» » Xalq ta’limi vaziri: o‘zbekistonliklarning 7 foizigina farzandi o‘qituvchi bo‘lishini istaydi

Xalq ta’limi vaziri: o‘zbekistonliklarning 7 foizigina farzandi o‘qituvchi bo‘lishini istaydi


“Ma’rifat” gazetasining elektron versiyasida Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov bilan umumiy o‘rta ta’lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalari hamda bu borada amalga oshirilayotgan yangiliklar haqida uyushtirilgan intervyu e’lon qilindi.

Vazir o‘qituvchilarning haq-huquqlarini himoya qilish, pedagoglik kasbining nufuzini oshirish borasida bajarilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

— Bu haqda so‘zlashdan avval ayni paytdagi holat xususida muayyan tasavvur hosil qilish zarur, — dedi Sherzod Shermatov. — Sir emaski, avvallari o‘qituvchilarga hurmat yuqori darajada bo‘lgan. Ota-onalarning aksariyati farzandi o‘qituvchi bo‘lishini niyat qilgan. Bugun yurtdoshlarimizning 7 foizigina farzandi o‘qituvchi bo‘lishini istaydi. O‘qituvchilarning esa atigi 3 foizi o‘g‘il-qizi o‘z kasbini davom ettirishi tarafdori. Boshqa davlatlar bilan solishtirganda bu nihoyatda past, achinarli ko‘rsatkich. Masalan, xitoyliklarning 55 foizi farzandi o‘qituvchi bo‘lishini xohlarkan.

Ularda bu kasb egalari nihoyatda qadrlanadi. Chunki Xitoyda o‘qituvchi imiji butunlay boshqacha shakllangan, obro‘-e’tibori ham o‘zgacha. Yaponlar ham bu borada xitoyliklardan qolishmaydi. Yaponiya bosh vaziriga mamlakat iqtisodiyoti qanday qilib bu darajaga yetgani haqida savol berilganda, u: “O‘qituvchilarga imperator hurmatini, bosh vazir maoshini, diplomat daxlsizligini berish evaziga shu darajaga erishdik”, deb javob bergan. Yoki Janubiy Koreyani olaylik. Bir vaqtlar uzoq davom etgan urushdan so‘ng bu davlat eng qashshoq mamlakatlardan biriga aylanib qolgan edi. Shunday bo‘lsa-da, ta’lim sohasini rivojlantirish, o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga e’tiborni sira susaytirmadi. Natijada Koreya Respublikasi tabiiy boyliklarsiz ham ta’lim sohasi va inson kapitalini rivojlantirish hisobiga dunyoning eng ilg‘or mamlakatlaridan biriga aylandi.

Yurtimizda esa o‘qituvchilar oylik maoshi kamligi yetmagandek, bepul ishchi kuchi sifatida muntazam majburiy mehnatga jalb etilgan. Davlatimiz rahbari oldimizga o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilishni qat’iyan to‘xtatish vazifasini qo‘yganiga qaramay, ayrim joylarda bu holat hamon davom etmoqda.

Majburiy obuna masalasi ham pedagoglarning og‘riqli nuqtalaridan sanaladi. Uzoq yillar davomida arzimagan oylik olib ishlagan maktab o‘qituvchilari yiliga bir nechta, ayrim joylarda o‘ntagacha nashrga majburiy obuna qilingan. Yana konsert, spektakl va boshqa tadbirlarning o‘tmay qolgan chiptalarini ham o‘qituvchilar majburan xarid qilgan.

Achinarlisi, shu vaqtga qadar o‘qituvchilarning haq-huquqlarini himoya qiladigan, ularning so‘ziga quloq tutadigan kishi bo‘lmagan. Bugun ular o‘z muammolari, fikr-mulohaza va takliflarini ochiq aytishlari, kelgusida barcha savol va talablarini vazirlikning ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan www.ustozovozi.uzedu.uz sayti yoki ustoz-ovozi Telegram botida qoldirishlari mumkin.

O‘qituvchilarning haq-huquqlarini himoya qilish maqsadida loyihasi muhokama etilayotgan huquqiy-me’yoriy hujjatlarda qator bandlar kiritilgan. Jumladan, o‘quvchilar, o‘qituvchilar va xalq ta’limi tizimidagi xodimlarning shaxsiyatiga hurmat ko‘rsatish, ularni to‘liq himoya qilish mexanizmlari yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, xalq ta’limi tizimi xodimlarining sha’ni va qadr-qimmati oyoqosti qilingani haqida huquq-tartibot organlariga axborot yuborish, yuqoridagi holatlar bo‘yicha keltirilgan faktlar asosida jurnalist surishtiruvi olib borish, o‘qituvchilarni moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Xalq ta’limi muassasalari xodimlarini majburiy mehnat, shu jumladan, tumanlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, metallolom va makulatura yig‘ish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va boshqa mavsumiy ishlarga, yig‘ilishlar, saylovoldi tashviqot tadbirlari va ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa faoliyat turlariga jalb qilish, davlat ta’lim muassasalari xodimlarining sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish, huquq va erkinliklarini buzish, turli tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotish, mablag‘ yig‘ishga majburlash qat’iy taqiqlanishi alohida qayd etilgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (16-08-2018, 10:26)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 58) ( 0) ( 57) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют