» » “Daryo” surishtiruvi: Farg‘onadagi 320 o‘rinli maktabda 630 o‘quvchi ta’lim olmoqda. Ular ba’zan tik turib dars o‘tadi

“Daryo” surishtiruvi: Farg‘onadagi 320 o‘rinli maktabda 630 o‘quvchi ta’lim olmoqda. Ular ba’zan tik turib dars o‘tadi


“Daryo”ga Farg‘onadan yana bir murojaat keldi. Aholi vakillarining aytishicha, Buvayda tumanidagi 8-umumta’lim maktabida o‘quvchilarga joy va bilim olish uchun sharoit yetarli emas. Maktab binosi esa kengaytirish va qayta qurishga muhtoj.

“Daryo” muxbiri murojaatni o‘rganish davomida moslashtirilgan binoda joylashgan mazkur maktabdagi vaziyat nihoyatda achinarli ekaniga guvoh bo‘ldi. 1976-yilda qurilgan bino 320 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lsa-da, ayni paytda bu yerda 630 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Maktabda sport zali va oshxona yo‘q. Xonalar juda tor va ta’mirtalab. Buning ustiga, o‘quvchilarga joy yetishmaydi. Ayrim xonalar pol ham qilinmagan.

“Maktabimizda o‘quvchi soni ko‘pligidan to‘liq ikki smenada dars o‘tiladi. Shunda ham joy yetishmaydi, birorta bo‘sh xona yo‘q. O‘zimiz xonalarni bo‘lib chiqdik, qo‘l kuchi bilan. Oshxona, omborxona, hatto qorovulxonani ham sinf xonalariga moslashtirdik. Ayrim xonalarni pol qildik. Eski partalarni topib kelib, jihozladik. Hozircha bir amallab dars o‘tyapmiz. Lekin yangi o‘quv yilidan o‘quvchilar soni yana ko‘payadi, unda nima qilamiz? Sentabr oyida uchta birinchi sinfga o‘quvchi qabul qilishimiz kerak. Ularni qaysi xonaga joylashtirishni bilmaymiz. Bir necha marta hokimlikka, xalq ta’limi bo‘limiga murojaat qildik. Lekin haligacha amaliy natija bo‘lmadi”, — deydi maktab direktorining o‘rinbosari Imomali Niyozov.

Direktor muovini bizni 7-sinf o‘quvchilari dars o‘tayotgan xonaga boshladi. 30 nafar o‘quvchi ta’lim oladigan sinfda 22 ta stul sanadik. O‘quvchilarning aytishicha, xonaga kim oldinroq kelsa, joy o‘shaniki bo‘larkan. Qolganlar esa yo tik turib dars o‘tadi, yo uyiga qaytib ketaveradi. 

“Sentabrdan beri shunday dars o‘tamiz. Bitta partada uch kishidan o‘tirish qiyin, shunga to‘rt-beshtamiz tik turamiz yo navbati bilan joy almashib o‘tiramiz,” — deydi 7-sinf o‘quvchisi Fathulla Husanov.

Vaziyat shu darajaga yetganki, ayrim ota-onalar joy yetishmasligi sabab farzandini maktabga jo‘natmaslikni afzal ko‘rmoqda. 

“Qirg‘izqo‘rqoncha qishlog‘ida yashayman. Qizim ilgari ixtisoslashgan maktab-internatida o‘qirdi. Uyimizga yaqin deb o‘qishini shu maktabga ko‘chirganimdan endi o‘zim ham, qizim ham afsuslanyapmiz. Chunki maktabda yaxshi bilim olish uchun sharoit yetarli emas. O‘quv jihozlari yo‘q, xonalar tor, zax, ta’mirtalab. Bolalarimizga joy yetishmaydi,” – deydi Doniyorjon Abdulazizov.

Boshqa xonada esa boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun moslashtirilgan kichik partalarda 10-sinf o‘quvchilari bir amallab dars o‘tayotganiga guvoh bo‘ldik.

Informatika xonasiga kirdik. 16 nafar o‘quvchi bazo‘r sig‘adigan xonada umuman kompyuter yo‘q. Direktor o‘rinbosarining aytishicha, 1990-yillarda maktabga kompyuterlar ajratilgan. Ularning foydalanish muddati tugagach, informatika xonasida kompyuterlar ham bo‘lishi kerakligi mutasaddilarning yodidan ko‘tariladi.

Kimyo va biologiya xonalaridagi maxsus jihozlanishi kerak bo‘lgan partalar ham achinarli ahvolda.

Sport zali va maydonchasi yo‘qligi uchun o‘quvchilar maktab hovlisida shug‘ullanishga majbur.

Jismoniy tarbiya darslari esa ayrim sport “jihozlari” o‘rnatilgan qo‘lbola maydonda o‘tiladi.

Bu yerga ham o‘quvchilar katta yo‘lni kesib o‘tishlari kerak. Bu holat qay darajada xavfsiz, bunisi noma’lum.

“Yo‘lning serqatnov qismida piyodalarga umuman sharoit yaratilmagan. O‘quvchilar maktabga kelib-ketgunicha xavotirda turamiz, biror korhol bo‘lmasin, deb. Yaqinda bir o‘quvchimiz yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Bola darsdan keyin uyiga ketayotganda shu noxush hodisa yuz berdi. Bu hodisani ortidan qancha yugur-yugur qildik, qancha gap eshitdik. O‘qituvchilari qaramagan deyishdi, oxiri”, – deydi direktor muovini.

Xullas, katta yo‘l yoqasida joylashgan bu maktab e’tibordan chetda qolib ketgan. Bu yerda jiddiy muammolar yig‘ilib qolgani bilan mutasaddilarning ishi yo‘q. Tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri ham negadir bu ishga befarq. 

Maktab direktori Saminjon Shamsiddinov bu yerdagi sharoitni yaxshilash, maktab uchun yangi bino qurish borasida tuman hokimligi va tegishli mutasaddilarga ko‘p marta murojaat qilgan. Ular qayta-qayta takrorlaydigan javob esa bitta — bu muammoni hozircha dasturga kiritish imkonsiz, keyingi yilda albatta bo‘ladi. Afsuski, vaqt bir joyda to‘xtab turmaydi — yillar o‘tyapti, lekin va’dalar va’daligicha qolmoqda.

Yangi bino qurish masalasini qisqa muddatda hal etishning imkoni yo‘qdir, lekin qo‘shimcha maktab partalari, laboratoriya jihozlari, kompyuter to‘plamlari yetkazib berish mumkin-ku? Yoki bu masalalar ham davlat dasturiga kiritilishini kutish kerakmi? 

“Daryo” ushbu maktab bilan bog‘liq muammolarga yana qaytadi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (16-04-2018, 21:28)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 49) ( 0) ( 47) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют