» » Amirsoy tog‘-chang‘i kurorti va’da qilingan muddatda qurib bitkaziladimi? (video)

Amirsoy tog‘-chang‘i kurorti va’da qilingan muddatda qurib bitkaziladimi? (video)


Amirsoy tog‘-chang‘i kurorti O‘zbekistonda qurilayotgan eng yirik turistik obyektlardan biridir, deb yozadi O‘zA.

Loyiha mamlakatdagi birinchi tog‘li kurort bo‘lib, unda mijozlarga qulay, xavfsiz va sifatli, jahon talablari darajasida xizmat ko‘rsatiladi.

Qurilish ishlariga eng ilg‘or va innovatsion texnologiyalar jalb qilingan kurort loyihasi uch bosqichda amalga oshiriladi.

15-dekabrda birinchi bosqich yakunlanib, shu kunning o‘zida Amirsoy dam olish maskanining ochilishi rejalashtirilgan.

Qisqa muddatda qurilayotgan kurort va’da qilingan muddatda qishki mavsumga tayyor bo‘ladimi? Qurilish ishlarining borishi haqida navbatdagi videosharhda tanishasiz.

“Bildirsoy. O‘zbekiston tabiati nechog‘li go‘zal va betakror ekanini tushunib olish uchun shu yerga kelishning o‘zi kifoya. Yo‘l bo‘yida, bora-borguncha Sizga – baland tog‘lardagi ignabargli va mevali daraxtlarning o‘ziga xos noyob, takrorlanmas manzarasi, maftunkor tabiat hamrohlik qiladi.

Tog‘lar orasidagi tik nishabli, ilonizi yo‘llardan o‘tib, biz Maygashkan tog‘ining shimoliy tomonidamiz. Amirsoyga yo‘limiz xuddi shu yerdan boshlanadi. Shubhasiz, ushbu kurort mamlakatimizdagi eng yirik dam olish maskani bo‘ladi. Uning yana qanday o‘ziga xos jihatlari mavjud? Qulay infratuzilma va a’lo darajadagi xizmat. Loyiha muallifining javobi shunday bo‘ldi. Unday bo‘lsa narxlar ham osmon qadar bo‘lar ekan-da, deyishga shoshilmang. Dam olish maskani – aholining barcha qatlami uchun birdek mo‘ljallangani uchun narxlar ham hamyonbop bo‘ladi.

Ko‘zlangan manzilga eson-omon yetib borish uchun avtoulovimizni tog‘ yo‘lida sinovdan o‘tkazilganiga alishtirdik. Ishlar qizg‘in. Yo‘l-qurilish va boshqa yuk mashinalar tog‘ cho‘qqisi tomon texnika va boshqa kerakli materiallarini tashishmoqda. Haydovchilari imkon qadar ehtiyotlik bilan bor mahoratlarini ishga solgan holda harakatlanishmoqda. Chunki ular harakatlanayotgan yo‘llarni aslida yo‘l deb ham bo‘lmaydi”, — deyiladi xabarda.

“Ushbu kurort mintaqadagi raqobatchilaridan nimasi bilan farqlanadi? Birinchidan, Biz kurortga eng so‘ngi zamonaviy texnologiyalarni jalb qilganmiz. Qolaversa, qurilish ishlari ham barcha xavfsizlik qoidalariga mos ravishda olib borimoqda. Albatta, ushbu dam olish maskani yevropa talablari darajasidagi kurortlardan biri bo‘ladi. Ikkinchidan, joylashuv. Amirsoy Toshkent shaxri, shu bilan birga aeroportga yaqin hududda joylashgan. Uchinchidan, eng katta yutug‘imiz bu – chang‘i uchishga juda mos keluvchi qor qatlamidir”, – deydi “Amirsoy” tog‘ kurorti direktori Xose Antonio Karniser.

Yuqori balandlikdan – dron orqali olingan tasvir orqaligina keng ko‘lamda olib borilayotgan qurilish ishlarini yaqqol aks ettirish mumkin. Umumiy hisobda uzunligi 3 kilometrdan ortiq 2 ta osma dor yo‘li va jami 10 kilometrli turli murakkablikdagi 8 ta tog‘-chang‘i trassasining qurilish-montaj ishlari ketmoqda. Xullas, qish mavsumida umumiy uzunligi 21,3 kilometr bo‘lgan, turli murakkablikdagi 28 ta relyefli trassa tog‘ chang‘i ustalari va snovbordchilar ixtiyorida bo‘ladi. Kurortda yaratilgan infratuzilma va servis istalgan mehmonga birdek manzur bo‘lishi aniq.

Bundan tashqari, 15-dekabrga qadar 2 ta restoran, tog‘ chang‘isi va boshqa vositalarni ijaraga berish punktlariga ega ko‘p tarmoqli markaz qurib bitkaziladi. Shu kunga qadar loyihaning eng murakkab qismi hisoblangan – tog‘ bo‘ylab harakatlanuvchi kirish va dor yo‘llariga olib boradigan texnologik yo‘laklarni qurish ishlari yakunlangan.

Lekin barcha ishlar ham quruvchilar xohlagandek silliq ketayapti, deb bo‘lmaydi. Chunki kurortga olib boruvchi magistral yo‘l qurilishi hali oxiriga yetkazilmagan. Mavjud yo‘l esa yog‘in-sochin kunlarda loyqa bo‘lib, avtomobil yurishiga imkon bermaydi. Yo‘l qurish vazifasi o‘tgan yilning 14-sentabr kuni Avtomobil yo‘llari Davlat qo‘mitasi zimmasiga yuklatilgan edi. Bir yarim oydan so‘ng dam olish maskani ochilishi kerak, suratga olayotgan kunimizdagi holat bo‘yicha avtomobil yo‘lining uchdan bir qismi o‘tkazilgan edi.

Hozircha, ko‘prik qurilishi oxiriga yetmagani bois, uddaburon avstriyaliklar, azbaroyi ishlarini tezlashtirishlari uchun ko‘rib turganingiz – ulkan chanalarda o‘z yuklarini yuqoriga tortib olishmoqda.

Dor yo‘li o‘z vaqtida ishga tushishi uchun tog‘li hududga yangi elektr uzatish minoralarini o‘rnatish orqali elektr ta’minot masalasini hal etish kerak. Mazkur vazifa hukumat topshirig‘i bilan “O‘zbekenergo” DAKga yuklatilgan edi.

“25-oktabr ya’ni biz tasvirga olgan kunda rejadagi 26 ta elektr uzatish minoralaridan faqatgina 11tasi qurilgan edi. So‘ngi ma’lumotlarga ko‘ra, bu boradagi ishlar jadallashtirilgani bois kurortda yana 9 ta minora qad rostlagan.

Afsuski, ob-havo injiqligi hamda vaqtning tig‘izligi bilan bog‘liq muammolarni hal etishga ba’zan inson qo‘li ojizlik qiladi. Eng yirik turistik obyekt loyihasini belgilangan muddatda ishga tushishi esa – mamlakat ijobiy imijiga daxldor masala. Shuning uchun ham Bosh prokuratura tomonidan tegishli davlat idoralari vakillaridan iborat shtab tuziladigan bo‘ldi. Bu esa qurilish jarayonining o‘z vaqtida borishini nazorat qilish, yuzaga kelgan masalalarni tezkorlik bilan hal etish provardida Amirsoy dam olish maskani o‘z vaqtida ishga tushishiga xizmat qiladi. Kurort rahbariyati ham ishlar jadallashib, 15-dekabr sanasida dor yo‘li va chang‘i trassalari mehmonlar ixtiyorida bo‘lishiga umid qilmoqda”, — deyiladi xabarda.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (6-11-2018, 15:30)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 64) ( 0) ( 63) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют