» » Umid Ahmadjonov: Superligada jamoalar soni kelasi yil ham 12 ta bo‘lib qoladi

Umid Ahmadjonov: Superligada jamoalar soni kelasi yil ham 12 ta bo‘lib qoladi


O‘zbekiston Superligasida jamoalar sonining oshishi borasida gap-so‘zlar ko‘paydi. Biroq mazkur ligada jamoalar soni 2019-yilda ham 12 ta bo‘lib qoladi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov “Daryo”ga ma’lum qildi.

“Ba’zi klublar kelasi yil Superligada jamoalar ko‘payar ekan deb, bemalolgarchilikka berilayotganidan xabarimiz bor. Biroq ular xato o‘ylashmoqda. Professional futbol ligasi sport prinsiplarini saqlab qolish uchun ham jamoalar sonini o‘zgartirmaydi. Superligada 2019-yilgi mavsumda ham 12 ta klub to‘p suradi”, — deb aytib o‘tdi Umid Ahmadjonov.

Bir vaqtning o‘zida Milliy olimpiya qo‘mitasining ham prezidenti hisoblangan Ahmadjonovning qayd etishicha, kelasi yil Superliga va Pro-liga klublariga bo‘lgan talab yanada oshiriladi:

“2018-yilgi mavsum har bir klubning asl yuzini ko‘rsatib berdi. PFL yil boshidan buyon jamoalarni ogohlantirib kelganiga qaramay, hali ham qarzdorliklari osilib yotgan, futbol akademiyasi haqida o‘ylamayotgan klublar yetarlicha. Biroq ular bilib qo‘yishsinki, futbol akademiyasi yo‘q bo‘lgan klublar kelasi mavsum ligaga qo‘yilmaydi. Bilaman, bu ishni birdaniga amalga oshirish qiyin. Biroq ular yil boshidan buyon bu haqda bilishadi, harakat esa yo‘q. Oxirida kech bo‘lishini tushunib yetishmayapti. Akademiya borasida savol va qandaydir yordam kerak bo‘lsa, O‘FA yordamga tayyor. Bizning bu borada o‘z rejalarimiz bor”.

Umid Ahmadjonov Superliga klublari nima sababdan aynan 12 ta qoldirilganiga ham izoh berdi:

“10 ta ham qoldirsak bo‘lardi, biroq Chempionlar Ligasidagi kvotalarimiz kamayib ketishi mumkin. 14 ta qilib qo‘ysak, Pro-ligada maqsadsiz jamoalar ko‘payib ketadi. Pro-ligada ham yuqori divizion uchun kimdir kurashishi kerak-ku! Hozir “Mash’al” bor, “Surxon” bor, “Sho‘rtan”, “Dinamo”, “Istiqlol” bor. Ya’ni, 5 ta klub jiddiy kurashyapti. Shuning uchun ham Superligada 12 ta klub to‘p surishi mantiqliroq”.

“Ha, aytgancha, format borasida gap-so‘zlar ko‘p bo‘ldi. U boshqacha gapiradi, bu boshqacha. Murabbiylar, futbolchilar, klublar rahbariyati ko‘p gapirmay, futbolini o‘ynasin. Chempionatni hamma bir xilda 0 ochko bilan boshladi va bir xil sharoitda tugatish arafasida. Hech kimga yon bosilmagan. Shunday ekan, formatni kavlashtiravermay, futbolini o‘ynasin va qo‘lidan kelsa, hamma o‘yinni yutsin. Shunda kim ularni chempionlikdan mahrum qila oladi?!”, — deb fikrini yakunladi Umid Ahmadjonov.

Professional futbol ligasi matbuot xizmatining qayd etishicha, ayni vaqtda tashkilot professional klublar maqomi ustida, shuningdek, 2019-yil talablari yuzasidan ish olib bormoqda. Bu yerda Superliga jamoalari sonini oshirish yoki kamaytirish haqida hech kim bosh qotirayotgani yo‘q. Biroq klublarga qo‘yilayotgan talablar jiddiy bo‘ladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (20-10-2018, 16:01)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 75) ( 0) ( 73) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют