» » Nasiba Maqsudova hayotining so‘nggi lahzalari

Nasiba Maqsudova hayotining so‘nggi lahzalari


Jurnalist Sadoqat Allaberganovaning 2017-yil 8-fevral kuni 68 yoshida yurak xurujidan olamdan o‘tgan Nasiba Maqsudova hayotining so‘nggi lahzalari haqidagi hikoyasi “Darakchi.uz” nashrida e’lon qilindi.

8-fevral kuni tunda ijtimoiy tarmoqlarda sovuq xabar tarqalgan bo‘lsa-da, “Nasiba Maqsudova olamdan o‘tdi…” degan xabarga hech kimning ishongisi kelmasdi. Biroq, o‘lim haq…

20-dekabr kuni suratga olish ishlari boshlangan “Diydor shirin” ko‘rsatuvining Yangi yilga bag‘ishlangan soni 21­dekabrning tongi 3:30 ga qadar davom etdi. Suratga olish ishidan charchagan bo‘lishiga qaramay, 170 kishilik muxlislardan iborat bayram tadbirida Nasiba Maqsudova Anvar Azimov bilan birgalikda boshlovchilik qildi. Ushbu tadbirda O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayevning “Gulbadan”iga oxirigacha raqs tushgan Nasiba Maqsudova barchani lol qoldirgandi. Lekin kutilmaganda, kechqurun insult tashxisi bilan Toshkent Tibbiyot akademiyasining jonlantirish bo‘limiga yotqizildi. 12 kundan so‘ng esa palataga olindi. 30 kun shifokorlar nazoratida bo‘lgan Nasiba Maqsudovaga 28 yanvarda uyga javob berishgan.

Uydagilari qatori men ham har kuni shifoxonaga qatnadim. Shifokorlarning “Hali hech qaysi taniqli odamning oldiga butun shahar ‘ko‘chib’ kelmagandi, Nasiba opani shu qadar hurmat qilishar ekan”, deganida boshim osmonga yetgandi. Nasiba opa ham holidan xabar olib kelganlar bilan dillashgani bois va asli optimist insonligi uchun ruhi tetik edi. “9-fevralda qizim Barnoxon chet eldan keladi, miriqib suhbatlashib o‘tiramiz. Xudo xohlasa, 8 mart — Xotin-qizlar bayrami”ga bag‘ishlangan bayramona ko‘rsatuv bilan muxlislarga kutilmagan sovg‘a ham qilamiz. Bordi-yu, ulgurmasak, “Navro‘z” bayramiga bag‘ishlangan “Diydor shirin” ko‘rsatuvi, albatta, efir yuzini ko‘radi”, deya takrorlagan edi Nasiba opa.

“Diydor shirin” ko‘rsatuvi prodyuseri Ma’mura Yusupova

Bir-ikki qadam tashlab, sog‘ayishni boshlagan Nasiba Maqsudova 8-fevral kuni infarktni boshdan o‘tkazdi. Bir nechta shifoxonaga olib borishgan, so‘nggi manzil Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo‘ldi. Kechga tomon suxandon “Qornim ochdi, ovqat olib kelinglar”, degan. O‘g‘li Otabek ovqatga ketishi bilan soat 22:00 da ortidan shifokorlar qo‘ng‘iroq qilib, noxush xabarni aytishgan…

Oliy toifali diktor Nasiba Maqsudova hayotini kasbiga bag‘ishlagan jonkuyar, tinib-tinchimaydigan, fidoyi ijodkor edi. Axir televideniyega ilk qadam qo‘yganiga 55 yil, diktor vazifasiga ishga qabul qilinganiga 50 yil to‘lgan. Bir necha yuzlab mualliflik ko‘rsatuvlarini tayyorlab, millionlar qalbini zabt etishga ulgurgan, so‘nggi yillarda “Diydor shirin” ko‘rsatuvi orqali samimiy tabassumi bilan tomoshabinlar xonadoniga g‘oyibona tashrif buyurib, muxlislarini xushnud etish baxti nasib qilgan kam sonli ijodkorlardan edi.

Samimiyati bilan yuraklarni zabt eta olgan suxandon nafaqat kasbi, balki shaxsiy hayotidan ham baxt topa olgandi. Nasiba Maqsudova suhbatlaridan birida bolalarcha beg‘uborlik bilan kelinlik davrini yuzda tabassum ila so‘zlab bergandi: “Turmush o‘rtog‘im Anoriddin Aminov bilan ilk bor Toshkent Davlat texnika universitetida uchrashganmiz. O‘shanda ukam arxitektura fakultetiga hujjat topshirgan edi. Imtihonga kirishdan avval chizmachilik bo‘yicha konsultatsiyaga kirdi-yu, yozish uchun qog‘oz topolmadi. Uddaburon emasmanmi, qog‘oz izlab dekanatga kirdim. Qarshimdan chiqqan yigit darhol yordam qo‘lini cho‘zdi, hatto “Biror muammo bo‘lsa, menga qo‘ng‘iroq qiling”, deb telefon raqamini ham berdi. Oradan vaqt o‘tib, ukam o‘qishga kirdi. Bir kuni paxta mavsumida qo‘lini sindirib kelsa bo‘ladimi? Tabiiy­ki, kursdoshlari, domlalari ukamni ko‘rgani uyga kelishdi. Ne ko‘z bilan qarayki, dekanatda uchragan jingalaksoch, qirraburun yigit yana qarshimda turibdi. Keyin bilsam, u yigit ukamning domlasi emas ekan. Ayyorlikni qarang, fursatdan foydalanib, oilam bilan tanishish uchun uyimga kelgan. So‘ng sovchi jo‘natdi. Onam “Menga ishon, shu yigit seni baxtli qiladi”, deyishga tushdilar. Televideniyedagi ustozim To‘lqin Olimovga ham onam “Bir yigitdan sovchi kelyapti, lekin Nasiba ko‘nmayapti”, degan ekanlar. Shunda To‘lqin aka “Meni o‘sha yigit bilan tanishtirib qo‘y”, dedi. Anoriddin aka, To‘lqin aka va men “Bahor” restoraniga bordik. Ular xuddi ota-boladek gaplashib ketishdi. Ustozim hamma bilan ham gaplashib ketaveradigan odam emas edi-da. Ishga borganimda To‘lqin aka “Shu yigit senga juda mos. Boshqasi haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas”, — dedi. Onam, ishxonamdagilar yanglishmagan ekan, taqdirning menga bergan eng katta mukofoti bu — turmush o‘rtog‘im! Vaqt o‘tib, u kishi meni kamtarligi, to‘g‘riso‘zligi, bag‘rikeng va ochiqqo‘lligi, ilmga tashnaligi bilan rom qilgan. Meni o‘ziga tortadigan sirli jozibasi nimada ekanini hali-hanuz topolmadim. Yangi kelinligimda dugonalarim “Turmush o‘rtog‘im bilan urishib qoldim”, deyishsa, hayron bo‘lardim. Chunki bizning xonadonda sira bunday vaziyat bo‘lmagan-da. Haligacha meni qadrlaydi, mehri, e’tiborini ayamaydi. Chiroyli kiyinishimni, go‘zal bo‘lishimni istaydi. Uyda pardoz qilmay, sochimni turmaklamay yurganimni ko‘rsa, “Nasibaxon, bugun bir go‘zallik saloniga borib kelsangiz bo‘larkan”, deydi. Hatto tug‘uruqxonada yotganimda pardoz vositalarimni olib kelib berishga ham erinmagan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, yon-atrofimdagilarning bari menga havas ko‘zi bilan qaraydi. Oila qurmasimdan avval taniqli suxandonlar safidan joy olishga ulgurgandim. Umr yo‘ldoshim kechki dasturlarni olib borganimda ham meni to‘g‘ri tushungan. Farzandimiz uch oylik bo‘lganida ishga chiqqanman. Shunda ham “Bolaga o‘zim qarab turaman, efirdagi matningizni yodlayvering”, derdi. Oramizda ishonch bo‘lgani uchun ham kasbim va oilam bilan bog‘liq muammolar bo‘lmagan. Biror marta kasb bayramim bilan tabriklashni unutmaganlar. Erta tongdan ish stolim ustiga pul solingan konvert qo‘yib qo‘yadi va ko‘nglimga yoqqan narsani xarid qilishimni aytadi. Keyin bag‘riga bosib, yuzimdan o‘pib: “Xonim, kasb bayramingiz muborak bo‘lsin!”, deydi. To‘y kunimiz, tug‘ilgan kun kabi sanalardan tashqari, FHDYodan o‘tgan kunimizda ham bir dasta gul bilan uyga kirib keladi. Bunday e’tibordan xursand bo‘lmaslik mumkinmi?!”.

Havas qilgulik ijod va hayot yo‘lini bosib o‘tgan sevimli suxandon Nasiba Maqsudova 2 qiz, 1 o‘g‘il: Barnoxon, Otabek va Go‘zalxonning onasi, 8 nabiraning buvisi edi.

Hech kim benazir emas, lekin betakrorlar borligini ham inkor etib bo‘lmaydi. Oliy toifali suxandon, “Shuhrat” medali va “Oltin qalam” mukofoti sohibasi, eng muhimi samimiyati va o‘ziga xos tabassumi bilan yuraklarni zabt eta olgan Nasiba Maqsudova ana shunday insonlardan biri edi. Shunday ekan, sevimli suxandon millionlarning qalbi va xotirasida mangu barhayot!

Noxush xabarni eshitib, o‘zimga kelolmayapman. Tushga qadar rasmlarimizni tomosha qilib, xotiralar “olami”ga kirib ketibman. Nasiba opa bilan 1991-yil televideniyeda ish boshlaganimda tanishgandim. “Assalom, O‘zbekiston”, “Diydor shirin” ko‘rsatuvlarida birgalikda boshlovchilik qilganmiz. Nihoyatda quvnoq, mehrli, mehmondo‘st, hammani birdek ko‘radigan, kirishimli inson edi. Uylanganimda ham tug‘ishgan opamdek yelib-yugurib xizmat qilgandi.

Tolibjon Isroilov, teleboshlovchi va xonanda

Nasiba opa bilan 2014-yil dekabrdagi “Diydor shirin”ning bayram sonidan birgalikda ish boshlagandik. Ming afsuski, birgalikdagi so‘nggi ishimiz ham 2016-yil yakunidagi Yangi yil bayram dasturi bo‘ldi. Shu qadar g‘ayratli edilarki, yoshlar bilan baravar ishlardilar. Juda mehribon, quvnoq, tabassum va shirinso‘z ulashishdan charchamasdi, ishdan zavq olardilar. Kasallik bilan kurashayotgan vaqtlari ham xayollari ish rejalari bilan band edi. “Anvar, nasib bo‘lsa, ‘Navro‘z’ sonini yozamiz!”, degandilar, hayotni sevardilar. Nasiba opa, yana besh yil ishlasak, zo‘r bo‘lardi, desam, “Hali yana 15 yil ‘Diydor shirin’da birga ishlaymiz!”, degandilar…

Anvar Azimov, teleboshlovchi

Ma’lumot o‘rnida, Nasiba Maqsudova 1948-yilning 12-aprelida dunyoga kelgan. Toshkentdagi 20-maktabda tahsil olgan. O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlagan. 1969-yil 18-sentyabrda oila qurgan. Turmush o‘rtog‘i Anoriddin Aminov – professor.

“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!

Опубликовано: admin (21-02-2017, 17:29)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 47) ( 0) ( 45) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют