» » Urgut tumani ichki ishlar xodimlari o‘g‘rilikka sherikmi?

Urgut tumani ichki ishlar xodimlari o‘g‘rilikka sherikmi?


“Daryo” tahririyatiga Samarqand viloyati Urgut tumani Baxrin mahallasida yashovchi fuqaro Feruz Farmonov qo‘ng‘iroq qilib, Urgut tuman Ichki ishlar organi faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi Qoratepa militsiya tayanch punkti xodimlari tomonidan 4 oydan buyon uning yo‘qolgan qora mollarini topish bo‘yicha bergan arizasi o‘rganilmayotganligi to‘g‘risida murojaat qildi.

— “Joriy yilning 9-may kuni qishlog‘imizdan 35 bosh qoramol yo‘qoldi. Dastlab mollar biror yerga ketib qolgan bo‘lishi mumkin deya o‘zimiz qidirdik. Ammo topa olmadik. So‘ng Qoratepa militsiya tayanch punktiga mollar yo‘qolgani haqida ariza bilan murojaat qildik. Bu orada o‘zimiz ham qidiruvga kirishdik. Qidiruv natijasida ikkita qoramolni Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi Chorshanba bozoridan topdik”, — deydi Feruz Farmonov. – “Ro‘zimurod ismli fuqaro mollarni Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanidagi bozordan Asqar Mallayev degan shaxsdan 2.700.000 so‘mga olganligini bildirib o‘tdi. Biz Qashqadaryo viloyati IIB xodimlari bilan qashqadaryolik odamni Bulung‘ur tumaniga olib borib, o‘sha fuqaro bilan yuzlashtirdik. Molni haqiqatda u olganligi aniq bo‘ldi. Ammo negadir Qoratepa militsiya tayanch punkti rahbari Alisher Raimberdiyev va tezkor qidiruv bo‘limi boshlig‘i Otamurod (familiyasi noaniq) akalar ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi ochishni paysalga solyapti.

Mazkur holat bo‘yicha Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasiga murojaat qildik. IIB matbuot xizmati rahbari Shirin Normurodovaning ma’lum qilishicha, ayni paytda Urgut tumanida yo‘qolgan qoramollar bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan bo‘lib, ushbu jinoyat ishi viloyat IIB rahbarining nazoratida ekanligini bildirib o‘tdi.

“Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev qora mollari yo‘qolgan Baxrin qishlog‘ida yashovchi 18 nafar fuqarolar bilan ham suhbatlashishdi. Fuqarolarning ta’kidlashicha, Qoratepa militsiya tayanch punkti xodimlari aniq gumonlangan shaxslarni so‘roq qilish o‘rniga, umuman boshqa odamlarni so‘roq qilayotgan ekan.

“4 oydan buyon arizamizni o‘rganishni orqaga tashlayapti. Molni o‘g‘irlanishida gumonlangan shaxslarni topdik. Ularni Ichki ishlarga olib keldik. Ammo negadir IIB xodimlari gumonlanib ushlangan shaxslarni so‘roq qilgisi kelmayapti”, — deydi Mo‘min Omonov. “Viloyatdan kelgan tergovchilar ham 4 kun odamlarni chaqirib so‘roq qilishdi. To‘rt kundan so‘ng yo‘qolib qolishdi. Yozmagan joyimiz qolmadi. Biroq, hech qanday natija bo‘lgani yo‘q.

Fuqarolarning ta’kidlashicha, ular mazkur ish bo‘yicha bir necha bor viloyat IIBga murojaat qilgan bo‘lishlariga qaramasdan vaziyat o‘zgarmagan. Ularning joriy yilning 10 iyul kuni Ichki ishlar vazirligiga yozgan murojaati Urgut tuman IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limiga kelib tushgan bo‘lib, holat bo‘yicha Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligi to‘g‘risi 13-iyul kuni javob xati yuborilgan.

Baxrin mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sherzod Mallayevning ta’kidlashicha, qishloqda 7 nafar cho‘pon bo‘lib, ular har mavsumda qishloq odamlarining mollarini tog‘li hududga chiqarib boqishar ekan.

“To‘rt oydan buyon ushbu ish bilan yuribmiz. Hech bir natija yo‘q. Chiroqchi tumanidagi Chorshanba bozorida Ro‘zimurod ismli shaxs molni bulung‘urlik Asqar Mallayevdan olganligini bildirgan. Ammo ichki ishlar bu masalani ochiq qoldirib, boshqa shaxslarni so‘roq qilib yotibdi”, — deydi Sherzod Mallayev.

Hozirgi kunda 33 ta qoramolning qayerga ketganligi noma’lumligicha qolmoqda. Mollari yo‘qolgan fuqarolar ushbu holat bo‘yicha Qoratepa militsiya tayanch punkti rahbari va tezkor qidiruv bo‘lim boshlig‘i tomonidan hech qanday chora ko‘rilmayotganligi sababdan bu o‘g‘irlikka ularning ham sherikchiligi bor degan gumonda. Shu sababli ham ichki ishlar xodimlarining bunday hatta-harakati yuzasidan Ichki ishlar vaziri bilan uchrashish niyatida.

— “Biz 18 kishi bo‘lib viloyat IIB rahbarining qabuliga kirmoqchi bo‘ldik. Asl holatni tushuntirib, ichki ishlar xodimlari tomonidan jinoyat ishi yashirilayotganligini bildirmoqchi edik. Ammo bizni qabulga kiritmadi”, — deydi Rafiq Farmonov. – “Qoratepa militsiya tayanch punkti rahbarlari bizni urishib tashladi. Kerak bo‘lsa o‘zing topasan, molni men yo‘qotganim yo‘q, degan gaplar bilan bizning murojatimizga beparvo qarab kelyapti.

Ushbu holatni o‘rganish jarayonida bizga ma’lum bo‘lishicha, Baxrin qishlog‘ida yo‘qolgan 33 ta qoramolni o‘g‘irlashda ushbu qishloqda yashovchi fuqaro ham ko‘maklashgan. Ichki ishlar xodimlariga gumonlanuvchi 3 nafar shaxsning nomi aniq. Ammo negadir Qoratepa militsiya tayanch punkti xodimlari ularni so‘roq qilish o‘rniga, boshqa shaxslarni savolga tutmoqda.

Qiziq, Urgut tuman ichki ishlar xodimlarining bunday ish tutishiga sabab nima? Nega ular aniq gumonlanuvchilar bo‘laturib boshqa shaxslarni tergov qilmoqda. Nega jinoyatni tez tugatish o‘rniga uni ortga surmoqda?



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (19-08-2018, 15:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 107) ( 0) ( 105) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют