» » O‘zbekistonda advokatlar nizolarni sudgacha hal etish huquqiga ega bo‘ldi

O‘zbekistonda advokatlar nizolarni sudgacha hal etish huquqiga ega bo‘ldi


O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirildi.

Farmonga muvofiq, 2018-yil 1-iyuldan boshlab:

Advokat nizolarni sudgacha hal qilish, tomonlarni yarashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish, shuningdek, hakamlik sudyasi sifatida faoliyat yuritish huquqiga ega bo‘ladi, advokat tomonlardan birining vakili bo‘lgan holatlar bundan mustasno;

Advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyani olish uchun advokatlik tuzilmasida majburiy stajirovka o‘tash muddati olti oydan uch oyga qisqartiriladi, bunda davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimlari va sudya, tergovchi yoki prokuror lavozimida kamida uch yil faoliyat yuritgan shaxslar majburiy stajirovkadan ozod etiladi;

Litsenziyani tugatish uchun asos bo‘ladigan advokat tomonidan uzrli sabablarsiz o‘z kasb majburiyatlarini bajarmaslik muddati amaldagi uch oydan olti oyga uzaytiriladi;

sudning advokatni jinoyat sodir etishda aybdor deb topish to‘g‘risidagi ayblov hukmi kuchga kirgan taqdirda, sudya bir sutka ichida Adliya vazirligini va Advokatlar palatasini belgilangan tartibda yozma xabardor qiladi;

Faoliyat yuritayotgan advokatlar va yangidan advokat maqomini olgan shaxslar Advokatlar palatasi tomonidan Adliya vazirligi bilan birgalikda belgilangan har bir tanlangan mutaxassislik bo‘yicha alohida litsenziya asosida yuridik yordam ko‘rsatadi. Bunda faoliyat yuritayotgan advokatlarning litsenziyalarini qayta rasmiylashtirish ularni tanlagan mutaxassisligi bo‘yicha qayta attestatsiyadan va yig‘imlarni to‘lashdan ozod etgan holda amalga oshiriladi;

Advokat tomonidan advokatura to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, Advokatning kasb etikasi qoidalari talablari, advokatlik siri va advokat qasamyodi muntazam ravishda yoki bir marta qo‘pol ravishda buzilganda, advokatning sha’ni va qadr-qimmatiga dog‘ tushiradigan hamda advokaturaning obro‘sini tushiradigan qilmish sodir etilganda, shuningdek, litsenziyasining amal qilishi to‘xtatib turilgan shaxs litsenziyaning amal qilishi to‘xtatib turilishiga olib kelgan holatlarni litsenziyaning amal qilishi to‘xtatib turilgan muddatlarda bartaraf etmaganda, litsenziyaning amal qilishini tugatish Oliy malaka komissiyasi xulosasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining murojaati bo‘yicha faqat sud tomonidan amalga oshiriladi;

advokat maqomini olish bo‘yicha malaka imtihonini takroran topshirish muddati bir yildan olti oygacha qisqartiriladi.

Hujjat bilan:

Advokatlarning o‘zlarining himoya ostidagi shaxslar bilan audio va videokuzatuv qurilmalari bo‘lmagan maxsus xonalarda hamda begona shaxslarning ishtirokisiz o‘z vaqtida va hech qanday to‘siqlarsiz uchrashishi ta’minlanadi, bunda advokat va himoya ostidagi shaxsning suhbatini uchinchi shaxslar eshitishini istisno etgan holda ularni vizual ko‘rib turish imkoniyati saqlanib qolinishi shart;

Advokat o‘z professional faoliyatini amalga oshirishi uchun, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasiga qat’iy rioya etgan holda, sud binosiga kompyuter, mobil va boshqa aloqa vositalarini moneliksiz olib kirish huquqiga ega, yopiq sud majlislari bundan mustasno. Bunda qayd etilgan qurilmalardan sud binosi ichkarisida foydalanish sud jarayonini o‘tkazish tartibini buzmasligi kerak;

Advokatlarning malakali yuridik yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan, davlat va boshqa organlardan hamda korxona, muassasa va tashkilotlardan ma’lumotnomalar, tavsifnomalar va boshqa hujjatlar yoki ularning nusxalarini olish uchun so‘rovlari so‘rov qabul qilingan paytdan boshlab ko‘pi bilan o‘n besh kun muddatda bajarilishi shart, davlat siri yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni o‘z ichiga olgan ma’lumotlar bundan mustasno;

Advokatlik byurolarini ta’sis etgan advokatlar o‘z faoliyatini mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asosda o‘zlariga tegishli bo‘lgan turar joylarida amalga oshirishlari mumkin, bunda ushbu turar joylarni advokatlik byurosi faoliyatida foydalanish uchun noturar joy toifasiga o‘tkazish talab qilinmaydi;

Advokat so‘roviga ko‘ra ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etmaslik, yolg‘on yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etganlikda aybdor mansabdor shaxslar advokatning sudga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaatiga asosan belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortiladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (14-05-2018, 23:28)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 86) ( 0) ( 85) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют