» » Murodjon Ahmadaliyev: Riodagi natijalar tasodif emasligini Osiyo chempionatida 9 ta oltin medal bilan isbotlab qo‘ydik

Murodjon Ahmadaliyev: Riodagi natijalar tasodif emasligini Osiyo chempionatida 9 ta oltin medal bilan isbotlab qo‘ydik


Kecha, 1-may sanasida boks bo‘yicha Rio-2016 Olimpiya o‘yinlari va Jahon chempionati sovrindori, Osiyo chempioni, hozirda esa faoliyatini professional boksda davom ettirayotgan o‘zbekistonlik bokschi Murodjon Ahmadaliyev Milliy olimpiya qo‘mitasida Umid Ahmadjonov bilan uchrashdi. MOQ axborot xizmati esa sportchi bilan intervyu uyushtirdi. “Daryo” suhbatni ba’zi kichik tuzatishlar bilan qaytadan chop etadi.

– Murodjon, sizni Milliy olimpiya qo‘mitasida ko‘rib turganimizdan xursandmiz. Havaskor bokschilar o‘rtasida qanday natijalarga erishganingizni juda yaxshi bilamiz. Ayniqsa, Rioda o‘tkazgan janglaringiz, g‘alabalarni nokaut evaziga qo‘lga kiritishingiz hali hamon ko‘z o‘ngimizda. Keyinchalik ushbu muvaffaqiyatli yurish Osiyo chempionatida ham davom etdi. Professional boksga o‘tish istagi qayerdan paydo bo‘ldi? Jamoadoshlaringizga havas qilib bunday qarorga keldingizmi?

– To‘g‘ri aytib o‘tdingiz. Oramizda Fazliddin aka birinchilardan bo‘lib professional boksga o‘tdi. Men ham havaskor bokschi sifatida Olimpiya o‘yinlari, Osiyo va jahon chempionatlarida ishtirok etdim. Shundan so‘ng o‘z oldimga professional boksda ham muvaffaqiyatlarga erishib, O‘zbekistonimizning bayrog‘ini yanada yuqoriroqqa ko‘tarish maqsadini qo‘ydim. O‘zbek o‘g‘lonlari nimalarga qodir ekanliklarini butun dunyo bilishi shart. Biz qattiq mehnat qilyapmiz. Yurtboshimiz sportchilar uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib bermoqdalar. Sport kollejlari, suv havzalari zamonaviy holatga keltirilgan. Bunday inshootlarning qurilishi butun mamlakatimiz bo‘ylab davom etmoqda. Albatta, bularning bari biz yoshlar uchun. O‘ylaymanki, bu boshlanishi. Nasib qilsa, keyingi Olimpiya o‘yinlarida yanada yaxshi natijalar qayd etiladi. Riodagi natijalar tasodif emasligini esa Osiyo chempionatida 9 ta oltin medal bilan isbotlab qo‘ydik.

—Professional ringdagi dastlabki janglardan ko‘nglingiz to‘ldimi? Siz uchun yangi yo‘nalishdagi sharoitlar qoniqtiryaptimi?

-Albatta, havaskor boksdan professional boksning farqi katta. Professional boks nisbatan qiyinroq. U yerda janglar 3 yoki 4 raund davom etmaydi, 6 raunddan boshlanadi. Biz nima uchun u yerga o‘tdik? Professional boksda ham o‘zbek yigitlari bo‘lishi shart. Xudo xohlasa, Fazliddin G‘oibnazarov, Shahram G‘iyosov, Rustam To‘laganovlar bilan birga professional ringda katta natijalarga erishamiz.

-Milliy Olimpiya qo‘mitasida Umid Ahmadjonov qabulida bo‘ldingiz. Ushbu uchrashuvdan qanday taassurotlar oldingiz?

– Rostini aytsam Umid akani bunchalik samimiy va oqko‘ngil deb o‘ylamagandim. Sportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi, ham moddiy, ham ma’naviy tomondan rag‘batlantirib borishga intilayotgani, albatta, o‘z samarasini beradi. Qolaversa, sharoitlar ham shunga yarasha yaratilmoqda. Meni va do‘stim Shahram G‘iyosovni 2020-yili Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida ko‘rish niyati borligini izhor qilganda hayajonlanib ketdim. Nasib qilsa, albatta, Tokio Olimpiadasida ishtirok etib, o‘zbek xalqiga va muhtaram Prezidentimizga Olimpiya o‘yinlarining oltin medalini sovg‘a qilishga ahd qildim. Ochig‘i Umid Ahmadjonov bilan uchrashuvdan juda xursand bo‘ldim. Ular har qanday sportchining ko‘ngliga yo‘l topa oladigan kuchli ruhshunos ekanliklari ko‘rinib turibdi.

– Aytib o‘tganingizdek, MOQ Prezidenti Shahramga Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishni taklif qildi. U ham taklifga bajonidil rozi bo‘ldi. Chunki promouterlik kompaniyasida imzolangan shartnomada ana shunday band kiritilgan ekan. Sizning shartnomangiz qanday? Bu borada imkoniyat bormi?

— Shahram va men bitta promouterlik kompaniyasi mijozlarimiz. Demak, ikkalamizning shartnomamiz bir xil bandlardan iborat. Biz shartnomaga ushbu bandni kiritganmiz. Nasib qilsa, Olimpiadaga boramiz va jonajon diyorimiz dovrug‘ini dunyoga tanitish yo‘lida bor imkoniyatni ishga solamiz.

— Demak, Olimpiya o‘yinlarida endi bronzadan yuqori medallar uchun ham harakat bo‘ladi. Bu borada professional ringda orttirilayotgan tajriba qo‘l keladi deb hisoblaysizmi?

-Albatta. Chunki prof ring tajribasi juda muhim. Olimpiya o‘yinlariga dunyoning eng sara havaskor bokschilari tashrif buyurishadi. Shaxsan biz uchun professional ringda orttirilgan tajriba qo‘l kelishi aniq. Bilasizmi, professional boksda sportchining jismoniy va funksional holati, chidamlilik darajasi sezilarli ravishda yuksaladi. Bu jihatlar esa havaskor boksda beqiyos ahamiyatga ega. Yana bir muhim jihati, AQShda biz kuchli sparring raqiblarga qarshi janglar o‘tkazib, mahoratimizni toblab boramiz. Bu esa bizga Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarida asqatadi.

—Murodjon, fursatdan foydalanib o‘zbekistonlik boks muxlislariga qanday tilaklar bildirasiz?

-Sport bilan shug‘ullaning, bizga o‘xshagan, bizdan ham zo‘r sportchi bo‘ling. Prezidentimiz tomonidan ajoyib sharoitlar yaratib berilmoqda. E’tibor juda katta. Bu barchasi yoshlarimiz, sportchilarimiz uchun. Sport bilan muntazam shug‘ullaning, ustozlarning maslahatiga quloq tuting. Hech qachon kam bo‘lmaysiz. O‘ylaymanki, shunda bizdan ham zo‘r natijalarni qo‘lga kirita olasiz.

Mavzuga doir: MOQ prezidenti Shahram G‘iyosovga: O‘z vazn toifangda O‘zbekistondagi eng kuchli bokschisan

Mavzuga doir: Prof boksga o‘tgan Shahram G‘iyosov Tokiodo bo‘ladigan Olimpiadada ishtirok eta oladimi?



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (2-05-2018, 23:13)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 68) ( 0) ( 67) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют