» » Samarqandda qoramollari o‘g‘irlangan fuqarolar tergovchi asosiy o‘g‘rini yashirayotganidan shikoyat qilmoqda

Samarqandda qoramollari o‘g‘irlangan fuqarolar tergovchi asosiy o‘g‘rini yashirayotganidan shikoyat qilmoqda


“Daryo” saytida Samarqand viloyati Urgut tumani Baxrin qishlog‘ida yashovchi 18 nafar fuqarolarning 35 ta qoramollari yo‘qolganligi to‘g‘risidagi murojati asosida “Urgut tuman ichki ishlar xodimlari o‘g‘irlikka sherikmi?” sarlavhasi ostida maqola e’lon qilingan edi. “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayevning jurnalistik surishtiruvi asosida e’lon qilingan maqoladan so‘ng Samarqand viloyat IIB mazkur masalani atroflicha o‘rganib, mol o‘g‘rilarini topishga muvaffaq bo‘lgandi.

Biroq, Urgut tumani Baxrin qishlog‘ida yashovchi 18 nafar fuqaro jinoyatni ochishda tergovchi bir tomonlama yondashganligi, ular qoramollarni cho‘ponning hududidan o‘g‘irlagan asosiy o‘g‘rini yashirayotganligini bildirib yana “Daryo”ga murojaat qilishdi.

– Internet-nashringizda bizning murojatimiz e’lon qilinganidan so‘ng 4 oy davomida ortga surilib kelingan qidiruv birdaniga jonlanib ketdi. Biz bundan xursand bo‘lib endi mollarimiz topiladi deb turgan edik. Ammo jinoyat ishini o‘rgangan Samarqand viloyati IIB huzuridagi tergov bo‘limi tergovchisi J.Xonnazarov Urgut tuman Qoratepa POM boshlig‘i Alisher Egamberdiyev va jinoyat ishlari bo‘yicha mas’ul Otamurod Qurbonovning topshirig‘i asosida tergovni olib bordi. Natijada mollarni cho‘ponning hududidan o‘g‘irlab chiqqan asosiy o‘g‘ri qolib, boshqa shaxslarning bo‘yniga ayblov qo‘yishdi.

Anvar Rustamov

Samarqand viloyati IIB huzuridagi tergov bo‘limi tergovchisi J.Xonnazarovning jinoyat ishida ayblovni to‘ldirish to‘g‘risidagi qarorida yo‘qolgan qoramollarni Nurbek Yoriqulov hamda Sardor Hamroqulov o‘g‘irlaganligi bayon etilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Nurbek Yoriqulov oilali, ikki nafar farzandning otasi. Sardor Hamroqulov esa uylanmagan.

“Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev mazkur jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan fuqarolarning yaqinlari bilan uchrashib, ularning fikrlarini tingladi.

– Turmush o‘rtog‘im haqiqatda o‘g‘irlangan mollarni sotib bergan. Ammo negadir ushbu jinoyat ishi yuzasidan tergovni amalga oshirgan tergovchi cho‘ponning podasidan mollarni olib chiqib bergan shaxsni jinoyat ishiga aralashtirishni istamay, uni o‘g‘irlaganligini yashirmoqda. Turmush o‘rtog‘im o‘zi qilgan jinoyatiga yarasha jazosini olsin. Ammo nega tergovchilar asosiy o‘g‘rini yashirayotganligini tushunmayapman. Axir mollarni tog‘dagi podadan olib tushgan shaxs boshqa ekanligini hamma biladi. Nahotki tergovchi buni inobatga olmasa.

Maftuna Ochilova, Nurbek Yoriqulovning turmush o‘rtog‘i

Maftuna Ochilovaning ma’lum qilishicha, IIB xodimlari tergov davomida turmush o‘rtog‘i bilan uni uchrashtirmagan. Dastlabki tergov jarayonida davlat tomonidan tayinlangan advokat turmush o‘rtog‘ini himoya qilmagan. Maftuna Ochilova turmush o‘rtog‘ini tergov jarayonida so‘nggi bor ko‘rganida, tergov varaqasida keltirilgan ayblovlar noto‘g‘ri ekanligi, unga qo‘l qo‘ymasligini bildirgan. Ammo keyinchalik tergovchi Nurbek Yoriqulovga ayblov xulosasiga qo‘l qo‘ydirib olgan.

– Turmush o‘rtog‘imni urib bo‘yniga ayb qo‘yishgan. Tan jarohati olgan. Oyog‘ida jarohati bor. Tergov jarayonida ikkita barmog‘i singan. Tumanimizdagi “Bog‘ismon” shifoxonasiga olib borib davolashgan. Tergov davomida majburlab qilmagan ishini qildim deb bo‘yniga oldirishgan. Tergov xulosalariga ham o‘z ixtiyori bilan emas, balki tergovchining qistovi asosida qo‘l qo‘ygan. Tergovchi turmush o‘rtog‘imga majburiy tarzda ayblov e’lon qilganligini bir necha bor aytgan bo‘lsak-da, ammo hech bir huquqni muhofaza qiluvchi organ bunga e’tibor qaratmayapti. Tergov davomida turmush o‘rtog‘imni biz bilan umuman uchrashtirishmadi.

Maftuna Ochilova, Nurbek Yoriqulovning turmush o‘rtog‘i

O‘g‘rilikda ayblanayotgan Muhabbat Raimovaning ta’kidlashicha, tergovchining noto‘g‘ri ish yuritishi natijasida o‘g‘li hech qanday sababsiz jinoyatchiga aylanib qolgan.

– Aslida o‘g‘lim mollarni tog‘dan o‘g‘irlab kelgan shaxsning jinoyatiga guvoh bo‘lib qolgan. Voqeaga guvoh bo‘lgan o‘g‘lim tergovchi uchun tayyor o‘lja bo‘ldi. U o‘g‘limni aybdor qilib yubordi. Xuddi Nurbek Yoriqulov singari o‘g‘lim ham majburiy tarzda, aniqrog‘i tergovchining turli qiynoqlaridan so‘ng ayblov xulosasiga qo‘l qo‘ygan. Bu borada o‘g‘limni Kattaqo‘rg‘on shahridagi qamoqxonadan yozgan xatida ham aytib o‘tgan (Tahririyatda ushbu xatdan nusxa bor).

Muhabbat Raimova, Sardor Hamroqulovning onasi

Biz Samarqand viloyat IIB matbuot xizmati rahbari Shirin Normatovaga Nurbek Yoriqulov va Sardor Hamroqulovga tergov davomida tergovchi tomonidan tazyiq o‘tkazilganligi, ular ayblov xulosalariga majburiy tarzda qo‘l qo‘yganliklari yuzasidan Maftuna Ochilova hamda Muhabbat Raimova “Daryo”ga murojaat qilganligini ma’lum qildik. Shirin Normatova yangi qonunga ko‘ra, tergov davomidagi so‘roqlar videotasvirga olinishi, gumonlanuvchilar hech qanday qiynoqqa solinmasligini, bu borada viloyat IIB tergov bo‘limi boshlig‘i aniq ma’lumot berishini bildirib o‘tdi.

Baxrin qishlog‘ida yashovchi 18 nafar fuqaroning ma’lum qilishicha, ularning mollarini o‘g‘irlagan shaxs shu qishloqdagi “Yetti uylik soy” tog‘-yon bag‘rida joylashgan Samarqand davlat universiteti qoshidagi oromgohda xo‘jalik ishlari bo‘yicha mudir bo‘lib faoliyat yuritadi. Ularning fikricha, tergovchi ataylab asosiy o‘g‘rini jinoyatdan yashirmoqda (Qishloq ahli mazkur shaxsning ismini ham aytib o‘tdi. Tahririyat ushbu shaxsga hali ayblov e’lon qilinmagani uchun buni sir saqlashni ma’qul ko‘rdi).

Baxrin mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sherzod Mallayevning ta’kidlashicha, qishloqda 7 nafar cho‘pon bo‘lib, ular har mavsumda qishloq odamlarining mollarini tog‘li hududga chiqarib boqadi.

– Begona shaxsga o‘sha hududni yaxshi biladigan biror kim yordam bermasa, u kelib o‘g‘rilik qilolmaydi. Molni o‘g‘irlangan shaxsni bilamiz. U o‘zimizning qishloqdan. Biz Ichki ishlarga u haqida ham aytdik. Ammo negadir IIB xodimlari asosiy o‘g‘rini chetda qoldirmoqda. Viloyatdan kelgan tergovchi ham Urgut tuman Qoratepa POM boshlig‘i va jinoyat ishlari bo‘yicha mas’ul xodimning topshirig‘i asosida ish yuritdi.

Doniyor Aliyev

Fuqarolarning ta’kidlashicha, ular mazkur ish bo‘yicha viloyat prokuraturasi, IIB, prezident virtual qabulxonasiga murojaat qilgan. Ular qandaydir “samosud” orqali emas, balki amaldagi qonunlar asosida ushbu jinoyat ishini aniqlashda adolat bo‘lishini istashmoqda.

Mollari yo‘qolgan fuqarolar Qoratepa militsiya tayanch punkti rahbari va tezkor qidiruv bo‘lim boshlig‘i tomonidan mazkur jinoyat ishi avvaliga 4 oy davomida ortga surilganligi, so‘ng asosiy jinoyatchi qolib, boshqa shaxslarga ayblov qo‘yayotganligi sababdan bu o‘g‘rilikka ularning ham sherikchiligi bor degan gumonda. Shu sababli ham ichki ishlar xodimlarining bunday xatti-harakati yuzasidan Samarqand viloyat hokimi va viloyat Ichki ishlar boshqarmasi rahbari bilan uchrashish niyatida. Agar shunda ham masala adolatli ko‘rilmasa, Ichki ishlar vaziri bilan uchrashishmoqchi.

Baxrin qishlog‘ida yo‘qolgan 33 ta qoramolni o‘g‘irlashda ushbu qishloqda yashovchi fuqaro ham ko‘maklashganligini qishloq ahli aniq ism-familiyasi bilan aytib bermoqda. U shaxs kimligi Ichki ishlar xodimlariga ham ma’lum. Ammo Qoratepa militsiya tayanch punkti xodimlari va viloyat IIB tergovchisi o‘sha shaxsning nomini yashirmoqda.

“Daryo” mazkur jinoyat bilan bog‘liq tafsilotlarni kuzatib boradi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (21-01-2019, 14:29)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 60) ( 0) ( 58) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют