi bo‘lgan ko‘ngilli yoshlarni markazimizga taklif qilamiz. Faqatgina bizga chin dildan hech qanday manfaatsiz yordam qo‘lini cho‘za oladigan, samimiy mehr bera oladigan yoshlar kerak.

Jizzaxlik Rizvon degan bola bilan gaplashib turamiz. Uning irodasiga, matonatiga qoyil qolganman. Eshitmaydi, yurolmaydi, gapirolmaydi, lekin hayotga bo‘lgan muhabbati shu darajada kuchli... Hozir oyog‘ida pianino chalishni o‘rganyapti ekan. Qarang, biz sog‘lom bo‘la turib, yo‘limizda to‘g‘ri yurolmaymiz. Lekin u oyoqlari bilan pianino chalyapti...

U nasrda ijod ham qilib turadi. Monologlar yozadi. Yozganlarini jo‘natadi. Shunaqangi qalami o‘tkir duyoqarashi kengki, yozganlarini o‘qib hayron qolasiz. Bir kuni u menga “opajon men o‘zimga hech narsa so‘ramayman, lekin onam menga kuyaverib, qattiq kasal bo‘lib qoldi. Iltimos, uni davolatishga yordam bering”, deb SMS yubordi. Qarang, qanchalar onasiga mehribon. O‘zi og‘ir ahvolda tursa ham onasi uchun so‘rayapti. Bunday insonlar vatanparvar, oilasiga sadoqatli bo‘ladi.

— Oilada qanday ayol, qanday rafiqasiz? O‘zingizni qanday onaman deb hisoblaysiz?

— Boshqalar qatori men ham o‘zimni yaxshi ona sifatida bilaman (kuladi). To‘g‘risi, bu savol javob berish men uchun qiyin. Chunki bolalarimga ko‘p vaqtimni ajratolmayman. Birga bo‘lolmayman. Bir kuni o‘g‘limni bog‘chadan olib qaytayotsam u ko‘zlarimga qarab, jiddiy turib “Oyijon, siz uzoqda bo‘lgan paytlaringizda sizni qanchalar sog‘inishimni bilganingizda edi”, — deb yig‘lab yubordi. O‘zimni qo‘yarga joy topolmadim. Ona uchun bu gapni farzandidan eshitish juda og‘ir. Avvallari qizimga ham vaqt ajratolmasdim. U ham mendan qattiq xafa bo‘lardi. Lekin ulg‘ayib, “O‘sha paytlari to‘g‘ri yo‘l tutgan ekansiz,” — deb vaziyatimni, holatimni tushundi. Va hozir meni qo‘llab-quvvatlaydi. Ishonaman vaqti kelib o‘g‘lim ham nima uchun mehrimni boshqalar bilan bo‘lishayotganimni tushunadi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (7-04-2018, 12:28)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 8) ( 0) ( 8) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют